TILSHUNOSLIK FANINING SHAKLLANISH TARIXI. QADIMGI HIND, GREK VA RIM TILSHUNOSLIGI
REJA: 1. Тilshunoslik fanining shakllanish tarixi.
2. Qadimgi hind tilshunosligi.
3. Antik davrda grek tilshunosligi.
4. Rim tilshunosligining rivojlanishi.
5. Qadimgi xitoy tilshunosligi
TILSHUNOSLIK FANINING SHAKLLANISH TARIXI Lingvistik ta’limotning vujudga kelishi va rivojlanish jarayoni qariyb 3 ming yillik tarixni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, til haqidagi fan faqat XIX-XX asrlardagina mustaqil fan sifatida shakllandi. Aniqrog‘i, tilshunoslik O‘rta Osiyoda XI-XV asrlarda, Yevropada esa XIX asrning boshlaridan boshqa fanlar qatorida mustaqil fan sifatida tan olindi. Ammo insonlarning til ilmiga qiziqishlari ancha ilgari boshlangan bo‘lib, tilshunoslikning ildizlari taxminan eramizdan avvalgi VI ming yillikda Hindistonda, IV ming yillikda Yunonistonda, III ming yillikda shumerlar yashagan Mesopotamiyada, II ming yillikda misrliklarda, eramizning I ming yillik boshida Turon qabilalarida vujudga kelgan.
Eramizdan oldingi VI asrlarda Xitoyda mashhur faylasuf Konfutsiy (554-449 yy.) tomonidan yozilgan solnomalarda qadimgi xitoy yozma yodgorliklari haqida ma’lumotlar berilgan. “Bahor va kuz” deb atalgan ushbu asarlarda eramizdan oldingi 722-481 yillar orasidagi davrlar aks ettirilgan. Qadimgi xitoyliklar eramizdan 10 asr ilgari lug‘at tuzganlar, eramizning boshlarida esa ular sinonimlar lug‘atini ham tuzganlar. Keltirilgan dalillar tilshunoslik fanining shakllanish davri nihoyatda uzoq va murakkab tarixiy yo‘lni bosib o‘tganligini ko‘rsatadi.
Tilshunoslik fanining eng qadimgi manbalari 2 mintaqada, 2 xil madaniyat o‘chog‘ida, ya’ni qadimgi Sharq - Hindiston va Arabiston hamda qadimgi G‘arb - Yunoniston va Rimda vujudga kelgan. Shuning uchun tilshunoslik fanining tarixiy yo‘lini qadimgi tilshunoslik, o‘rta asrlar tilshunosligi, XIX asr tilshunosligi va zamonaviy tilshunoslik kabi tarixiy-xronologik davrlarga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq.