SHOLIKOR – qishloq. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Ushbu termin so‘z sifatida sholi ekib, guruch yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi dehqon ma’nosini bildirib, mazkur hudud faqatgina sholi yetishtirishga mo‘ljallangan bo‘lgani uchun ham qishloq shunday nomlangan.
CHAKKALAR – mahalla. Xorazm viloyati Gurlan tumani. Mazkur toponim yuzasidan turlicha variantlar mavjud bo‘lib, birinchisi, Gurlan tumani mahalliy aholisining so‘zlariga qaraganda, shaxs laqabi bo‘lgan “chakka” so‘zi asosida hosil qilingan nom; ikkinchisi, aholining chekka hududlarda yashashini inobatga olib, dialektal variant hisoblangan Chakkalar deb atalgan bo‘lishi ham mumkin, uchinchisi, manbalarda u chek so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, xonlarning yer ajratmasi, ularning oila a’zolari, sud amaldorlari, ruhoniylar va boshqa e’tiborli shaxslar bo‘lganligini qayd etish mumkin.
CHINOBOD – Andijon viloyatining Baliqchi tumani, Toshkent viloyatining Qibray tumani, Samarqand viloyatining Poyariq tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, Xorazm viloyatining Xiva tumani. Chin – haqiqiy, sof, obod – obod, seraholi (Chinobod – obod aholi punkti). Ushbu nom ham “chem” so‘ziga borib taqaladi. “Chem” va “chim” hamda “chin” so‘zlarining o‘zagi tarixan bitta (Chimkent, Chimqo‘rg‘on, Chinobod). Bizning tekshirishlarimiz xulosasiga qaraganda Chinobod qishlog‘ining tarixi shunday: 1840-yillardan qipchoqlarning urug‘ boshlig‘i Musulmonqul Qoradaryoning hozirgi “Yetti qashqa” qishlog‘i yuqorisidan Baliqchi tomonga Yangi kanal qazdirgan. O‘sha yangi sug‘oruv arig‘i bo‘ylarida Qo‘qondan ko‘chib kelganlar hozirgi Chinobod o‘rnidagi joy atrofini o‘rab yangi qishloqqa asos solganlar (biroq 1880-yildan Qoradaryo suvi kanalga urib ketib, o‘rnida daryoning yangi o‘zani paydo bo‘lgan. Eski o‘zan hozir ham “qolgan daryo" deb ataladi). Surxondaryoda ham Chinto‘qqizobod qishlog‘i bor. Ammo Angor tumanidagi Chinobod nomini “chinrovob" so‘ziga bog‘laydilar. Xorazm viloyatining Gurlan tumanidagi mahalla nomlaridan biri ham Chinobod deb atalgan. Bunday nom respublikamizning ko‘plab hududlarida uchrashini ta’kidlash lozim.
2.O’zingiz yashayotgan tumandani kasb-hunar bilan bog’liq joy nomlarini yozing.