Antik falsafada Geraklit, Demokrit falsafasi xususiyatlari. EfeslikGeraklit (taxminan mil. av. 544 – 483) olovni olam substansiyasi deb bilgan. mutafakkir butun olam va undagi alohida narsalar olovdan kelib chiqqanligi g‘oyasini ilgari suradi. Geraklit butun olam doimiy harakat va o‘zgarishda ekanligini ta’kidlaydi. Mutafakkirning mazkur qarashi uning oqib turgan daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi degan mashhur hikmatida ham yaqqol ko‘rinib turadi. Geraklit ta’limotidagi logos tushunchasi butun olamni tartibga soluvchi qonunni anglatadi. Geraklit falsafa tarixida sodda dialektika usuliga asos solgan bo‘lib, uning fikricha, logos borliq asosi va dialektik qonunidir. Bir narsa turlicha: dengiz suvi ham toza, ham ifloslangan: baliqlar uchun hayot manbai, ichimlik suvi. Odamlar uchun–zaxarli va halokatli. Muhim o‘zgarish–bu qarama-qarshisiga aylanish, qarama-qarshilarning mohiyati birining ikkinchisi orqali aniqlanishida. Masalan, sog‘liqning qadr-qimmati kasalga chalinganda bilinadi. Geraklit fikricha qaramaqarshiliklar kurashi barcha narsaning otasi, barcha narsalar ustidan hukmron kurash zaruriyat tufayli paydo bo‘ladi. Bilish masalalariga murojaat qilib, Geraklit hissiy va ratsional bilishni ajratadi. Hissiyot, uning fikricha, foydadan holi emas, ayniqsa ko‘rish va eshitish juda ahamiyatlidir. Lekin bilishning oliy maqsadi – logosni anglash va shu tariqa dunyoning oliy birligini anglash hamda oliy donishmandlikka erishishdir. “Donishmandlik belgisi menga emas, balki barcha bir narsa (birlikda) deb biladigan logosdadir”. Biroq logosni bilish oson emas, buning sabablari ko‘p, xususan tabiat yashirinishni yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari, “ko‘pchilik odamlar hayvonlar singari keragidan ortiqcha to‘yib ketgan”. SHuningdek, ana shu ko‘pchilikning ustozlari: Gomer ham, Gesiod ham, boshqa xalq kuychilari ham logosni bilishga xalaqit berishadi. Ko‘pchilik odamlar nimaga to‘qnash kelishayotganlarini ham bilishmaydi. Ko‘p narsani bilish aqlli bo‘lishga o‘rgatmaydi. U olamning yaxlit manzarasini o‘rnatishga olib kelmaydi, unga faqat logosni (barcha bir narsa ekanligini) bilish orqaligina erishish mumkin. Demak, Geraklit fikricha, logosni, donishmandlikni dunyoning birligini bilish hammaga ham nasib etavermaydi. Lekin odamlar tabiatan aqllidir. “Fikrlash barchaga xos”, “Barchaga o‘zini bilish va mulohaza yuritish qobiliyati berilgan”, “Logos barchada mavjud”37. Geraklit axloqiy qarashlarida odamlarni tabiatan bir-biriga teng deb hisoblashga moyil. Biroq ularning amalda teng emasligi aniq. Buni ular manfaatlarining teng emasligi oqibati deb biladi . Ko‘pchilik logos bo‘yicha emas, hoxishlari bo‘yicha yashaydilar. Bunday kishilar hayoti – “bolalar o‘yini”. Ular o‘z xoxishlari hukmronligi ostidadir. Odamlar eshaklar singari somonni oltindan afzal ko‘radilar. Vaxolanki, baxt tana ehtiyojini qondirishda emas, balki o‘y-fikr yuritishda, “haqiqatni aytish va tabiat qonunlariga quloq solgan holda, ularga mos ravishda xatti-harakat qilishdadir”38.
Siyosiy qarashlarida Geraklit faqat nasli bo‘yichagina emas, balki ruhi bo‘yicha ham aristokratdir. Uningcha, eng munosib odamlar bir narsani – o‘luvchi narsalarni shon-shuhratga ega deb biladilar. Bunday odamlar logosga muvofiq tarzda hayot kechiradilar va ular ozchilikni tashkil qiladilar. Unday odamlar bebaho, ular “logos bo‘yicha emas, o‘z hohishlari bo‘yicha yashayotgan o‘n minglab odamlar o‘rnini bosadi”39. Geraklit bitilgan qonunlar tarafdori (u davrdagi aristokratiya mavjud urf-odatlarga tayanib ish tutgan). “xalq qonun uchun xuddi o‘z uyini himoya qilganidek kurashishi kerak”40. Uning ta’kidlashicha, insoniyatga tegishli qonunlar yakka – ilohiyotdan oziqlanadi. Geraklitning jon to‘g‘risidagi ta’limotida mifologiya elementlari ayniqsa ko‘p. Geraklit aytadi: “O‘lim–biz uyg‘ongandan keyin ko‘radigan narsadir”, “inson o‘layotganda tunda o‘zi uchun olov yoqadi. Uning ko‘zi o‘chgan bo‘lsa-da, o‘zi tirikdir”41. Geraklit ta’kidlashicha, Quyosh–tirik jon, unga adolat xudosi Dikl va uning xizmatkori Erina qarab turadi. Ular quyoshning me’yordan chiqib ketmasligiga qarab turadilar.
Geraklit ta’limoti ioniyadagi falsafiy fikr rivojining dastlabki natijalari yakuni deb baholanishi mumkin. Uning muhim natijalari qatoriga borliqni Yagona va Ko‘plik birligida olib tushuntirishi, harakatning qonuniyligi va universalligi g‘oyasining asoslanishi, garchi sodda ko‘rinishda bo‘lsada dialektikani naturalizm, stixiyali materializm bog‘lashga bo‘lgan urinishlarni kiritish mumkin. Falsafiy fikrning Qadimgi Gretsiyadagi keyingi rivojida mazkur g‘oyalar va yondashuvlar mukammallashib bordi.