1-mavzu: Fuqarolik prosessual huquqi fanining tushunchasi, tizimi va prinstiplari Reja


Fuqarolik protsessual huquqining predmetini



Yüklə 119,71 Kb.
səhifə4/15
tarix29.09.2023
ölçüsü119,71 Kb.
#150452
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
маъруза матни

Fuqarolik protsessual huquqining predmetini fuqarolik sud ishlarini yuritish sohasida vujudga keladigan fuqarolik protsessual munosabatlar tashkil etib, ushbu munosabatlar fuqarolik ishlari tufayli vujudga keladigan sud va protsessning boshqa ishtirokchilari, sud qarorlarini ijro etuvchi idoralar o‘rtasida yuzaga keladi.

Fuqarolik protsessi tushunchasiga adabiyotlarda turlicha ta'rif berilgan. Aksariyat adabiyotlarda fuqarolik protsessi atamasi fuqarolik sud ishlarini yuritish atamasi bilan bir xilda qo‘llaniladi. Xususan, M.S.SHakaryanning fikricha, fuqarolik sud ishlarini yuritish (fuqarolik protsessi) deganda, fuqarolik protsessual huquqi bilan tartibga solinadigan sud, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va protsessning boshqa ishtirokchilari, shuningdek sud qarorlarini ijro etuvchi idoralarning faoliyati tushuniladi.8 Boshqa guruhdagi olimlar esa fuqarolik protsessi deganda, uchta tarkibiy qism: protsessual faoliyat, protsessual munosabatlar va protsessual shaklning birligini tushunadilar.9 SH.SHoraxmetov fuqarolik protsessiga qonun bilan belgilangan fuqarolik ishlarini ko‘rish, hal qilish va sud qarorlarini ijro etish bilan bog‘liq faoliyat, deb ta'rif beradi.10
1.3. Fuqarolik protsessual huquqining tizimi

Fuqarolik protsessual huquqining barcha qoidalari bir biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning yaxlit tizimini tashkil qiladi. Ushbu tizimda umumiy va maxsus ahamiyat kasb etuvchi normalar majud bo‘lib, ular birgalikda fuqarolik protsessual huquqining tizimini hosil qiladi. Protsessual normalar sud ishlarini yuritish turlari hamda fuqarolik protsessining barcha bosqichlari uchun umumiy bo‘lgan normalarga ajratiladi. Ular fuqarolik sud ishlarini yuritish vazifalarini aniqlaydi, fuqarolik protsessi prinsiplarini mustahkamlaydi, fuqarolik ishlarida ishtirok etuvchi shaxslar doirasini, dalillar, protsessual muddatlar, sud xabarnomalari, chaqiruvlari va hokazolarni belgilaydi.


Modomiki, fuqarolik protsessi fuqarolik ishining bir bosqichdan ikkinchi bosqichga harakatlanishidan iborat ekan, protsessual normalar birinchi instansiya sudida, apellyasiya va kassatsiya tartibida ish yuritish, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish, sud qarorlarini ijro etish bosqichlarini o‘zida qamrab oladi. Undan tashqari, protsessual normalar turli protsessual harakatlarni ham tartibga soladi. Masalan, da'vo tartibida yuritiladigan ishlardagi ko‘plab protsessual normalar (fuqarolik ishini qo‘zg‘atishga doir 188-200-moddalar, fuqarolik ishini sudda ko‘rishga tayyorlashga oid 201-206-moddalar) sud ishlarini yuritishning boshqa turlari uchun ham ahamiyatli hisoblanadi. SHuning uchun ham da'vo tartibida yuritiladigan ishlar uchun belgilangan qoidalar fuqarolik sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari tarzida e'tirof etiladi. Biroq har bir sud ishlarini yuritish turining o‘ziga xos xususiyatlari alohida normalarda aks ettiriladi. Xususan, “qarshi da'vo”, “da'voni ta'minlash” kabi normalar da'vo tartibida yuritiladigan ishlar uchungina xos hisoblanadi.
Fuqarolik protsessual kodeksida, shuningdek fuqarolik, uy-joy, mehnat, oila va boshqa huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi kodekslarda moddiy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni sudda ko‘rishning protsessual xususiyatlarini nazarda tutuvchi maxsus normalar o‘z ifodasini topadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 277-moddasida xodimlar mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat qilganlarida sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etilishi belgilangan. SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 80-moddasiga ko‘ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Mashhur protsessualist N.A.CHechina ham ayrim toifadagi fuqarolik ishlarini sudda ko‘rish va hal etishga xizmat qiluvchi aksariyat protsessual normalar kodifikatsiyalangan va kodifikatsiyalanmagan moddiy huquq normalarida (xususan, fuqarolik, mehnat, oila, uy-joy va h.k.) mustahkamlab qo‘yilishining tarafdori bo‘lgan.11




SHunday qilib, fuqarolik protsessual huquqi tarkibida birinchi instansiya, apellyasiya va kassatsiya tartibida ish yuritish, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish, sud qarorlarini ijro etish bosqichlarini tartibga soluvchi, umuman fuqarolik protsessining barcha bosqichlari uchun xos bo‘lgan umumiy qoidalarni ajratish mumkin. Bu esa fuqarolik protsessual huquqi tizimini quyidagi ikki qismga: umumiy va maxsus qismga ajratish mumkinligini ko‘rsatadi.
Fuqarolik protsessual huquqining umumiy qismida Fuqarolik protsessual kodeksining “Umumiy qoidalar” deb nomlangan birinchi bo‘limida fuqarolik sud ishlarini yuritishning prinsiplari, sud tartibi, sudyani va protsessning boshqa ishtirokchilarini rad qilish, sudga taalluqlilik va sudga tegishlilik, fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, sudda vakillik, dalillar, da'voni ta'minlash, ish yuritishni to‘xtatib turish, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, sud xarajatlari, protsessual majburlov choralari, protsessual muddatlar, sud xabarnomalari va chaqiruvlari, kelishuv bitimini tuzish kabi institutlar nazarda tutilgan.
Fuqarolik protsessual huquqining maxsus qismi – protsessning turli bosqichlarini (birinchi instansiya sudida ish yuritish, sud qarorlari ustidan shikoyat berish va ularni qayta ko‘rish, sud hujjatlarini ijroga qaytarish) tartibga soluvchi, shuningdek fuqarolik protsessida chet el fuqarolari va tashkilotlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtiroki masalasini nazarda tutuvchi normalar yig‘indisidan iborat. Boshqacha qilib aytganda, maxsus qismda fuqarolik ishlarining ayrim turkumlarini ko‘rish, hal qilish uchun va fuqarolik jarayonining ayrim bosqichlari uchun maxsus ahamiyatga ega bo‘lgan huquqiy me'yorlar bayon etiladi.12
Fuqarolik protsessual huquqining yuqorida bayon etilgan tizimi o‘zida Fuqarolik protsessual kodeksining tuzilishini belgilab beradi.


1.4. Fuqarolik protsessual huquqining konstitutsiyaviy, fuqarolik, oila, mehnat, ma'muriy sud ishlarini yuritish, iqtisodiy protsessual va jinoyat protsessual huquqi hamda boshqa huquq sohalari bilan aloqadorligi

Fuqarolik protsessual huquqi mamlakatimiz huquq tizimining tarkibiy qismi sifatida huquqning aksariyat tarmoqlari bilan o‘zaro aloqador hisoblanadi. Ayniqsa, fuqarolik protsessual huquqi moddiy huquq bilan uzviy aloqada bo‘lib, o‘z navbatida moddiy huquq normasida nazarda tutilgan majburiyatlar boshqa shaxslar tomoni-dan amalga oshirilmagan taqdirda huquqni sud orqali himoya qilishning, boshqacha qilib aytganda, fuqarolik, mehnat, oila, ma'muriy va boshqa majburiyatlarni majburiy ravishda amalga oshirishning muhim shakli sifatida e'tirof etiladi. Undan tashqari, sud yuzaga kelgan fuqarolik ishini moddiy huquq normasi asosida hal etadi. Biroq moddiy va protsessual huquq sohalari o‘zaro mustaqil va tartibga solish predmeti va uslubiga ko‘ra turlicha hisoblanadi. Masalan, muayyan munosabat, xususan, mulkiy, shaxsiy nomulkiy, mehnat, oila va boshqa sohadagi ishtirokchilarning xatti-harakatlari moddiy-huquqiy sohani tartibga solishning predmeti hisoblanadi.




Fuqarolik protsessual huquqini tartibga solish predmetini fuqarolik sud ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish sohasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar tashkil qiladi.

Fuqarolik va boshqa moddiy huquq sohasining sub'ektlari teng huquqli hisoblanadi. Mazkur huquq sohasi uchun huquqni tartibga solishning kelishuv va huquq normasini qo‘llashdagi erkin huquqlilik kabi uslublari xarakterli hisoblanadi. Bundan farqli ravishda fuqarolik protsessida ishda ishtirok etuvchi shaxslar muayyan vakolatlarga ega bo‘lgan sud bilan munosabatga kirishadi. SHuningdek, fuqarolik protsessual huquqining tartibga solish uslublari moddiy huquq normalarini erkin ravishda qo‘llashga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.


Fuqarolik protsessual huquqining moddiy huquq tarmoqlari bilan aloqasi keng va ko‘ptomonlamadir. Moddiy huquqda fuqarolik protsessual tusdagi normalar, xususan isbotlash predmeti, ishning sudga taalluqliligi, sud xarajatlaridan ozod qilish va shunga o‘xshash normalar mavjud. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 268-moddasida mehnat nizosini ko‘rishni so‘rab sudga murojaat qilish huquqi, 269-moddasida bevosita tuman (shahar) sudlarida ko‘rilishi lozim bo‘lgan mehnat nizolari, 277-moddasida xodimlarni sud xarajatlaridan ozod qilish masalalari bayon etilgan. SHuningdek, Oila kodeksining 40-moddasida nikohdan sud tartibida ajratish, 44-moddasida nikohdan ajratish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan hal etiladigan masalalar,
45-moddasida sudning nikohdan ajratish haqida hal qiluv qarorini chiqarishida davlat boji miqdorini belgilash, 62-moddasida otalikning sud tartibida belgilanishi masalalari bayon etilgan.
Sud muayyan fuqarolik ishi yuzasidan o‘z qarorini chiqarar ekan, albatta moddiy huquq normalarini qo‘llaydi. Moddiy huquq normalarining buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanishi sud hal qiluv qarorining bekor qilinishiga olib keladi. Undan tashqari, fuqarolik protsessining vujudga kelish shartlaridan biri – sudga taalluqli bo‘lgan moddiy-huquqiy nizoning (da'vo bo‘yicha ish ko‘rishda) mavjud bo‘lishidir. Boshqacha qilib aytganda, moddiy huquq normalarining buzilishi, basharti sudga himoya qilish to‘g‘risida murojaat qilinadigan bo‘lsa, fuqarolik protsessual huquqini harakatga keltiradi. Mamlakatimiz huquq tizimining tarkibiy qismlaridan biri sifatida fuqarolik protsessual huquqi boshqa huquq sohalari, xususan konstitutsiyaviy, ma'muriy, jinoyat-huquqiy sohalari bilan ham aloqadordir.
Fuqarolik protsessual huquqining konstitutsiyaviy huquq bilan o‘zaro aloqadorligi quyidagi ikki jihatda ko‘proq namoyon bo‘ladi:

  • har ikki huquq manbalarining umumiyligi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi konstitutsiyaviy huquqning asosiy manbai hisoblanadi. SHu o‘rinda Konstitutsiyada odil sudlovning eng muhim prinsiplari ham o‘z ifodasini topgan;

  • konstitutsiyaviy huquqning ayrim kichik tarmoqlar bilan o‘zaro bog‘liqligi. Bu erda gap sudlarning tuzilishi va prokuror nazorati haqida bormoqda. Sudlarning tuzilishi bilan fuqarolik protsessual huquqining ayrim prinsiplari o‘rtasida umumiylik mavjud (xususan, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, odil sudlovning faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi va hokazolar).

Sud tuzilishiga oid normalar sud tizimining va odil sudlov sohasidagi vakolatli organlarning tashkil etilishini tartibga soladi. Protsessual huquq normalari esa sud vakolatlarini amalga oshirish tartibi va shakllarini belgilaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat bojini to‘lash masalasini tartibga soluvchi normalarning mavjud bo‘lishi fuqarolik protsessual huquqining moliya huquqi bilan o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Fuqarolik protsessual huquqi jinoyat protsessual huquqi bilan ham yaqin aloqadadir. Zotan, har ikki tarmoq protsessual hisoblanadi va odil sudlovni amalga oshiruvchi ayni bir organning – sudning faoliyat tartibini belgilaydi. Har ikki tarmoq ko‘plab faoliyatning umumiy prinsiplariga ega (bevositalik, og‘zakilik va boshqalar). Ularning protsessual shakli, ko‘pgina huquqiy institutlari (isbotlash, ishlarni birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqish, sud hujjatlarini appelyasiya, kassatsiya va nazorat tartibida qayta ko‘rish va hokazo) bir-biri bilan o‘xshash. Biroq fuqarolik protsessual huquqi va jinoyat protsessual huquqi tarmoq jihatidan ularning mustaqilligini belgilovchi bir qator tafovutlarga ega: fuqarolik sud ishlarini yuritishda ishni ko‘rib chiqishning predmeti fuqarolik ishi bo‘lsa, jinoyat protsessual huquqida esa bunday predmet jinoyat ishidan iborat. Jinoyat protsessual huquqi tizimi nafaqat sud faoliyatini, balki dastlabki tergov organlari faoliyatini ham o‘z ichiga oladi.
Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi o‘rtasida juda ko‘p o‘xshash jihatlar ko‘zga tashlanadi (masalan, prinsiplarning, protsessual shaklning umumiyligi). Jinoyat protsessual huquqi bilan qiyoslaganda ushbu huquq sohalarida ko‘riladigan nizoning xarakteri anchayin bir-biriga o‘xshash. Lekin fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi turli sudlarning faoliyatini tartibga soladi.
Fuqarolik protsessual huquqining boshqa huquq tarmoqlari bilan o‘zaro aloqadorligi huquq tizimining tarkibiy qismlari o‘zaro birgalikda ishlashini nazarda tutuvchi mamlakatimiz huquq tizimining tizimliligi bilan izohlanadi.



Yüklə 119,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin