Zaruriyat va tasodif. Narsa va hodisalarning mohiyatidan, ularning ichki muhim bog‘lanishlaridan muayyan sharoitda qat’iy ravishda kelib chiqadigan, kelib chiqishi muqarrar bo‘lgan voqea yoki hodisa zaruriyat deb ataladi. Narsa va hodisalarning mohiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, tashqi ta’sir va ikkinchi darajali omillar bilan bog‘liq, bo‘lgan, ayni sharoitda yuz berishi ham, yuz bermasligi ham mumkin bo‘lgan hodisa yoki voqea tasodif deyiladi. Zaruriyat va tasodif o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, biri ikkinchisisiz mavjud bo‘lmaydigan borliqdagi narsa va hodisalarning o‘zgarishi va rivojlanishiga oid aloqadorlikning ikki tomonidir. Ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq va ayni vaqtda bir-biridan farq ham qiladi. Bu farq, avvalo, ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Zaruriyatning bunday o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilar: 1) zaruriyatning sababi o‘zida bo‘ladi, u mazkur narsa yoki hodisaning ichki tabiatidan kelib chiqadi, u mohiyat bilan bog‘liq; 2) zaruriyat narsa va hodisaning muhim, takrorlanib turadigan ichki aloqadorliklarning natijasidir; 3) zaruriyat narsa va hodisaning oldingi bo‘lgan o‘zgarish va rivojlanishlari orqali qonuniy tayyorlangan bo‘ladi; 4) zaruriyat muqarrarlik xususiyatga ega bo‘lib, albatta, yuz beradi; 5) zaruriyat umumiy xarakterga ega; 6) nihoyat, zaruriyat doimo qonuniyat bilan bog‘liq, bo‘ladi.
Imkoniyat va voqelik. Imkoniyat va voqelik o‘zgarish va rivojlanish jarayonidagi narsa va hodisalarning ikki xil davrini, ikki xil holatini, bu davrlarning o‘zaro munosabatini o‘zlarida ifodalovchi kategoriyalardir.
Voqelik — bu hozir real mavjud bo‘lgan, yashab turgan narsa va hodisalardir. Lekin bu hodisalar rivojlanish jarayonida birdaniga hozirgi holatda bo‘lmay, balki dastlab imkoniyat holatida bo‘lgan bo‘lib, ular o‘zlarining ma’lum kelib chiqish davriga, vaqtiga, tarixiga ega. Voqelik o‘zining paydo bo‘lish davridan oldin imkoniyat shaklida mavjud bo‘ladi.
Imkoniyat — bu voqelikning kurtak holdagi ko‘rinishidir, u yuzaga chiqmagan voqelikdir. Shu bilan birga, imkoniyat voqelikni keltirib chiqaruvchi, rivojlanishning ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlari ham bo‘lishi mumkin. Imkoniyat ob’ektiv qonuniyatlardan kelib chiqadi, ular tomonidan yaratiladi.
Imkoniyat va voqelik kategoriyalarining mazmuni ongdan tashqaridagi ob’ektiv olamdan olinadi. Bu kategoriyalar bir butun moddiy yoki ruhiy jarayonning ikki tomonini aks ettiruvchi, o‘zaro dialektik munosabatdagi kategoriyalardir. Shuning uchun imkoniyat va voqelikni bir-biridan farq qilish lozim, chunki ularni aralashtirib yuborish nazariyaning rolini inkor etishga, insonning tabiat va jamiyatni o‘zgartiruvchi faoliyatini tushunmaslikka, amaliqtning ahamiyatini yo‘qqa chiqarishga olib keladi. Ularni aralashtirib yuborish yo‘q narsani bor, deb bilishga, yangining kurash jarayonida eski ustidan g‘alaba qilishni ko‘rmaslikka olib boradi.
Imkoniyatlar yangi, endi vujudga kelayotgan, rivojlanayotgan va eski, umrini tugatayotgan real kuchlar sifatida progressiv va konservativ bo‘lishi mumkin.
Eskilikni ifodalovchi imkoniyat rivojlanish jarayonida voqelikka aylanib qolishi ham mumkin, lekin bu harakatning ichki qonuniyatidan, uning tub xarakteridan kelib chiqmaydi. Shuning uchun eskilikni ifodalovchi imkoniyatning voqe bo‘lishi vaqtinchadir.
Imkoniyat voqelikka birdan aylanmaydi. U eski voqelik ichida, avvalo, kurtak shaklida mavjud bo‘lib, so‘ng rivojlanib borib, tobora reallasha boradi va ma’lum davrda, ma’lum shart-sharoit tufayli voqelikka aylanadi. Imkoniyat reallasha borgan sari, uning mavjud eski voqelik bilan kurashi ham keskinlashib boradi. Shunga ko‘ra, imkoniyatni formal, abstrakt va real imkoniyatlarga ajratib o‘rganiladi. Quruq fikriy izchillik jihatidangina to‘g‘ri bo‘lgan, lekin real asosga ega bo‘lmagan imkoniyat formal imkoniyatdir. Formal imkoniyat ob’ektiv rivojlanish qonuniyatlaridan kelib chiqmaydi. Shuning uchun ham u hech qachon voqelikka aylanmaydi.
Amalga oshishi uchun hali shart-sharoitlar to‘liq yetilmagan, lekin amalga oshishi qonuniy bo‘lgan, narsa va hodisaning o‘zgarish va rivojlanish mantig‘idan kelib chiquvchi imkoniyat abstrakt imkoniyat deyiladi. Abstrakt imkoniyat rivojlanish jarayonida ma’lum ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlar yetilganda, real imkoniyatga aylanadi.
Real imkoniyat — bu rivojlanishning asosiy tendensiyasini ifodalovchi, hozirgi sharoitda uning ichki mohiyatidan kelib chiquvchi imkoniyatdir. Real imkoniyat konkret, ayni vaqtda amalga oshishi mumkin bo‘lgan imkoniyatdir.
Ijtimoiy taraqqiyotda imkoniyatning voqelikka aylanishida ob’ektiv shart-sharoit hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ob’ektiv shart-sharoitlar — bular inson onggidan tashqarida mavjud bo‘lgan shart-sharoitlardir. Biroq jamiyatdagi real imkoniyatlarni voqelikka aylantirishda ongli faoliyatning roli ham g‘oyat kattadir. Buning ma’nosi shuki, jamiyat imkoniyatlarining voqelikka aylanishida sub’ektiv omil muhim ahamiyatga ega. Sub’ektiv omil — bu xalq ommasi, uning ongliligi va aktiv amaliy faoliyatidan iborat. Shuning uchun ham imkoniyat va voqelik dialektikasini o‘rganish masalasi jamiyatni boshqarishda juda katta ahamiyatga ega. Bunda sub’ektiv omil ob’ektiv shart-sharoitlarga asoslanadi. Ularsiz sub’ektiv omilning o‘zi hech narsani yuzaga keltira olmaydi, chunki ob’ektiv shart-sharoitlar sub’ektiv faoliyatga nisbatan birlamchi va belgilovchidir.