54-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining fiskal agenti vazifalari Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan shartlar asosida faoliyat yuritib, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va davlat boshqaruvi organlarining fiskal agenti sifatida ish yuritishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan emitentlangan qarz majburiyatlarini (qimmatli qog‘ozlarni) joylashtirishda, joylashtirishni ro‘yxatga olishda;
qarz majburiyatlarining (qimmatli qog‘ozlarning) qiymatini, ular bo‘yicha foizlarni va boshqa to‘lovlarni to‘lashda;
qarz majburiyatlari (qimmatli qog‘ozlar) bo‘yicha hisobvaraqlarni yuritishda va ularga doir to‘lov operatsiyalarini bajarishda;
qarz majburiyatlari (qimmatli qog‘ozlar) bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlatning qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va davlat qarzini qaytarish jadvali hamda hajmi masalalari yuzasidan ularning bank tizimi likvidliligiga ta’siri va pul-kredit siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda maslahat beradi.
55-modda. Axborot almashish O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy bank o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida doimiy ravishda tegishli statistik axborot almashishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari Markaziy bankka u o‘z vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy axborotni taqdim etadi.
9-bob. Markaziy bankning kredit tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlari 56-modda. Majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik Markaziy bank va kredit tashkilotlari bir-birining majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi.
57-modda. Banklarning Markaziy bankdagi hisobvaraqlari Markaziy bank banklarning hisobvaraqlarini yuritishga va ulardan depozitlarni qabul qilishga haqli.
58-modda. Markaziy bankning statistik ma’lumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va tarqatishdagi vakolatlari Markaziy bank bank tizimi ehtiyojlari uchun hamda tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan statistik ma’lumotlarni almashish uchun axborot tarmog‘ini yaratadi va saqlab turadi.
Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida statistik ma’lumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va tarqatish qoidalarini tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan kelishib oladi.
Oldingi tahrirga qarang. Markaziy bank o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun tegishli davlat boshqaruvi organlaridan yoki bevosita tadbirkorlik faoliyati subyektlaridan axborotni (shu jumladan maxfiy axborotni) qonunchilikda belgilangan tartibda so‘rab olishga haqli.
(58-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)