DO‘STLIK BOG‘I – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Mazkur so‘z birikmasi do‘stlik va bog‘ so‘zlarining qo‘shilishidan hosil.
ESABIY – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Mazkur nom aslida shu yerlarga qadimda egalik qilgan beklarning nomidan kelib chiqqan. Esabiy nomi Isabiyning dialektal shakli bo‘lsa kerak.
ESHIMJIRON – qishloq. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Bu toponimning kelib chiqishi haqida turli xil farazlar mavjud. Bulardan biri shuki, bu yerda Eshim degan kishi yashagan bo‘lib, u jayron ovlashga qiziqqan. Uni hamma Eshim jayron deb atagan. Mana shu jumlaning talaffuzda buzilishidan Eshimjiron atamasi kelib chiqqan. Professor Z.Do‘simov ushbu terminni yorgan/yorg‘an so‘zi bilan bog‘liq deb ko‘rsatadi: Eshimjarg‘an/ Eshimjaran/ Eshimjiron. Bizningcha, bu topoantroponim bo‘lsa kerak, chunki Eshim nomidagi m harfi Muhammadning qisqargan shakli bo‘lib, aslida ushbu nom Eshmuhammad ismining dialektal variantidir.
FIDOKOR – Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi mahallaning nomi. Ushbu termin mustaqillik yillarida nomlangan yangi toponim hisoblanib, u “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “biror kimsa, narsa yoki e’tiqod yo‘lida o‘z jonini qurbon qiladigan”, degan ma’nolarni ifodalashi qayd etiladi.
GULSHAN – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan va Bog‘ot tumanlari. Mazkur termin “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “gul bilan qoplangan, gulzor, chamanzor” ma’nolarini ifodalovchi forsiy so‘z asosida hosil qilingan joy nomidir. Aynan shunday nomli toponimlar Farg‘ona viloyatidagi qishloq va mahallalar nomlarida ham uchrashini qayd etish lozim.
ISHONCH – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Ushbu so‘zning “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ikkita ma’nosi qayd etiladi: a) ishonish hissi, tuyg‘usi; b) e’timod etilgan, suyanilgan, umid bog‘langan shaxs yoki narsa tushunchalarini ifodalab, har ikkala ma’nosini ham nazarda tutgan holda qo‘yilgan nom.
MADADKOR – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Mazkur termin mustaqillik yillarida berilgan nom bo‘lib, u “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da madad beruvchi, madad qiluvchi; yordam, ko‘mak ko‘rsatuvchi ma’nolarini ifodalaydi.
MARBUGAT – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Marbugat termini tarixiy nom hisoblanib, aslida, Morbo‘gat shaklida yozilishi kerak bo‘lib, forscha mor – ilon degan ma’noni va bo‘gat so‘zi esa sof turkcha hisoblanib, suv yo‘lidagi to‘siq ma’nosini ifodalaydi.