Ekstrovert va introvert toifali shaxslar
Bu tiplar muloqotga kirisha olish qobiliyatiga ko‗ra farqlanadi. Masalan,
ekstrovert — o‗ta muloqotga kirishuvchan, o‗zini odamlar guruhisiz tasavvur qila
olmaydigan shaxsdir. Uning uchun muloqot haqiqiy ehtiyojidir, boshqalarning uni
tushunish-tushunmasliklaridan qati nazar, u doimo o‗z fikr-istaklarini o‗rtoqlashgisi
keladi. Ekstrovert uchun konkret kim bilandir muloqotda bo‗lish emas, umuman kim
bilan bo‗lsa ham muloqotda bo‗lish xohishi muhim. Shuning uchun ham u umuman
begona odam bilan gaplashib, kirishib keta oladi. Gaplashgisi kelmagan begonaning
psixologiyasini tushunishi qiyin ("Qanday qilib gaplashishni xohlamaslik mumkin?", —
deb uylaydi u). Ekstrovertning qiziqishlari ham tez-tez o‗zgarib turadi, do‗stlari,
o‗rtoqlarini ham almashtirib turishga intiladi. Bundan tashqari, u o‗ta kirishuvchan
bo‗lganligi uchun ham har qanday sharoitda vaziyatdan chiqish usullari to‗g‗risida tez
xulosaga keladi, o‗ta qiziquvchan, dunyoda bo‗layotgan hodisalar, ''mish-mishlar"ni
bilish uning uchun zarur. Ekstrovert kek saqlamaydi, bugun urushgan odami bilan ertaga
hech narsa bo‗lmaganday apoq-chapoq bo‗lib ketishi mumkin.
Introvert esa ekstrovertning teskarisi. U ko‗proq ichki dialog formasidagi
muloqotni afzal ko‗radi, ya‘ni yolg‗izlikda mulohaza yuritish, o‗zi haqida o‗ylash va
shunga o‗xshaganlar uning uchun asosiy ishdir. Shuning uchun ham unda muloqotga
ustanovka juda sust, odamlarning uni tushunmay qolishlaridan doimo xavotirda bo‗ladi.
Introvert kitoblar olami, falsafiy fikrlashlar qulidir, chunki u odamlar guruhida sodir
bo‗lib turadigan ziddiyatlardan cho‗chiydi, o‗zini olib qochadi. Agar muloqotda
bo‗ladigan bo‗lsa, 2—3 kishidan ortiq bo‗lmagan guruhni afzal ko‗radi. Shunda ham har
kuni emas, ba‘zan-ba‘zan uchrashib turish, gaplashganda ham ''shaxsiy" mavzularda
emas, umumiy gaplar haqida suhbatlashishni yaxshi ko‗radi. Chunki u ekstrovertdan farq
qilib, o‗z ''Men"ining boshqalarga o‗xshamasligini doimo esda tutadi. Introvert doimiy
standartlar, belgilangan normalar olamida yashaydi, qiziqqan narsasi bilan umrini
oxirigacha bo‗lsa ham shug‗ullanishga tayyor, umr yo‗ldoshiga sodiq, vafodor.
Do‗stlarga ham xuddi shunday.
Dostları ilə paylaş: |