1-Mavzu. Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va bilish usullari
Asosiy savollar:
1. Iqtisodiyot va uning bosh masalasi
2. Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari
3. Iqtisodiy qonunlar va kategoriyalar (ilmiy tushunchalar)
4. Iqtisodiy jarayonlarni ilmiy bilishning uslublari
Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni:
1-savol. Iqtisodiyot nazariyasi fanini, uning qonun-qoidalarini bilish uchun,
eng avvalo, iqtisodiyotning o‘zi nima, uning vazifasi nimalardan iborat, degan
savolga javob berish lozimdir.
CHeklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib, kishilarning yashashi,
kamol topishi uchun zarur bo‘lgan hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va
iste’molchilarga etkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog‘liqlikda amal
qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, bir so‘z bilan, iqtisodiy faoliyat deb
ataladi.
Qadimda iqtisodiy faoliyatning asosiy shakli uy xo‘jaligi doirasida ro‘y
bergan. SHuning uchun qadimgi yunon olimlarining (Ksenofon, Platon, Aristotel)
asarlarida iqtisodiyot - uy xo‘jaligi va uni yuritish qonunlari deb tushuntirilgan.
CHeklangan iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanib, aholining to‘xtovsiz
o‘sib boruvchi ehtiyojlarini qondirish maqsadiga erishish, resurslar va
mahsulotlarni to‘g‘ri taqsimlash yo‘llarini topish iqtisodiyotning asosiy
mazmunini tashkil etadi.
Insonning yashashi va kamol topishi, umuman insoniyatning rivojlanishi
uchun kerak bo‘lgan hayotiy vositalarga bo‘lgan zaruriyati iqtisodiyot nazariyasi
fanida ehtiyoj deb ataladi.
Iqtisodiy resurslar deganda jamiyat, mamlakat, ayrim korxona va firma, oila
ixtiyorida to‘planib, ayni vaqtda mavjud bo‘lgan, tovar ishlab chiqarish, xizmat
ko‘rsatish, ularni iste’molchiga etkazib berishda hamda iste’mol jarayonlarida
foydalanish mumkin bo‘lgan imkoniyatlar, qo‘r-qutlar va manbalar tushuniladi.
Tabiiy resurslar (er, suv, o‘rmon, er osti boyliklari), ishchi kuchi resurslari, moddiy
resurslar (binolar, dastgohlar, mashinalar, asbob-uskunalar, inshootlar, qurilmalar,
sotishga tayyor tovarlar, ularning qo‘r-qutlari, pul mablag‘lari va boshqalari) ana
shular jumlasidandir.
Inson rivojlangan sari uning ehtiyojlari ham shiddat bilan o‘zgarib, ortib
boradi. Iqtisodiy resurslar esa cheklangan. Iqtisodiyotning doimiy va bosh
masalasi ehtiyojlarning cheksizligi va iqtisodiy resurslarning cheklanganligidir.
Inson tomonidan yaratilgan tovarlar va xizmatlarning, resurslarning harakati
bo‘yicha takror ishlab chiqarish turli fazalardan - ishlab chiqarish, ayirboshlash,
taqsimlash va iste’mol qilish jarayonlarining birligidan iboratdir. Bularning ichida
eng asosiysi va boshlang‘ichi ishlab chiqarish jarayonidir. CHunki hamma tovar
va xizmatlar xuddi shu bosqichda yaratiladi.
Ikkinchi muhim faza esa taqsimot jarayonidir. Bu bosqichda, eng avvalo,
ishlab chiqarish vositalari, kapital va ishchi kuchi, tovar va xizmatlarning alohida
turlari, ishlab chiqaruvchi tarmoqlar, sohalar, hududlar va nihoyat, korxonalar
o‘rtasida taqsimlanadi. Undan tashqari, ishlab chiqarish natijasi bo‘lgan tovar va
xizmatlar, ularning pul holidagi ko‘rinishi bolgan daromadlar ham taqsimlanadi.
Dostları ilə paylaş: |