Takrorlash uchun savollar
1. O‘z sohangizga tegishli, zamonaviy o‘lchash tizimlari haqida nimalarni bilasiz?
2. Sun’iy ong (intellekt) deganda nimani tushunasiz?
3. Mexanizatsiyalash, avtomatlashtirish va avtomatik atamalarga tavsif bering va ularning o‘xshash hamda tafovutli tomonlarini tushuntiring.
4. Informatsion tarmoq nima?
5. Zamonaviy o‘lchash tizimlarini qanday tasavvur qilasiz?
12-Ma’ruza. Standartlashtirish
Reja.
12.1. Standartlashtirish haqida. “Standartlashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni.
12.2. Standartlashtirishning maqsad va vazifalari.
12.3. Standartlashtirish bo‘yicha asosiy atamalar va tushunchalar.
12.4. O‘zbekiston Respublikasida standartlashtirish xizmati.
Tayanch so‘zlar: standart, texnikaviy shart, standartlashtirish, standartlashtirish ob’ekti, me’yoriy hujjat.
12.1. Standartlashtirish haqida
Faraz qilaylik, endi dam olay deb, dam olish xonasiga kirib, chiroqni yoqqan edik, lip etib yondi-yu, o‘chdi. Nima qilamiz? Darxol boshqa lampochkani olib, almashtiramiz. Xo‘sh, buni nimasi g‘ayri tabiiy? Siz bunda kuygan lampochkani o‘rniga boshqasi aynan, ham kuchlanish bo‘yicha, ham quvvati bo‘yicha, ham o‘lchamlari bo‘yicha to‘g‘ri kelishini ostida qanchalar inson mehnati yotganligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Odatda biz standart bo‘yicha degan iborani ko‘p ishlatamiz.
Xo‘sh standart nima? Standart so‘zi inglizcha “Standart” so‘zdan olingan bo‘lib, me’yor, o‘lcham, andoza degan ma’nolarni bildirib me’yoriy hujjat nomi bilan yuritiladi. Standart - bu ko‘pchilik manfaatdor tomonlar kelishuvi asosida ishlab chiqilgan va ma’lum sohalarda eng maqbul darajali tartiblashtirishga yo‘naltirilgan hamda faoliyatning har xil turlariga yoki natijalariga tegishli bo‘lgan umumiy va takror qo‘llaniladigan qoidalar, umumiy qonun-qoidalar, tavsiflar, talablar va usullar belgilangan va tan olingan idora tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatdir.
Standartlar fan, texnika va tajribalarning umumlashtirilgan natijala-riga asoslangan va jamiyat uchun yuqori darajadagi foydaga erishishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
Standartlar darajasiga qarab, halqaro, mintaqaviy davlatlararo, milliy va korxona miqyosida faoliyat ko‘rsatadi.
Davlat standartlari mahsulotni ishlab chiqish va uni ishlab chiqarishga qo‘yish bosqichida yangi mahsulotlarning yuqori sifatli turlarini yaratish va o‘zlashtirishni tezlashtirishga, ishlab chiqaruvchi, tayyorlovchi va iste’molchi oralaridagi munosabatlarni yaxshilashga yo‘naltirilgan.
Standartlashtirish tizimi yangi buyumga o‘z vaqtida yuqori sifatli loyiha - konstruktorlik hujjatlar berish, korxonaning yangi mahsulotini berilgan sifat ko‘rsatkichlariga asosan tayyorlashni va kerak bo‘lsa mahsulotning ishlab chiqarishdan olib tashlashni belgilaydi.
Standartlashtirish mahsulot muomalada bo‘lganida va sotish bosqichlarida mahsulotni joylashtirish (upakovka) da yaxshi tartib va sharoitlar yaratishga, yuklashga va joylashtirishga, saqlashga, omborlarda mahsulot sifatini buzilmay saqlashga, transportda olib yurishda, buyumni tarqatish, sotish tashkilotlariga talablar belgilaydi.
“Standartlashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni
Prezidentimiz tomonidan 1993 yilning 28 dekabrida imzolangan “Standartlashtirish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni standartlashtirish bo‘yicha qoidalar, me’yoriy hujjatlar, standartlar ustidan davlat nazorati, unga doir ishlarning moliyaviy ta’minoti va ularning hayotga tadbiq etilishi, standartlashtirish bo‘yicha ishlarni o‘tkazishning yanada yuqoriroq rivojlanish bosqichiga ko‘tarilishiga asos bo‘ldi.
“Standartlashtirish to‘g‘risida” qonun 5 bo‘limdan iborat bo‘lib, bu bo‘limlar 12 moddani o‘z ichiga olgan. Respublikamizda standartlashtirish tizimi, standartlashtirish ishlarini o‘tkazish, qonun hujjatlari, xalqaro shartnomalar, me’yoriy hujjatlar, davlat nazorat organlari, davlat inspektorlari, ularning huquqlari va javobgarligi, standartlashtirish va nazorat qilishga doir ishlarning moliyaviy ta’minoti, standartlarni qo‘llashni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ma’lumotlar berilgan.
Qonunga muvofiq standartlashtirish ishlarini o‘tkazishning umumiy qoidalarini, manfaatdor tomonlarning davlat boshqaruv organlari, jamoat birlashmalari bilan olib boriladigan hamkorlikdagi ishining shakl va usullarini “O‘zstandart” agentligi belgilaydi.
Respublikamizda standartlashtirish ishlarini o‘tkazish-ning umumiy texnik qoidalarini tartibga solib turuvchi davlat standartlashtirish tizimi faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, qonunga muvofiq davlat boshqaruv organlari o‘z vakolatlari doirasida standartlar va texnik shartlarni ushbu qonunni qo‘llashga doir yo‘riqnomalar va izohlarni ishlab chiqadilar, tasdiqlaydilar, nashr etadilar. Standartlarni nashr qilish va qayta nashr etishni ularni tasdiqlagan organlar amalga oshiradilar.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida standartlashti-rishga doir me’yoriy hujjatlar, shuningdek standartlashtirish qoidalari, normalari, texnik-iqtisodiy axborot klassifikator-larini ishlab chiqish va qo‘llash tartibi “O‘zstandart” tomonidan belgilanadi.
Qonunning II bo‘lim 6-moddasiga binoan standartlashti-rishga doir me’yoriy hujjatlar vatanimiz hamda chet el fan va texnikasining zamonaviy yutuqlariga asoslangan va O‘zbekiston Respublikasining manfaatlari himoya qilinishini va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobat qila olish imkonini ta’minlash uchun asosli hollarda standartlarda istiqbolga mo‘ljallangan, an’anaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan ildamlashgan dastlabki talablar belgilab qo‘yilishi alohida ko‘rsatilgan.
Qonunda davlat yo‘li bilan stndartlashtirish va nazorat qilishga doir ishlarning moliyaviy ta’minoti, mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshirayotgan va mahsulotlarni standartlarga muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash huquqini olgan xo‘jalik faoliyati sub’ektlarini iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan.
Dostları ilə paylaş: |