1- amaliy mashg\'ulot. Mavzu Gulxaniy va uning Zarbulmasal a
9. Gulxaniyning «Zarbulmasal» asarida badiiy san’atlarning qo’llanish tamoyillari. Javob. Gulxaniy asarlari faqat g`oyaviy mazmuni bilangina emas, balki badiiy tili va uslubi bilan ham o`sha muhitdagi adabiyot vakillari
ijodidan keskin farq qiladi. Chunki Gulxaniy asarlarining, ayniqsa,
“Zarbulmasal”ning tili o`sha vaqtlardagi jonli xalq tiliga yaqin
bo`lishi bilan diqqatga sazovordir.
Gulxaniy xalq ommasiga manzur bo`lgan asarlarini yozishda
faqat xalqning jonli tili va og`zaki ijodiyotiga tayanib qolmadi, balki
o`zbek mumtoz adabiyoti vakillari Alisher Navoiy va Zahiriddin
Muhammad Boburning ijodiy tajribalaridan, nasrdagi mahoratidan
bahramand bo`ldi. Ayniqsa, Alisher Navoiyning nasriy asari –
“Mahbub ul-qulub” Gulxaniyning “Zarbulmasal” ni yaratishiga
samarali ta`sir etdi.
“Zarbulmasal”ning tili va muallif uslubi ustida so`z borar ekan,
“Echkining oti Abdulkarim bo`larga so`z kerak”, “Sening
kordonlig`ing kulol mo`ndida suv ichgandek ekan”, “Og`zi oshga
etganda burni qonagan men bo`ldim”, “Xom tarvuzni qo`ltig`ingga
olma” kabi iboralarni eslatib o`tamiz. Bunda Gulxaniyning maqol va
masallardan aniq ifodalar va iboralar ijod etishdagi mahorati yaqqol
ko`zga tashlanadi, ko`rinadi. U xalq askiya va yumori tajribasidan
foydalanib, qiziqarli lavhalar ham chizdi. Buni Boyo`g`li uyidagi
bazmning tarqalishi tasvirida ravshan ko`rish mumkin: “Alqissa,
zamondin keyin bazmlari tuganib, mug`anniylar olganlariga quvonib,
oroyish uzilib, ma`raka buzilib, el oyog`i tinib, orom uchun etikdan
oyoq… chiqardilar”. Bundan tashqari, “Zarbulmasal”dagi
voqealarning mantiqiga bog`lanib kelgan “Yapaloq sha`n-shavkatlar
bilan to`y olib keldi”, “Og`zingizdan o`rgulay, to`ram”, “Bo`rimisiz,
tulki?” kabi iboralar aniq hamda “teva”, “tushov”, “palos”, “taqiya”
kabi xalq orasida keng tarqalgan nomlar Gulxaniyning katta hayotiy
va ijodiy tajribaga ega bo`lganini, asar tilining boyligi, ommabopligi
va uslubining ravonligini ravshan ko`rsatadi.
Gulxaniy “Zarbulmasal”da tabiat manzaralarini turli badiiy
bo`yoqlarda ustalik bilan tasvirlab bera olgan:
Bor edi ko`p ne`mati alvonlari,
Xurramu ma`mur edi hayvonlari
Zulf kabi sunbuli xushbo`ylari,
Rohatijon erdi oqar suvlari.
“Tuya bilan Bo`taloq” masalidagi tabiat tasvirini ko`zdan
kechiraylik:
Fasli tamuz erdi, havo ko`p isig`,
Yo`lda temurdek edi qumlar qiziq…
Gulxaniy voqea tasviriga ustalik bilan yumorga xos ruhni
kiritadi. Masalan, yozuvchi Xolboqi misgarning “Ey tosh kemirgur
nafas… meni namozxon aylading”, deb o`z nafsiga qilgan malomati,
Muhammad Qosimning mardikor do`ppisini tortib olib: “Mening
do`ppimning tovonini sen berursan” deb qilgan da`vosi, Yodgor
po`stindo`zning “Chokdan musht o`tmasa yaxshi tikish” degan javobi
engil kulgiga sabab bo`ladi. Bu hol muallifning yumordan ham
ustalik bilan foydalana olish mahorat egasi ekanligidan dalaolat
beradi.
“Zarbulmasal”ning kompozitsiyasi hikoya ichida hikoyalar
san`atkorona ulanib kelgan ertaklarning kompozitsion qurilishiga
o`xshab ketadi. Bir qator masallar asosan voqea bilan bog`lanadi,
syujet qismlari (voqea tuguni, rivoji, kulminatsion nuqtasi va echimi)
ixcham va bir butunlikni tashkil etadi.
Gulxaniy atoqli masalchi yozuvchidir. Butun hayotini mehnat
bilan o`tkazgan Muhammad Sharif Gulxaniy mehnatkash xalq bilan
birga bo`ldi, unga sodiq qoldi. O`z ijodini xalq hayotini, uning orzu-
armonlarini aks ettirishga bag`ishladi.
Gulxaniy ijodining xalqchiligi shundaki, u xalqni talovchi xon
va beklarni el va yurtga xarobalik keltirgan “boyqushlar”,
“yapaloqlar” deb achchiq kulgi ostiga oladi.
Gulxaniy ijodi to`xtovsiz o`sib, rivojlanib borar ekan, shoir
dastlabki izlanish davridagi saroy adabiyoti ta`sirida paydo bo`lgan
qasidachilik va taqlidchilik illatlaridan qutulib boradi. Xalq hayoti va
ijodi unga katta mahorat maktabi bo`ldi. Bu esa g`oyaviy-badiiy takomilida o`z ifodasini topadi.
Gulxaniy o`zining “Zarbulmasal” asari bilan kamolot
bosqichiga ko`tariladi. Bu asarida u real hayot voqealarini mavzu qilib
oldi, ekspluatator guruhlarning hajviy obrazlarini yaratdi. Voqeiy
epizodlarda o`z davri hayotining manzaralarini yanada
aniqlashtirishga intildi. “Zarbulmasal” da tanqid bilan kulgi, hajv bilan nasihat uyg`unlashib ketadi.
Gulxaniy o`zbek badiiy prozasining rivojiga katta hissa qo`shgan
adib, mohir masalchidir. Uning xalq orasida keng shuhrat qozongan
“Zarbulmasal”i hozir ham kitobxonlarning sevimli asarlaridan biri
bo`lib kelmoqda. Bu asar o`quvchilarda boylar, xonlar yashagan
muhitga qarshi nafrat va g`azabni uyg`otadi, ularni mehnat ahliga
muhabbat, do`stlik, sadoqat, rostgo`ylik va to`g`rilik ruhida
tarbiyalashga munosib hissa qo`shadi.
Umuman olganda, Gulxaniy hozirgi o`zbek bolalar
adabiyotining maydonga kelishida o`z asarlari bilan salmoqli o`rinni
egallagan va hissa qo`shagan adibdir.