1-topshiriq 1. Mustaqillik deklaratsiyasi va uning tarixiy ahamiyati. O‘zbekiston xalqining istiqlolga bo‘lgan intilishi, orzu-umidlari ro‘yobi ifoda etilgan Mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda e’lon qilingan. O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy salohiyati jadal o‘sib, jahonda munosib o‘rin egallashida, xalqaro munosabatlarda katta nufuzga ega bo‘lishida mustaqillik arafasidagi og‘ir va mashaqqatli sinovlar, kurashlar, taraqqiyot sari intilishlarning ahamiyati beqiyos ekanini xalqimiz, xalqaro hamjamiyat yaxshi biladi. Mustaqillik deklaratsiyasida o‘zbek xalqining bir necha ming yillar davomida qo‘lga kiritgan davlat qurilishi va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tarixiy tajribasi, an’analari e’tiborga olingan.
O‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va asrlar mobaynida shakllangan boy an’analari, har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashdek oliy maqsadlarni ifoda etgan, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlar va demokratik prinsiplarga asoslangan mazkur huquqiy hujjatning qabul qilinishi bilan O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina bordi.
Shu ma’noda, Mustaqillik deklaratsiyasi o‘zbek xalqining bir necha asrlik orzu-armonlarini ifoda etib, milliy mustaqillik g‘oyasini yanada mustahkamladi, xalqimizning istiqlol sari intilishida o‘ziga xos kuch-qudrat manbai bo‘ldi.
Bu hujjat mamlakatda mustaqillik uchun harakatning turli isyonlar, urushlar va qon to‘kishlar bilan emas, balki qonun ustuvorligi va yuksak tamaddun tamoyillariga amal qilgan holda kechishini ta’minlab berdi. O‘z navbatida, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan munosabatlari rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.