Iqtisodiy mazmuniga ko‘ra narxlar quyidagi turlarga ajratiladi:
Ulgurji narxda tovarlar katta miqdorda, ko‘tarasiga sotiladi. Ulgurji narxlar tarkibiga ishlab chiqarish harajatlari va ulgurji-savdo tashkilotlari harajatlari hamda foydasi kiradi.
Chakana narxlarda tovarlar bevosita iste’molchilarga sotiladi. Chakana narx tarkibiga tovarning ulgurji narxi va chakana savdo tashkilotlari harajatlari hamda foydasi kiradi. Shu bilan birga, aholining talabi faqat tovarlarning chakana narxlariga bog‘liq bo‘lib, ulgurji yoki sotib olish narxlarining o‘zgarishi chakana narxlar o‘zgarguncha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholi talabiga ta’sir qilmaydi. Ulgurji narxlarning o‘zgarishi korxonalarning ishlab chiqarish vositalariga bo‘lgan talabiga ta’sir qiladi.
Xarid narxi davlat buyurtmasi bo‘yicha ishlab chiqarilgan tovarlarga belgilanadi.
Dotatsion narx davlat byudjeti hisobidan arzonlashtirilgan narxlardir.
Demping narxlarda ishlab chiqaruvchilar bozordagi mavqeini mustahkamlash va raqiblarini siqib chiqarishda foydalanadi.
Tartibga solinishi darajasiga ko‘ra narxining quyidagi turlari mavjud:
Qat’iy belgilangan narxlar. Bozor kuchlari ta’sir ko‘rsatmaydigan, muayyan vaqt oralig‘ida doimiy bo‘lgan, ma’muriy tarzda o‘rnatiladigan narx.
Yerkin narx. Talab va taklifni muvozanatga kelishi oqibatida vujudga keladigan bozor narxi.
Tartibga solinadigan narxlar. Davlat ayrim tovarlarga narxlarning yuqori (iste’molchi manfaatini ko‘zlab) va quyi (ishlab chiqaruvchi manfaatini ko‘zlab) chegarasini belgilaganda hamda moliyaviy va kreditli dastaklardan foydalanib, narxga ta’sir ko‘rsatganda belgilanadigan narxlar.