1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va ilm-fan, madaniya-fayllar.org
Globallashuv davrida ma’naviyat sohasida vujudga kelayotgan dolzarb muammolar. “Bugun biz tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan, insoniyat hozirga qadar boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan o‘ta shiddatli va murakkab bir zamonda yashamoqdamiz. Kimdir uni yuksak texnologiyalar zamoni desa, kimdir tafakkur asri, yana birov yalpi axborotlashuv davri sifatida izohlamoqda. Albatta, bu fikrlarning barchasida ham ma’lum ma’noda haqiqat, ratsional mag‘iz bor. Ammo ko‘pchilikning ongida bu davr globallashuv davri tariqasida taassurot uyg‘otmoqda. Bunday ta’rif, menimcha, ko‘p tomondan masalaning mohiyatini to‘g‘ri ifodalaydi. Nega deganda, hozirgi paytda er yuzining qaysi chekkasida qanday bir voqea yuz bermasin, odamzot bu haqda dunyoning boshqa chekkasida zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas.
Ana shunday globallashuv fenomeni haqida gapirganda, bu atama butungi kunda ilmiy falsafiy, hayotiy tushuncha sifatida juda keng ma’noni anglatishini ta’kidlash lozim. Umumiy nuqtai nazardan qaraganda, bu jarayon mutlaqo yangicha ma’no-mazmundagi xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, tabiiy-biologik global muhitning shakllanishini va shu bilan birga, mavjud milliy va mintaqaviy muammolarning jahon miqyosidagi muammolarga aylanib borishini ifoda etmoqda.
O‘zbek olimlaridan filologiya fanlar doktori, professor Muhammadjon Xolbekovning fikricha “insoniyat XXI asrga qadam qo‘yishi bilan bu atamaga moyillik sezildi va u hayotimizdan mustaqil o‘rin oldi... milloddan oldingi IV asrda yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy butun Osiyoni qurol kuchi bilan zabt qilib, aslida yarim dunyoni birlashtirmoqchi, qudratli davlat barpo etmoqchi bo‘lgan va shu tariqa insoniyat tarixida globallashuv jarayonini boshlab bergan. Yoki milloddan oldingi I asrda Rim imperatori Yuliy Sezar ham xuddi shunday yo‘l tutib, butun Ovropani ishg‘ol qilgan va qudratli imperiya sarhadlarini kengaytirgan. Tabir joiz bo‘lsa, insoniyat tarixida zo‘ravonlik bo‘lsada, ikkinchi globallashuvga asos solgan”. Olimning fikricha, adabiyotga globallashuv jarayoni o‘rta asrlarda (IV-XIV) ham sodir bo‘lgan va insoniyat globallashuvining o‘zgacha ko‘rinishini boshdan kechirdi... Amir Temur davrida sharq va g‘arb mamlakatlari o‘rtasida bevosita aloqalar vva elchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, insoniyat tarixida ilk bor o‘zaro hamjihatlik, ya’ni globallashuvga intilish yuzaga kelgan edi. XIV-XVII asrlarda qadimgi yunon-rim va islom tamaddunidan bahra olgan ilg‘or fikrli ziyolilar G‘arbiy Ovropada uyg‘onish davri madaniyatiga asos soldi. Madaniy hayotdagi globallashuv G‘arbiy ovropaga ko‘chdi... 1789 yili Fransiya Burjua inqilobi g‘alaba qildi. Shu tariqa XVIII asrda globallashuv ma’rifatparvarlik harakatlarida ko‘rindi va ular tomonidan amalga oshirildi... XIX asrda adabiyoti... globallashuv tamoyilini saqlab qola olmadi, .. XX asrda Marks ta’limotiga asoslangan sotsialistik realizm va Kerkegor hamda Nitsshe nazariyasini targ‘ib qilgan modernizm (postmodernizm) ijodiy jarayonidagi globallashuvga etakchilik qildi... bugun olimlar adabiyot va san’at XXI asrda qaysi yo‘ldan boradi, iqtisodiyot va siyosatda kutilayotgan globallashuv adabiy jarayonga qanday ta’sir o‘tkazadi, degan masala ustida qotirmoqdalar...
Globallashuvning boshlang‘ich bosqichi haqida prof. A. Qodirov uni XX asrda texnika, avtomatik boshqaruvda paydo bo‘lgan yangiliklar bilan bog‘laydi. U shunday ta’kidlaydi: “o‘tgan XX asr ijtimoiy-tarixiy salmog‘i, voqealarining nufuzi va insoniyat sivilizatsiyasi uchun ahamiyati jihatidan bir necha ming yilliklarga teng asr bo‘ldi. Insoniyat nafaqat mikroolamni, balki koinotni zabt etdi, hatto inson irsiyati qonunlarini ham kashf etdi.
XX asrning yutug‘i ham tafakkurda ham texnikada afsonaviy tezlik va tezlanishlarning boshqara olish, sun’iy materiallarining yarata olish imkoniyatlarini yaratilishidir.
Kompyuter texnikasi, robot texnikasi, avtomatik boshqarish tizimi, global informatsion to‘r-internet va hokazo hodisalar darhaqiqat XX asr mo‘jizalaridir. XX asrda nafaqat mamlakatlar, xatto qit’alar o‘rtasidagi masofa qisqardi, bir necha daqiqa ichida jahonning xohlagan nuqtasidan ma’lumot olish yoki ma’lumot almashish mumkin bo‘ldi.
Jahonda iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar ham yaqinlasha boshladi, umumjahon yaqinlashuvi va uning natijasida globalizatsiya, ya’ni butun er shari miqyosida o‘zaro hamkorlik munosabatlari rivojlana boshladi.” Keltirilgan fikrdan ko‘rinib turibdiki, prof. A. Qodirov globallashuv jarayonini XX asrda keng ma’noda texnikada paydo bo‘lgan yutuqlarda jahon iqtisodiyoti, siyosiy va madaniy aloqalarning yaqinlashuvi bilan bog‘laydi. Professor A. Ochildiev globallashuvning ildizlarini XV-XVII asrlar bilan, uning yangi ijobiy xarakter kasb etishini esa XX asr bilan bog‘laydi va bu haqida u shunday yozadi: “bugun o‘zini yorqin namoyon qilayotgan globallashuv bir necha asrlik ildizlarga ega. XV-XVII asrlardagi geografik kashfiyotlar ko‘plab mamlakatlar va mintaqalarning xalqaro savdo doirasiga tortilishiga, sanoat revolyusiyasi esa umumiy aloqalarning yanada kuchayuvchi, keng qamrovli kasb etisha iqtisodiy zamin yaratgan edi. Keyingi davrlar bunday munsabatlar yanada chuqurlashib bordi. XX asr boshlariga kelib yangi sifatiy xarakter kasb etgan va ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab olgan mazkur jarayon globallashuv tushunchasi orqali ifodalana boshlandi”.
Dunyoni manfaat boshqaradi, degan gap bor. Shu nuqtai nazardan globallashuv jarayonlarining asos-mohiyatini foyda va daromad tashkil etgani kapitalistik munosabatlarining takomillashtiruvisiz tasavvur etib bo‘lmaydi...”15 Keltirilan fikrdan ma’lum bo‘ldiki, muallif globallashuvni ma’lum tarixiy davr bilan bog‘lamay, balki uni barcha davr uchun uzluksiz jarayon sifatida qaraydi.
Agar mamlakatlar o‘rtasida erkin savdoning amalga oshuvi va uning natijasida iqtisodiyotdagi o‘sish va uning boshlanish davrini XIX va XX asr bilan chegaralaydigan bo‘lsak, globallashuvni milloddan oldingi IV asrda yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiyning butun Osiyoni qurol kuchi bilan birlashtirmoqchi bo‘lgan davr bilan (prof. M. Xolbekov), XX asrda kompyuter texnikasi, robot texnikasi, avtomatik boshqarish va boshqa texnikaviy hodisalarning paydo bo‘lishi bilan (prof. A. Qodirov), XIV-XVII asrlardagi geografik kashfiyotlar sanoat revolyusiyasi bilan (prof. A. Ochildiev), globallashuv boshlanishining aniq davrini aytish qiyin (B. Umarov) deb hisoblaydigan bo‘lsak, uni jahon miqyosidagi integratsiyalashuv jarayoni va hodisasi sifatida talqin etadigan bo‘lsak (U. Saidov) tabiiy ravishda bir qator savollar kelib chiqadi. Jumladan, bu atamani 1983 yilda amerikalik olim T.Levittning “Garvard biznes revyu” jurnalida birinchi marta tilga olinganicha bu jarayon insoniyat taraqqiyotida qanday nom bilan bilan aytilgan? Yoki nega bugungi kunga kelib bu tushuncha haqida yozish “modaga” aylandi.
Shu fikrlardan kelib chiqqan holda “baynalminalchilik”, “internatsionalizm”, “integratsiyalashuv”, “ilmiy-texnik taraqqiyot”, “ilmiy-texnik inqilob” kabi tushunchalar va ularning “globallashuv” tushunchasiga nisbati hamda namoyon bo‘lishi xususiyatlariga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi...