O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING
1999 -YIL 20 -AVGUSTDAGI
GIDROTEXNIKA INSHOOTLARINING
XAVFSIZLIGI TO’G’RISIDA
QONUNI
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish, qurish,
foydalanishga topshirish, ulardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, tiklash,
konservatsiyalash va tugatishda xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha faoliyatni amalga
oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdir.
2-modda. Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to’g’risidagi qonun
hujjatlari
Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu
Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpog’iston Respublikasida gidrotexnika inshootlari xavfsizligi sohasidagi
munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish Qoraqalpog’iston Respublikasi qonun
hujjatlari bilan ham amalga oshiriladi.
Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston
Respublikasining gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to’g’risidagi qonun
hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro
shartnoma qoidalari qo’llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:
gidrotexnika inshootlari — to’g’onlar (plotinalar), gidroelektr stansiyalar
binolari, suv tashlash, suv bo’shatish, suv o’tkazish va suv chiqarish inshootlari,
tunnellar, kanallar, nasos stansiyalari, suv omborlari qirg’oqlarini, daryolar va kanallar
o’zanlarining qirg’oqlari va tubini toshqin hamda yemirilishlardan muhofaza qilish
uchun mo’ljallangan inshootlar, sanoat va qishloq xo’jaligi tashkilotlarining suyuq
chiqindilar saqlanadigan joylarini o’rab turuvchi inshootlar (ko’tarmalar);
foydalanuvchi tashkilot — tasarrufida (balansida) gidrotexnika inshooti bo’lgan
korxona, muassasa va tashkilot;
favqulodda vaziyat — muayyan hududdagi avariyaga olib kelishi mumkin
bo’lgan, shuningdek gidrotexnika inshootining avariyasi natijasida vujudga kelgan
bo’lib, odamlar qurbon bo’lishiga, odamlar sog’lig’iga yoki atrof tabiiy muhitga zarar
yetkazilishiga, jiddiy moddiy talafotlarga va odamlarning hayot faoliyati sharoitlari
buzilishiga olib kelishi mumkin bo’lgan yoki olib kelgan vaziyat;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi — gidrotexnika inshootlarining odamlar
hayoti, sog’lig’i va qonuniy manfaatlarini, atrof tabiiy muhit va xo’jalik ob’yektlarini
muhofaza qilishni ta’minlash imkonini beruvchi holati;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi deklaratsiyasi — gidrotexnika inshootining
xavfsizligi asoslab beriladigan hujjat;
gidrotexnika inshootining xavfsizligi mezonlari — gidrotexnika inshooti
holatining va undan foydalanish shartlarining gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining
yo’l qo’yiladigan darajasiga muvofiq miqdor va sifat ko’rsatkichlarining cheklangan
qiymatlari;
gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining yo’l qo’yiladigan darajasi —
gidrotexnika inshooti avariyasi xavfining normativ hujjatlar bilan belgilangan qiymati.
Dostları ilə paylaş: |