Demokrit (mil. av. 460 –370) birinchilardan bo‘lib borliqning atomlar - bo‘linmas zarrachalardan tashkil topganligi to‘g‘risidagi qarashni ilgari surdi.
Demokrit hayoti to‘g‘risida bir qancha yarim afsonaviy rivoyatlar saqlangan. Taniqli zotdan bo‘lib, katta merosga ega bo‘lib qolgan Demokrit barcha boyligini ilmiy safarlarga sarflaydi. Bu davrda Abderda otadan qolgan merosni bemahsul ishlarga sarf qilish jinoyat hisoblanardi va shuning uchun ham Demokritning ishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Lekin Demokrit ilmiy safarlarda yiqqan bilimlariga suyanib yozgan asarlarini o‘qib beradi va jazodan qutilib qoladi. Alloma Bobil, Fors davlati, Hindiston va Misrga sayohat qilgan, olimlar, magiya bilan shug‘ullanuvchilarga shogird bo‘lib tushgan. Demokrit V asr oxiri IV asr boshida vafot etgan. Demokrit Levkippning shogirdi bo‘lgan. Bu davrda Abderda Sofist Protagor, naturalist va shifokor Gippokratlar yashagan.
Levkipp va Demokritning fizikaviy va falsafiy qarashlarining asosini jismlarning bo‘linmas zarrachalarining mavjudligi to‘g‘risidagi farazlari tashkil etadi. Bunday son-sanoqsiz zarrachalarni, ya’ni atomlarni (atomos- bo‘linmas, qismlarga kesilmaydigan) mutloq zich va havosiz bo‘lgani uchun bo‘linmaydigan zarrachalar deb hisoblashgan. Demokritning fikricha, doimiy harakatda bo‘lgan atomlar bir-birlaridan faqatgina shakli, joylashishi, tartiboti, hajmiga ko‘ra farq qiladi. mutafakkirning gnoseologik ta’limotida hissiy bilish bizga mavhum bilim berishi, aniq bilimlarga esa faqat aqliy mushohada orqali erishish mumkinligi g‘oyasi markaziy o‘rin tutadi. Mutafakkir narsalar rang, ta’m, hid, kabi sifatlarga ega emas, ular atomlarning sezgi a’zolarimizda qoldirgan taassurot mahsuli deb ta’kidlaydi. Havo atomlar hosil qiladigan jismlarda bo‘ladi va ular ana shu havoda harakatlanishadi. Atomlar bir biridan 1) shakli, ya’ni tashqi ko‘rinishi; 2) o‘lchamlari; 3) holati va 4) tartibi bilan farq qilinadi42. Bo‘shliqdagi harakati jarayonida atomlarning ba’zilari bir birining ustidan sakrab o‘tib ketishadi, boshqa bir xillari tarqalishib, o‘ralishib ketishadi (shakli mos kelganda) va murakkab jismlarni paydo qilishadi. Levkipp va Demokritlar fikricha borliqda atomlarning faqat sonigina emas, balki ko‘rinishlari, shakllari ham cheksizdir. Lekin ular (shakllar) ko‘rinmaydi, his etilmaydi. Simplitsiyning habar berishicha atom shakllari soni shuning uchun ham cheksizki, “ular soni boshqasining sonidan hech qancha ko‘p emas”. Atomistik ta’limot eleyliklar qo‘ygan masala: borliq paydo bo‘lishi ham yo‘q bo‘lishi ham mumkin emasmi? degan savolning o‘ziga xos echimi edi. Ayni paytda Levkipp va Demokritlar eleyliklarning ko‘plik (to‘plam)ni, harakatni fikralab bo‘lmaydi degan xulosasini inkor etadilar. Levkipp va Demokritlar atomlar harakati sababi to‘g‘risidagi masalani qo‘yishmaydilar. Buning sababi shundaki, ular harakat atomga avval boshidanoq hos bo‘lgan xususiyat deb hisoblashgan. Atomistik ta’limot kundalik tajribadagi hodisaga tayanadi. Bu hodisa: qattiq jismning qisilishidan iborat. Teofrast bergan ma’lumot bo‘yicha Levkipp va Demokritlar shunday fikr yuritishgan: agar atomlar oralig‘ida havo bo‘lmaganda jismning hajmi qisqarmagan bo‘lar edi. Demak, jismning qattiqligi yoki yumshoqligiga uning zichligi va siyrarligi mos keladi, degan xulosaga kelganlar. Atomlar barcha yo‘nalishlarda harakat qilishadi. Ana shuning uchun ham ular borliqda muayyan tartibni hosil qilishi ham, yoki tartibsiz xaotik harakatda bo‘lishi ham mumkin. (masalan, quyosh nuri derazadan o‘tganda mayda zarrachalar chang ichida harakatlanayotgandek bo‘lib ko‘rinadi. Levkipp va Demokritning fikricha atomlarni har xil kattalikda bo‘lishi, ko‘zga ko‘rinmaydigan eng mayda zarracha va katta hajmdagi zarracha ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Aristotel fikricha, Demokrit cheksiz katta miqdordagi mohiyatni – bo‘sh fazoni mavjud deb hisoblagan. Lekin bundan xuddi shunday kattalik, o‘lchamdagi atom ham bo‘ladi, degan xulosa chiqarmagan. Demokrit atomni “g‘oya” deb ham atagan, lekin uning jismli shakl, jismli “g‘oya” deb hisoblagan. (Platonda “g‘oya”- jismsiz shakl).
Atom – jismli g‘oya bo‘lsa, u qanday moddiy sifatlarga ega, degan savol paydo bo‘ladi. Bunga Demokrit atomlar his etiladigan sifatlarga hid, rang, tovush, harorat kabilarga ega emas. Atomlar faqat fazodagi shakli, o‘lchami, holati, tartibi bo‘yicha farqlanadi, bu sifatlar his etilmaydi. Sekst Empirik Demokritning quyidagi so‘zlarini keltiradi: “Shirin, achchiq, issiq, sovuq va boshqalar faqat fikrda mavjud, borliqda esa faqat atomlar va bo‘shliq mavjud, xolos”.
Shuni ham etiborga olish kerakki, Atomistik ta’limot vaqtining cheksizligi to‘g‘risidagi fikr bilan birga rivojlandi. Moddiy boshlang‘ich asos va vaqtning abadiyligidan atomistlar tabiatdagi barcha predmetlar va hodisalarning zaruriyligini keltirib chiqarishadi. Aesiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Demokrit (balki Levkipp) hech bir narsa “sababsiz paydo bo‘lmaydi, biroq barcha narsalar qandaydir asos va zaruriyatga ko‘ra vujudga keladi”, deb ta’kidlaydi. Demokrit fikriga ko‘ra zaruriyat fizikaviy ma’noga ega, u “materiyaning qarshiligi, harakati va zarbasi”. U “girdob”ni barcha narsalarning sababi deb biladi. Dunyodagi hamma hodisalar zaruriyatga bo‘yunadi. Olamda sababsiz paydo bo‘ladigan hech narsa yo‘q va demak, tasodif yo‘q. Demokrit fikricha “Kishilar o‘zining mulohaza yurita bilmasliklarini yashirish uchun tasodif o‘ylab topishgan. Simplitsiy Demokritning tasodif to‘g‘risidagi mulohazalarini quyidagi misolda tushuntiradi; kal bosh chol ekin maydoni bo‘ylab yurib ketayotganda, uning boshiga toshbaqa tushib ketadi va kalla suyagini sindiradi. Sodir bo‘lgan hol go‘yoki tasodifdek. Lekin aslida unday emas, u zaruriydir, chunki burgut uning boshini tosh deb o‘ylab toshbaqani tashlab yuboradi. (toshbaqa toshga urilganda kosachalari sinib, go‘shti ajraladi, burgut uni eyish uchun shunday qiladi). Bu - zaruriyat. Demokrit tasodifni maqsadga muvofiqlikka qarama qarshi qo‘yib tushuntiradi. Uning firicha, har bir narsa to‘g‘risida u nima sababdan paydo bo‘ldi, uning sababi nima deb, savol qo‘yish kerak. Bunda qanday maqsadga ko‘ra paydo bo‘ldi deb savol qo‘yish o‘rinli emas. Demak, Demokrit tasodifni sababsiz narsa deb emas, maqsadga muvofiqlikning inkori deb tushuntiradi.
Demokrit yozadi : “Bo‘shliq va atomlar – materiyadir, yoki narsalar sababidir”43. Atomizmning yangiligi quyidagi ikki narsada: 1) borliqning cheksizligi va 2) cheksiz dunyoviy fazoda bir qatda yonma-yon yashayotgan dunyolarning ko‘pligi haqidagi ta’limotidir. Levkipp va Demokritning dunyoning cheksizligi to‘g‘risidagi qarashlari bo‘sh fazoning cheksizligi va atomlarning cheksiz miqdorda ekanligidan kelib chiqadi.
Dunyolar sonining cheksizligini ular quyidagicha tushuntirishadi:
chegarasizlikdan ajralgan holda shakliga ko‘ra turli xil jismlar “buyuk bo‘shliqda” harakatlana borib birgalikda yagona girdobni (vixr) keltirib chiqaradi va jismlar unda bir-biriga urilib, parchalanib, aylanib, o‘xshashlari o‘zaro qo‘shilib, kattalashib muqim aylanadigan jismlar shakliga kirishadi. SHu tariqa yupqa, nozik qismlar tepaga chiqishadi, og‘irlari markazda bo‘lgan sharsimon birikmalar hosil qilishadi. Shu tariqa Yer paydo bo‘ladi. Uyirmali harakat davomida Yer yuqori qobig‘idan ajralgan zarrachalar muayyan ko‘rinishga ega jismlarni osmon yoritgichlarini keltirib chiqarishadi. Erga eng yaqin aylana Oy, eng uzoq turgan aylana – Quyosh. Bular faqat bir dunyoni paydo qilishadi, qolgan dunyolar ham shu tariqa yuzaga chiqishadi. Atom to‘g‘risidagi ta’limotni Demokrit matematika sohasiga yoydi. U matematik jismlarni (shar, konus, piramida) xuddi atomlar bir-biridan bo‘shliqda ajralib turgani kabi, bir-biriga yopishgan teksiliklardan tashkil topgan deb tushuntiradi. Masalan, konus uning asosiga nisbatan ko‘p miqdordagi parallel aylanalardan tashkil topib, ularning radiusi konus yuqori nuqtasi tomon kichrayib boradi. Ular shunchalik ingichkaki, sezgi organlari bilan his etib bo‘lmaydi. Atomistik nazariyaga ko‘ra jismlarning bo‘linishi cheksiz davom etmaydi, uning chegarasi bor, bu atomdir. Bu fikri bilan Demokrit Zenon oporiyasidagi ziddiyatni bartaraf etadi. Stereometriyada Demokrit asosiy atomlar element deb Demokrit piramidani hisoblaydi. Barcha jismlar piramidalarga ajralishi mumkin. Levkipp va Demokrit irratsional munosabatlarni inkor qilishadi. Barcha matematik predmetlar jismlar, yuzalar, chiziqlar atomlardir, ya’ni bo‘linmas butun elementlardir. Ana shuning uchun ham irratsional munosabatlarning bo‘lishi mumkin emas. Atomistlar hissiy va aqliy bilishni farq qiladilar. Atomlarni faqat hissiyot asosida bilib bo‘lmaydi. Buning uchun hissiyot aql tomonidan chuqurlashtirilishi, to‘ldirilishi zarur. Demak hissiyot va aql qarama qarshi emas, o‘zaro aloqadadir. Aristotel fikricha “Demokrit aqlni haqiqatni biladigan kuch deb hisoblamaydi; uni jon bilan almashtirib yuboradi”44. Demokrit fikricha, bilishning ikki turi mavjud: xaqiqiy va qorong‘i. Qorong‘i, bu ko‘rish, eshitish, ta’m, badan va hid sezgilari. Demokritning mantiqiy fikrlari “Kanon”larda (Kanon – “mezon” , “qoida” da ifoda etilgan. Unda bilishning uch mezoni farqlanadi: 1) hissiy bilishga oid, 2) tafakkur, 3) hohlangan va hohlanmaganlar (uning yordamida predmetga yaqinlashamiz yoki uzoqlashamiz). Jon va nafas mexanik muvozanatda bo‘ladi, hayot ana shunga asoslanadi - ya’ni hayotning o‘limga qarshiligi.
Demokrit bir tomondan xudolar to‘g‘risidagi tasavvurlarga qarshi chiqadi, ikkinchi tomondan, ularning mavjudligini tan oladi. Uning fikricha, havo – barcha olovli atomlarning makoni. Havo faqat joylashadigan o‘rin emas, u hayot uchun nafas olish va nafas chiqarish uchun zarur. Havo olovli dumaloq atomlarning uyirmali harakatidan hosil bo‘ladigan obrazlar bilan to‘lib toshgan. Ular xudolar bo‘lib, mustaqil, uzoq yashaydigan, parchalanmaydigan xususiyatlarga ega. Ular odamga o‘xshamaydi. Xudolarning ba’zilari yaxshilikni keltiradi, boshqalari yomonlikni. O‘z ovozlari, ko‘rinishlari bilan xudolar odamlarga ularning kelajagi to‘g‘risida ogohlantiradi. Demokrit madaniyatga rivojlanish maqomini beradi. Madaniyat tabiat rivojlanishining davomidir. San’at–tabiatga taqlid qilish demakdir.
Demokrit etikasining aksiomasi va asosi: ozod grek jamiyatidan ajralgan individ emas, balki shahar–davlat fuqarosidir, degan fikrdan iborat. Yaxshi boshqariladigan davlat - bu yaxlit saqlanib turuvchi davlat, u buyuk tayanch. Shuning uchun ham davlat manfaatlari yakka kishilar manfaatlaridan yuqori turadi. Demokratik fikricha, polisdagi kambag‘allik monarxiyadagi boylikdan afzal. Lekin demokratiya hamma vaqt ham yaxshi hayotni kafolatlamaydi. “Na sanatga, na donishmandlikka ularni o‘rganmasdan turib, erishib bo‘ladi”. “Hayotning maqsadi - ruhning, jonning yaxshi o‘rnashib olishi”. Donishmandlik uch narsani keltiradi: yaxshi fikrlash, yaxshi gapirish, yaxshi amallar qilish. Xulq atvor- aql bilan bog‘liq, u bilan belgilanadi. E’tiborga eng loyiq narsa – ehtirosga berilmaslik, vazminlikdir. Dono odam yovuzlikdan ham ezgulikni ajrata oladi, agar u ana shunga loyiq ilmga ega bo‘lsa. Misol: chuqur havza ko‘p munosabatda foydali, lekin unda cho‘kib ketish xavfi bor, ya’ni u ziyon. Ayni paytda undan (zarardan) qutilish vositasi bor, bu - suzishga o‘rganish.
Bilim – “ruhning yaxshi o‘rnashishiga” xalaqit beradigan narsalarni bartaraf etuvchi vosita.
Demokrit tasodifni inkor qiladi. Uning fikricha, inson sababini bilmagan hodisa va jarayonlarni tasodif deb o‘ylaydi. O‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarida faylasuf quldorlik aristokratiyasiga qarshi chiqib, antik demokratiyani ulug‘laydi. Ellinizm davri. Ellin davri (miloddan avvalgi 4-asr oxiri — 1-asr) yunon madaniyati mintaqalarining kengayishi, uning Aleksandr Makedonskiy va uning vorislari davlati tarkibiga kirgan xalqlar madaniyati bilan o‘zaro qo‘shilishi bilan belgilanadi. Ellinizm Qadimgi Yunon madaniyatining so‘nggi davri bo‘lib bu davrda madaniyatning ba’zi sohalarida, jumladan, falsafada erishilgan yutuqlar darajasidan pasayish holatlari yuz beradi. Bu davrda yunon madaniyatining boshqa mamlakatlarga, jumladan, Markaziy Osiyoga ta’siri kuchayadi. hatto bu jarayon Yunonistonning Rimga qaram bo‘lganidan keyin ham davom etadi. Rim Yunonistonni siyosiy jihatdan tobe etadi. Fan sohasida bu davrda etakchi o‘rinni matematika egallaydi. Uning asoschilari Evklid va Arximed kabi olimlarning ijodi tufayli matematikadan mexanika, optika, qurilish sohalarida foydalaniladigan bo‘lindi. Astronomiya, meditsina va geografiya sohalarida muhim yutuqlar qo‘lga kiritildi. Eramizdan oldingi IV asrdayoq mavjud bo‘lgan va polis mafkurasining inqirozi tufayli vujudga kelgan kiniklar va skeptiklar oqimining ta’siri oshib boradi. Biroq ellinistik dunyoda eng mashhur bo‘lgan voqea eramizdan oldingi IV va III asrlar bo‘sag‘asida paydo bo‘lgan stoiklar ta’limoti edi. Eramizdan oldingi 302yilda Afinada Qibrisning Kition shahridan bo‘lgan Zenon (er.ol 336-264yy.) tomonidan asos solingan ravoqiylar maktabiga Sol shahridan bo‘lgan Xrasipp (er.ol. III asr), Rodoslik Panetiy (er.ol. II asr) va boshqa faylasuflar mansub edilar. Stoiklar falsafasidagi asosiy g‘oya insonning muammolariga alohida diqqat-e’tibor, to‘xtovsiz harbiy va ijtimoiy nizolar, alohida shaxsning jamiyat bilan aloqalari sustlashgan sharoitda axloqiy-falsafiy tayanch topish edi. Agar ushbu sharoitlar tug‘dirgan ta’sir natijasida adabiyot va san’atda fuqaroning ijtimoiy borlig‘ining qo‘nimsizligini aks ettirish, har narsaga qodir taqdir ramzida berilgan bo‘lsa, stoiklar tomonidan bu holat barcha mavjudotlarni oqilona boshqaradigan oliy kuch (logos, tabiat, xudo) ga insonning qaramligi sifatida tasvirlandi. Inson endi polis fuqarosi emas, balki koinot fuqarosi edi. U baxt-saodatga erishish uchun oliy kuch tomonidan belgilab berilgan hodisalar qonuniyligini bilib olmog‘i lozim edi. U tabiat bilan muvofiqlikda yashash uchun xayrli faoliyat bilan yashamog‘i lozim edi. Stoiklarning axloqiy tushunchalari orasida tabiat va jamiyat qonunlariga muvofiq keladigan, aqliy faoliyat orqali kelib chiqqan «kerakli narsa»to‘g‘risidagi tasavvurni qayd etib o‘tish lozim. Stoiklarning eklektizmi, asosiy qoidalarining ko‘p ma’noliligi ellinistik dunyoning turli tabaqalari (shu jumladan hukmron tabaqalar doirasida ham), keyinchalik esa, Rim jamiyatida ham ularning mashhur bo‘lib ketishlarini ta’minladi. Rim stoiklarining yirik vakillari Seneka, Epiktet va Mark Avreliy edilar. Ularning barchalari dunyoviy aql va dunyoviy ruh bilan bog‘langan tabiat va jamiyatning yagonaligi haqidagi stoiklik qoidalaridan kelib chiqdilar. Har bir odamdagi aqllar-logoslar va ruhlar dunyoviy aql va dunyoviy ruhning emanatsiyasi (o‘zidan nur chiqarishi) ekanligini ta’kidladilar. Ular fikricha, kishilar dono va fazilatli odamlar biladigan yagona hukmronlik qiluvchi koinot qonunlari zarurligini idrok etgan holda, ularga ko‘ngilli ravishda bo‘ysunishlari lozim. Ular yana shu to‘g‘rida mushohada yuritdilarki, har kim butun narsa qarshisida o‘z burchini bajarib, taqdir tomonidan unga belgilab berilgan joyda biror-bir narsani o‘zgartirishga intilmasdan, nolishsiz qolish majburiyatini olishi kerak. Seneka uchun «yaxshi» imperator qanday bo‘lishi kerak degan savol katta ahamiyatga ega edi, negaki, imperatorning bo‘lishi zaruriyat hisoblanar edi. Imperator me’yorsiz maqtovni talab qilmasligi, fuqarolardan ularning mulkini tortib olmasligi, senat va «yaxshi» odamlar bilan hisoblashishi, o‘z bilganicha ish tutmasligi, fuqarolarning umumiy foydasi uchun mehnat qilmog‘i zarur ediki, buning evaziga ular unga sadoqat ko‘rsatib, uni sharaflashlari lozim edi. Sobiq qul bo‘lgan Epiktet asosiy e’tiborni hukmdorning sifatiga emas, balki unga tobelarning hatti-harakatiga qaratdi. Ozodlikka yo‘l moddiy ne’matlardan, xohish-istaklardan yuz o‘girishda yotadi, negaki, inson nimani xohlasa, uni berishi va olib qo‘yishi mumkin bo‘lgan odamning quliga aylanadi. Tashqi tomondan mulk, badan, hayot-xojaga yoki tiranga bo‘ysunadi va shuning uchun ularning bu tashqi huquqlaridan foydalanishlariga bahslashib o‘tirish lozim emas. Ammo insonning haqiqiy mohiyati, uning aqli va ruhi hech kimga bo‘ysunmaydi, uning fikriy muhokamasini hech kim boshqara olmaydi va hech kim unga xayrli va ezgu ishlar qilishga xalaqit bera olmaydi, demak, baxtli va ozod bo‘lishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Epiktet uchun erdagi barcha hukmdorlardan yuqori turgan oliy xudo Zevs haqidagi tasavvur katta o‘rin tutadi. Uning o‘g‘li sifatida o‘zini his qilgan inson, o‘zining qandaydir tashqi farovonligi qondirilmaganligidan doimo azobda bo‘lgan senator yoki hatto podshoning o‘zidan ko‘ra ozodroq bo‘ladi. Rimning oxirgi stoik imperatori Mark Avreliy edi. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, dunyoda biror - bir narsani o‘zgartirib yoki to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Uning ta’kidlashicha, barcha kishilar har doim laganbardor, yolg‘onchi va o‘z manfaatini ko‘zlovchi bo‘lganlar, hozir ham shunday va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladilar. Bu tartibsizlik orasida nima qoladi? Faqat o‘z zakovatiga xizmat qilish, o‘zini kamolotga etkazish va ezgulik. Ammo bunday o‘zini qo‘yarga joy topolmaydigan, hayotda hech qanday maqsadi bo‘lmagan ezgulik insoniyatga xizmat qilish borasidagi o‘z ma’nosini yo‘qotar edi. Negaki, insoniyat o‘zgarmas va illatlardan holi bo‘lmaganligi uchun, uni hech qachon ilhomlantirib bo‘lmas edi. Stoiklar uchun falsafa donolikka erishish, yashash san’atini o‘rganish vositasi sanalgan. Unga ko‘ra, tabiatga muvofiq yashash dononing ideali sanaladi. Stoiklar azoblardan xalos bo‘lib, ruhiy sokinlik va muvozanatga erishishni baxt deb bilganlar. Muxtasar qilib aytganda antik falsafa Mil. Avv. VII asr oxirlariga kelib qadimgi Yunonistonda shakllana boshladi. Falsafaning vazifasi insonga qiyin vaziyatlarda ham o‘zligini yo‘qotmaslik va qadr-qimmatini saqlay olishni o‘rgatiishdan iborat bo‘ldi. Mil. Avv. II asrdan milodiy VI asrlargacha bo‘lga vaqt oralig‘ida Rimda rivoj topgan falsafiy ta’limotlar yig‘indisi, keyinchalik mazkur an’anada vujudga kelgan ilmiy-falsafiy g‘oya va tasavvurlar G‘arb sivilizatsiyasi rivoji uchun asos bo‘lib xizmat qildi.