Birinchi tamoyil — bu moddiy javobgarlik hisoblanadi, chunki korxona va tashkilotga taalluqli bo‘lgan asosiy va oborot mablag‘lar tegishli moddiy javobgar shaxslar zimmasida bo‘ladi va ular bilan amaldagi qonunlar asosida moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzilib, unda tovar-moddiy boyliklarning to‘liqligini ta’minlash uchun o‘zaro bitim tuziladi.
Moddiy javobgarlik to‘g‘risida tuzilgan shartnomaga rioya qilmaslik oqibatida turli ko‘rinishdagi kamomad va xiyonatlarning kelib chiqishi amaliyotda tasdiqlangan.
Ikkinchi tamoyil — bu inventarizatsiya o‘tkazish komissiyasini to‘g‘ri tashkil qilish, inventarizatorning tegishli kasb bo‘yicha malakaga ega bo‘lishini ta’minlash va bu to‘g‘ridagi Nizom, qoidalarning bo‘lishini nazorat qilish alohida ahamiyatlidir. Inventarizatsiya o‘tkazish komissiyasining a’zolarini to‘g‘ri tanlash yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish, kamomad va xiyonatlarning oldini olish, tovar-moddiy boyliklarining to‘liqligini ta’minlashga yaqindan yordam beradi.
Uchinchi tamoyil — bu korxona va tashkilot rahbarining yoki mulk egasining inventarizatsiya o‘tkazishga bo‘lgan munosabatini to‘g‘ri tashkil qilishdir. Har bir mulk egasi, xo‘jalik yurituvchi subyektning o‘z mulkiga bo‘lgan munosabatining to‘liqligini ta’minlashdagi chora-tadbirlarini aniqlash bilan ifodalanadi.
Тo‘rtinchi tamoyil — inventarizatsiyaning reja asosida tashkil qilinishidir. Bu tamoyil, birinchidan, inventarizatsiya ishlarining bir me’yorda o‘tkazilishini ta’minlasa, ikkinchidan, inventarizatsiyalarning ish unumdorligini oshirish va inventarizatsiya natijalarini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.
Inventarizatsiya o‘tkazish to‘g‘risida tuzilgan rejaning bajarilishini ta’minlash bu boradagi ishlarning samaradorligini ta’minlaydi.
Beshinchi tamoyil — bu inventarizatsiya ishlarida tejamkorlikka rioya qilishni ta’minlashdir. Inventarizatsiya o‘tkazishda tejamkorlikka erishish birinchi navbatda ish vaqtidan unumli foydalanish bilan bog‘liqdir. Inventarizatsiya ishlarining belgilangan muddatlarda boshlanishi va tugallanishini nazorat qilish komissiya raisi zimmasiga, tashkilot rahbari va bosh buxgalteri zimmasiga yuklatilgandir.
Hozirgi sharoit har bir mulk egasini tadbirkor, tejamkor bo‘lishga, mulkka bo‘lgan munosabatni yaxshilashga, mulkning to‘liqligini nazorat qilishga undaydi. Korxona va tashkilotlarning mulki tegishli moddiy javobgar shaxslar zimmasida bo‘lib, ular mulkning to‘liqligini ta’minlash uchun javobgar shaxslar deb hisoblanadilar.
Mulkning to‘liqligi har tomonlama nazorat qilib boriladi, chunki mulk harakati, turlari bo‘yicha sintetik va analitik schotlarida buxgalteriyada nazorat qilinsa, ikkinchidan, moddiy javobgar shaxslarning hisobotlarida o‘z ifodasini topadi. Lekin buxgalteriya schotlaridagi ma’lumotlar bilan tovar hisobotidagi ma’lumotlar birbirini tasdiqlashi mumkin, ammo haqiqatda mulkning to‘liqligini ta’minlaganmi, yo‘qmi bu holatga aniqlik kiritish maqsadida inventarizatsiya qilinadi.
Iqtisodiy adabiyotlarda (buxgalteriya hisobi) inventarizatsiya so‘zini „ashyoviy dalil“, yo‘qlama qilish, „ taqqoslash“ kabi so‘zlar bilan almashtirish hollari mavjud, bunday hol xatolikka, buzib ko‘rsatishga olib keladi, xolos.
Bizning fikrimizcha, inventarizatsiyaga quyidagicha ta’rif berilsa maqsadga muvofiqdir.
Inventarizatsiya deb, tegishli moddiy javobgar shaxs zimmasidagi tovar-moddiy boyliklarning to‘liqligini son va sifat jihatidan aniqlab, buxgalteriya yozuvlariga asosan natijalarni aniqlashga aytiladi. Inventarizatsiya yordamida moddiy javobgar shaxs zimmasidagi tovar-moddiy boyliklar son-sifat jihatidan o‘rganilib, ularning iste’molga yaroqliligini aniqlash bilan birga hisobot bo‘yicha ham to‘liqligi hisob-kitob qilinadi.
Inventarizatsiya o‘tkazish yo‘li bilan korxonaga taalluqli bo‘lgan moddiy boyliklarning to‘liqligi ta’minlanadi. Inventarizatsiya to‘liq, qisman, tanlab olingan holda o‘tkazilishi mumkin.
Тo‘liq inventarizatsiya o‘tkazish rahbar tomonidan maxsus yozma farmoyish berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Qisman o‘tkaziladigan inventarizatsiya, asosan, baholarning o‘zgarishi amalga oshirilganda o‘tkaziladi va ma’lum bir tovar turi bo‘yicha uning natijalari aniqlanadi.
Тanlab olgan holda o‘tkaziladigan inventarizatsiyalar ko‘p holda tashkilot rahbari yoki bosh buxgalter tomonidan o‘tkaziladi. Inventarizatsiya o‘tkazishda tegishli javobgar shaxs zimmasidagi mulk to‘liq sanalib, tortilib hisob-kitobi pul birligida aniqlanadi.
Inventarizatsiya to‘satdan o‘tkaziladi, demak, tuzilgan rejadagi muddatlar faqat bosh buxgalter va tashkilot rahbariga ma’lum bo‘lishi kerak, boshqa xodimlardan bu reja sir tutiladi. Ayrim holda inventarizatsiya sud-tergov organlari, moliya-soliq qo‘mitalari tomonidan ham o‘tkazilishi mumkin.
Rejalashtirilmagan inventarizatsiya ishlari tabiiy ofatlar natijasida, o‘g‘irlik, moddiy javobgar shaxslarning ish faoliyatida nojo‘ya harakatlar to‘g‘risida ma’lumotlar olinganda o‘tkazilishi mumkin. Chakana savdo tashkilotlarida buxgalteriya hisobining navbatdagi vazifasi tovar va moddiy boyliklarning to‘liq saqlanishini nazorat qilishdir. Bunda tovarlarning qabul qilinishi va sotilishi, inventarizatsiyani o‘z vaqtida o‘tkazishni talab qiladi.
Chakana savdo tashkilotlarida tovarlarning to‘liqligini ta’minlashda moddiy javobgarlikni to‘g‘ri tashkil qilish alohida ahamiyatlidir, chunki tovarlarning to‘liqligini ikki tomonlama nazorat qilinadi. Birinchisi moddiy javobgar shaxsning hisobotida, ikkinchisi esa buxgalteriya yozuvlarida olib boriladi.
Buxgalteriya hisobi yordamida tashkilotning xo‘jalik faoliyati har tomonlama o‘rganiladi va tegishli mablag‘larning harakati ularning joylanishi va tashkil topish manbalari bo‘yicha tartibga solinadi.
Savdo tashkilotlarida mulk shaklining o‘zgarishi bilan buxgalteriya hisobini tashkil qilish, mulkning to‘g‘ri hisobini yuritish, uning to‘g‘riligini ta’minlash hozirdagi asosiy vazifalardan biridir.
Chakana savdo tashkilotlarida buxgalteriya hisobi yordamida aholiga sotilgan tovarlar summasi aniqlanadi va bu ko‘rsatkich aholining turmush darajasini o‘z pul daromadining o‘z ehtiyojiga kerakli bo‘lgan tovarga ayirboshlaydi.
Chakana savdo tashkilotlarida tovar oborot rejasining bajarilishi, aholining xalq iste’moli tovarlariga bo‘lgan talabini to‘liq bajarishga ijobiy ta’sir qiladi hamda savdo tashkilotlarining ba’zi ko‘rsatkichlariga, shu jumladan, muomala xarajatlarini kamaytirishga, rentabellik darajasini va moliya natijalarini yaxshilashga, daromad summasining ko‘payishiga olib keladi.
Buxgalteriya hisobining asosiy vazifasi, tovar oborot rejasining to‘liq bajarilishini nazorat qilib borish va savdo shoxobchalarida ehtiyot tovarlarini belgilangan assortimentda bo‘lishini ta’minlashdir. Bunday nazoratni shartnoma shartlarining bajarilishini, tovar, kassa hisobotlarini tekshirish va shu hisobotlar yuzasidan yozilgan hisob ko‘rsatkichlarining to‘g‘riligini aniqlash orqali amalga oshirish mumkin.
Hisob xodimlari tovarlarning o‘z vaqtida va sifatli qabul qilinishini, tovar yuboruvchilarga sifatsiz tovar yuborilganligi uchun qilingan da’vo summalarini o‘z vaqtida to‘lashlarini hamda tovar yuboruvchilarga ortiqcha to‘langan summalarini o‘z vaqtida undirib olishni ta’minlashlari zarur. Bu esa buxgalteriya hisobi oldiga da’vo muddatlarining o‘z vaqtida bajarilishini tekshirishni va tegishli jarima summalarini belgilangan muddatlarda undirib olishni tekshirish vazifasini qo‘yadi.
Chakana savdo tashkilotlarida belgilangan miqdorda ehtiyot tovarlarining bo‘lishi aholining xalq iste’moli mollariga bo‘lgan talabining uzluksiz bajarilishini ta’minlaydi. Lekin chakana savdo tashkilotlaridagi ehtiyot tovarlarining miqdori belgilangan limitdan ortib ketishi mumkin emas. Ayrim hollarda ehtiyot mollarining belgilangan limitdan ortib ketishi savdo tashkilotlarining ish faoliyatini susaytiradi va moliyaviy qiyinchiliklarga qo‘shimcha xarajatlar qilishga olib keladi.
Sistematik tarzda ehtiyot tovarlarining holatini aniqlash tovar hisobotlari orqali olib boriladi.