yuz beradigan turli xil o‘zgarishlarni anglay borib, dunyoning uzluksiz harakatda, o‘zgarish va rivojlanishda
ekanligini tushuna boshlaganlar. Ular, shu bilan birga, tabiat va jamiyat voqea-hodisalarida juda ko‘p
davriy, takrorlanuvchi hodisalarni ham bila borganlar. Masalan, yil fasllari, kun bilan tunning o‘rin
almashishi va shular kabi. Lekin dastlabki davrlarda mutafakkirlar rivojlanishni butunlay yangi narsaning,
yangi bosqichning paydo bo‘lishi, deb tushunish darajasiga ko‘tarila olmaganlar. Rivojlanishni butunlay
yangi sifat o‘zgarishi, eskiga nisbatan jiddiy yangining paydo bo‘lishi, deb tushunishda Uyg‘onish davri
Sharq va O‘rta Osiyo mutafakkirlari, keyinchalik esa o‘rta asr xristian, diniy va tarix falsafasi mutafakkirlari
bir qadar oldinga ketadilar. Ularning qarashlarida rivojlanish g‘oyasini insoniyat jamiyati tarixiga tatbiq
etishga urinishlarni uchratamiz.
Rivojlanish g‘oyasini bir butun dunyo rivojlanishi bilan bog‘lab tushunishda muhim qadamni
birinchi bo‘lib fransuz faylasufi Rene Dekart qo‘yadi. U, dunyoni xudo yaratayotib, unga dastlabki turtkini
kiritgan va uni harakatga keltirgan, deydi. XVIII asr fransuz ma’rifatparvarlari Volter va Russo inqilobiy
qayta qurishni o‘z ichiga olgan tarixiy rivojlanish g‘oyasini ilgari surishadi. Ularning izdoshi Kondorse esa
o‘zining jamiyatning ilgarilama harakati, uzluksiz taraqqiyot to‘g‘risidagi ta’limotini yaratadi. Bu muta-
fakkirlar o‘z qarashlarida g‘oyaviy omillar (masalan: ahloq, din, huquq va shu kabilar) jamiyatni harakatga
keltiruvchi, rivojlantiruvchi asosiy kuchlardir, degan g‘oyani ilgari suradilar.
Nihoyat, rivojlanish to‘g‘risidagi har xil qarashlarning sintezi sifatida bir butun taraqqiyot nazariyasi
faqat nemis klassik falsafasidagina paydo bo‘ldi. Bu falsafaning asoschilaridan biri Immanuil Kant rivojlanish g‘oyasini quyosh sistemasi va barcha yulduzlar dunyosini izohlashga tatbiq etib, uni hatto
insonning ijtimoiy rivojlanishiga, xususan, insonning ahloqiy rivojlanishiga ham joriy etishga urinadi.
Kantning shogirdi Gerder esa rivojlanish g‘oyasini butun xalqlarning tarixi taraqqiyotiga va insoniyat
madaniyati taraqqiyotiga birinchi bo‘lib tatbiq etadi. Bu davrga kelganda, dialektika tushunchasi endi
rivojlanish g‘oyasini ifodalay boshlaydi.
Dialektikani rivojlanish haqidagi har taraflama, mazmun jihatdan boy va chuqur ta’limot sifatida
birinchi marta nemis klassik falsafasining buyuk vakili Gegel ishlab chiqdi. Gegelning ulug‘ xizmati shu
bo‘ldiki, u birinchi bo‘lib, butun tabiiy, tarixiy va ma’naviy dunyoni bir jarayon shaklida, ya’ni uzluksiz
harakat qilib, o‘zgarib, qaytadan tuzilib, taraqqiy qilib turadigan holda ko‘rsatdi va bu harakat bilan
taraqqiyotning ichki bog‘lanishini ochib berishga urindi. Natijada, insoniyat tarixi insoniyatning o‘zining
taraqqiyot jarayoni sifatida maydonga chiqdi va endilikda tafakkurning vazifasi bu jarayonning barcha
yanglishib yurishlari ichida uning izchil bosqichlarini kuzatib borish va zohiriy tasodiflar orasida bu
jarayonning ichki qonuniyatlarini isbot etishdan iborat bo‘lib qoldi.
Gegelning taraqqiyot to‘g‘risidagi bu qarashi dialektika haqidagi falsafiy ta’limotni yanada boyitadi.
Gegel birinchi bo‘lib dialektikaning barcha kategoriyalari va qonunlarini ta’riflab bergan edi. Lekin
dialektika Gegelda mistiklashtirilgan, bir tomonlama, boshi bilan turgan dialektika edi. Chunki Gegelning
fikricha, dialektika «fikrning har qanday ilmiy kengaytirilishining harakatlantiruvchi jonidir va u shunday
bir prinsipdan iboratdirki, bu prinsip yolg‘iz o‘zi fanning mazmuniga immanent aloqa va zaruriyat kiritadi».
Keyingi davrlarda fan va amaliyot rivoji natijasida dialektika tabiat, jamiyat va tafakkur
taraqqiyotining, ulardagi aloqadorlik va bog‘lanishlarning eng umumiy qonunlari haqidagi fan; voqelikdagi
narsa va hodisalar, ularning fikriy in’ikoslari o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalovchi prinsiplar, ularni doimo
o‘zgarish va rivojlanishda, ichki ziddiyatlar taqozosi bilan yuz beradigai «o‘z harakati»da, deb qaraydigan
bilish nazariyasi; har tomonlama boy, ziddiyatlarga to‘la tarixiy taraqqiyot haqidagi ta’limot sifatida
maydonga chiqadi.