Konsentrаtsion stollаrning аfzаllik vа kаmchiliklаri Konsentratsion stolning afzalliklari: boyitishning yuqori samaradorligi, mineral zarrachalar ajralishini yaqqol kuzatish mumkinligi va uni darhol sozlash mumkinligi.
Stolning kamchiliklari: solishtirma ishlab chiqarish quvvatining pastligi, binoning katta maydonini egallashi, sinish oqibatida nisbatan tez-tez ishdan chiqishi, hamma bo’g’imlarini sinchiklab sozlash kerakli
Shlyuzlarda boyitish. Shlyuzlarning texnologik parametrlari va ishlash tartibi Shlyuzlarda boyitish. Sochma kon oltinli rudalarini, volfram, qalay va kamyob metallar rudalarini boyitishda shlyuz deb ataluvchi moslamadan foydalaniladi [1].
Shlyuz - to’g’ri burchak shakldagi qiya tarnovchadan iborat bo’lib, uning tubiga trafaret yoki juni o’sik mato (kiygiz, tuki o’sik movut, g’adir-budir rezina va h.k.) to’shaladi.
Trafaret sifatida yog’och g’o’lalar, to’rtburchak yoki dumaloq g’o’lalardan ko’ndalang kesilgan yog’ochlar ishlatilib, ma’lum oraliqda ko’ndalang qatorlar bo’ylab o’rnatiladi. Shuningdek, metal trafaretlar ham ishlatiladi. Ular suvning uyurma (girdob) oqimini hosil qiladi, g’adir-budir materialdan tayyorlangan qoplamalar esa shlyuzning tubi bo’ylab harakatlanayotgan zarrachalarning qarshiligini oshiradi va quyi qatlamlarda suv harakatini pasaytiradi [1].
Trafaret va qoplamalar shlyuzlar ishining sifat ko’rsatkichlarini belgilovchi muhim omil hisoblanadi.
Trafaretlarning balandligi suv oqimi chuqurligidan katta bo’lmasligi kerak, o’z navbatida u boyitilayotgan mahsulot yirikligiga qarab tanlanadi. Odatda oqim chuqurligi boyitilayotgan mahsulotning eng katta zarrachasi o’lchamidan 2-3 marta katta bo’lishi kerak.
Bo’tana shlyuz bo’ylab harakatlanganda zarrachalar aralashmasining zichligi va yirikligiga qarab ajralishi sodir bo’ladi.
Avval shlyuz tubiga og’ir minerallar cho’kadi. Ular trafaretlar orasida yig’iladi va g’adir-budir yuzada ushlab qolinadi. Yirikroq valun va galkalar hamda yengil zarrachalar suv oqimi bilan shlyuzdan chiqib ketadi.
Vaqt o’tishi bilan trafaretlar orasi va junli qoplama uyalari (ko’zlari) da og’ir mineral zarrachalari yig’iladi. Yig’ilib-yig’ilib oxiri to’liq to’ladi va shlyuzga mahsulot berish to’xtatiladi. Cho’kkan mahsulot shlix deyiladi. Shlix ajratib olinadi.
10.3–rasm. Yirik zarrachali mahsulot uchun shlyuzning sxemasi.
1–bo’shliq; 2–uyurma oqimlar; 3–shlyuz tubi; 4–mat; 5–trafaret; 6–yirik yengil zarracha va uning yo’li; 7–mayda og’ir zarracha va uning yo’li.
I - muallaq holdagi zarrachalar qatlami; II - birlamchi to’planish qatlami; III - oxirgi to’planish qatlami;
Cho’kmani ajratib olish jarayoni chayish deyiladi. Avval yuqori qatlamda qolgan yengil zarrachalarni ajratib olish uchun shlyuzga suv beriladi. Keyin suv berish to’xtatiladi va trafaretni ajratib olishga kirishiladi. Bunda to’plangan mahsulot suv bilan yaxshilab yuvib tushiriladi. Bu mahsulot yog’och yoki metal eshkaklar yordamida shlyuz tubi bo’ylab yuqoriga ko’tarib beriladi (puch tog’ jinslarini ajratish uchun). Yirik bo’laklar qo’l bilan olib tashlab, chiqindilar maydoniga jo’natiladi. Shlyuz tubida qolgan xomaki boyitma alohida idishga yuvib tushiriladi va shlyuz yakunida joylashgan uskunalarga tozalash (dovodka) uchun yuboriladi [5].
Junli matoni yuvish maxsus bakda yuvish orqali amalga oshiriladi. Shlyuzlarda cho’kmani ajratib olish ancha qiyin, ko’p mehnat sarflanadigan jarayon hisoblanib, hozirgi ishlab chiqarilayotgan zamonaviy shlyuzlar avtomatlashtirilgan.
Shlyuzlar 20 mm dan yirikroq mahsulotni qayta ishlash uchun mo’ljallangan chuqur to’ldiriladigan va 20 mm dan maydaroq mahsulotni qayta ishlash uchun sayoz to’ldiriladigan shlyuzlarga bo’linadi.
Mayin zarrachali mahsulotni boyitish uchun ishlatiladigan shlyuzlarga mahsulot (bo’tana) yupqa qatlam bilan beriladi.