O`ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
MIKROBIOLOGIYADAN AMALIY VA LABORATORIYA MASHG`ULOTLARI UCHUN
O’QUV QO’LLANMA
(to`ldirilgan 2 nashri)
Toshkent - 2010
Ushbu o’quv qo`llanma "Mikrobiologiyadan amaliy mashg`ulotlar" (2000 y)ning ikkinchi to`ldirilgan nashri bo`lib, unda birinchi nashrdagi mikroskopning tuzilishi, har xil preparatlar tayyorlash usullari, bakteriyalarning morfologiyasi va sitologiyasi, tuproqning mikromanzarasi va havo mikroorganizmlarining har tomonlama tahlili, sterillash usullari va boyitilgan mikroorganizmlar kulturasini olish hamda mikroorganizmlarning azot va uglerod almashinuvidagi roli ko`rsatilishidan tashqari mikroorganizmlarni umumiy tavsifi, aseptika texnikasining qoidalari, sof kulturalarni ajratib olish usullari, bakteriyalarning hujayraviy strukturalari va zahira moddalari haqida to`ldirilgan ma'lumotlar hamda ba'zi oziq-ovqat mahsulotlarining mikroorganizmlari haqida qo`shimcha amaliy va laboratoriya mashg’ulotlari haqida ma'lumotlar berilgan.
Adabiyotlar ro’yxati yangi adabiyotlar bilan to`ldirilgan.
O`quv qo`llanma biologiya-tuproqshunoslik fakultetlarining talabalariga mo`ljallangan.
Tuzuvchilar: prof. A.H.Vahobov
dots. T.X.Rasulova
dots. Ya.F.Nizametdinova
dots. M.L.Mansurova
dots. I.A.Muzaffarova
Taqrizchilar: prof. M.M. Raximov
prof. Sh.I. Hakimova
1. MIKROORGANIZMLARNING UMUMIY TAVSIFI Mikroorganizmlar juda mayda mavjudodlar bo`lib, ularni oddiy ko`z bilan ko`rib bo`lmaydi. Ular bir-biridan morfologik, fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari bilan farqlanadi. Hujayraviy tuzilishga ko`ra barcha mikroorganizmlar prokariotlarga va eukariotlarga ajratiladi. Prokariotlarning yadro apparati "nukleoid" deb nomlanib, ko`pincha, u bitta xromosoma tutadi, halqasimon bo`lgan DNK molekulasidan iborat. Eukariotlarda yadro bir qator xromosomalar tutadi va tsitoplazmadan membrana bilan ajratilgan bo`ladi. Eukariot va prokariotlarning yadro apparatining tuzilishidagi farqi ularning boshqa xususiyatlari bilan bog`liq.