Mahsulot ishlab chiqarish rejasida natural ko‘rsatkichlar muhim o‘rin tutadi. Masalan, tonna, metr,
kilobayt, soat, kubmetr kabi ko‘rsatkichlar. Ular yordamida har bir mahsulot turi bo‘yicha kimga
qancha miqdorda mahsulot ishlab chiqarish mumkinligini, mahsulot birligi uchun ketadigan ish
vaqti yoki energiya xarajatlari, mehnat sarf-xarajatlari (xomashyo, materiallar, yoqilg‘i) miqdorining
me’yorini bilish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari natural ko‘rsatkichlar yordamida korxonada
xomashyo materiallarga ishchi-xizmatchilarga bo‘lgan talabni, mehnat haqi to‘lovlari miqdori, har
birining mahsulot uchun mehnat haqi (bahosini) to‘lovini aniqlash, ishlab chiqarishdagi barcha
bo‘g‘inlar (uchastkalar) o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash, ishlab chiqarishni tashkil etish
shakllarini – (konsentratsiyalashtirish, ixtisoslashtirish, kooperativlashtirish, kombinatlashtirish)
tanlash, xomashyo resurslari bilan ta’minlash, ularning zaxiralarini miqdorini aniqlash imkoniyati
yaratiladi. Natural ko‘rsatkichlar korxona va tarmoqlarning o‘ziga xos tomonlarini, xususiyatlarini
ham ifoda etadi. Ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga yordam beradi. Bularning hammasi ishlab
chiqarishni rejalashtirish jarayonida albatta hisobga olinishi zarur. Aks holda ishlab chiqarish
jarayonida yil davomida uzilishlar, turib qolishlar, natijada ish vaqti, dastgohlar unumdorligi,
quvvatidan va boshqa resurslardan foydalanish samarasiz bo‘lib chiqadi, unumsiz xarajatlar paydo
bo‘ladi. Shuning uchun mahsulot miqdorini uning xususiyatlari va sifatini to‘g‘ri va to‘laroq ifoda
etuvchi ko‘rsatkichlar to‘g‘ri tanlab olinishi lozim. Masalan, gazlamalarni pogon va metrlarda,
gilamlarni – kv.m. va dona hisobida, g‘ishtni – donada ishlab chiqarish rejalashtiriladi.
Mashinasozlikda dastgohlar, mashinalar, uskunalarning iste’molga yaroqli xususiyatlarini to‘laroq
ifoda etuvchi ko‘rsatkichlar ishlatiladi. Masalan, yigiruv mashinalari dona hisobidan tashqari ming
yigiruv veretenda o‘lchanadi, o‘zgaruvchan tok generatorlari dona va ming kilovatt, elektrovozlar –
dona va ming ot kuchi, akkumulyatorlar – dona va mln. amper soat, skreperlar – nafar va
cho‘michining hajmi ming kub m. hisobida o‘lchanadi.
Qora va rangli metallurgiyada mahsulot sifatiga bozor tomonidan yuqori darajada talablar
qo‘yilmoqda. Masalan, metall tarkibi sifatini yaxshilash, prokat va trubalarning tarkibida umuman
metall hajmini, tonnadagi og‘irligini kamaytirib, ularning yuqori sifatdagilarini va tonnali
bo‘lganlarini salmog‘ini oshirishga zaruriyat tug‘ilmoqda.
Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish va uni iste’molchiga yetkazib berish ular tarkibida shartli birlik
o‘rniga oziqa moddalar mavjudligini hisobga olgan holda amalga oshiriladi, demak mahsulotning
iste’mol qiymati, iste’molga yaroqlilik darajasi yuqori o‘ringa qo‘yiladi. Buyurtmachilar portfelini
shakllantirishda ular talabiga ko‘ra mahsulot ishlab chiqarish natural o‘lchovlarda (reja tuzishda)
mahsulot turi va navi (nomenklaturasi va assortimenti) tushunchalari muhim ahamiyatga ega
bo‘ladi.
Biz kundalik hayotimizda turli iste’mol ehtiyojlarimizni qondirish uchun turli tovarlar guruhlaridan
ma’lum assortimentdagi tovarlarni tanlaymiz. Tovar iste’molchilar xohishiga qancha ko‘p mos
kelsa, ishlab chiqaruvchi shuncha ko‘p muvaffaqiyatga erishadi. Gap shundaki, ishlab
chiqaruvchilar iste’molchilarni izlab topishlari, ularning talablarini yuzaga chiqarishlari, keyin shu
tovarni yaratishlari va sotishlari zarur.
Dostları ilə paylaş: