Dinning regulyatorlik vazifasi deganda nimani tushunasiz?
Har bir din o’z qavmlari turmushini tartibga solib nazorat qiluvchilik – regulyatorlik vazifasini bajaradi. Dinlar o’z urf-odatlari, marosim va bayramlarining qavmlari tomonidan o’z vaqtida, qat’iy tartibda amal qilishini shart qilib qo’yadi.
Dinning kompensatorlik vazifasi nimalardan iborat?
Har bir din o’z e’tiqod qiluvchilari uchun to’ldiruvchilik, tasalli beruvchilik – kompensatorlik vazifasini bajaradi. Masalan, insonda doimiy ehtiyoj hosil qilish hodisasini olaylik. Inson o’z hayoti, turmush tarzi, tabiat va jamiyat bilan bo’lgan munosabatlari jarayonida hayotiy maqsadlariga erishishi ilojsiz bo’lib ko’ringanida, unda qandaydir ma’naviy-ruhiy ehtiyojga zaruriyat sezadi. Bu diniy ehtiyoj bo’lib, u ma’naviy-ruhiy ehtiyojni qondiruvchi, tasalli beruvchilik vazifasini bajargan va bajarmoqda.
Dinning integratorlik vazifasiga nimalar kiradi?
Din o’z ta’limot tizimini vujudga keltirgach, o’ziga e’tiqod qiluvchilar jamoasini, shu ta’limot doirasida saqlashga harakat qilgan va hozir ham shunday. Bu dinning birlashtiruvchilik – integratorlik vazifasi deb ataladi.
Dinlarni qanday tasniflash mumkin?
Dinlar turli guruhlarga bo’linadi:
Urug’-qabila dinlari – totemistik, animistik tasavvurlarga asoslangan, o’z urug’idan chiqqan sehrgar shomon qabila boshliqlariga sig’inuvchi dinlar. Ular hozir Avstraliya, Janubiy Amerika va Afrikadagi ba’zi qabilalarda saqlanib qolgan:
Milliy dinlar – ma’lum millatga xos bo’lib, boshqa elat vakillari o’ziga qabul qilmaydigan dinlar. Ularga yahudiylik, hinduiylik, konfutsiylik, sintoizm kiradi;
Jahon dinlari – dunyoda eng ko’p tarqalgan, kishilarning millati va irqidan qat’i nazar unga e’tiqod qilishlari mumkin bo’lgan dinlar. Unga buddaviylik, xristianlik va islom dini kiradi.
Dinlar ta’limotiga ko’ra, monoteistik – yakkaxudolik (yahudiylik, islom) va politeistik – ko’pxudolik (hinduiylik, konfutsiylik) dinlariga bo’linadi.