1-mavzu: Kirish. Mustaqillik davrida “O‘zbek xalq og'zaki ijodi”ni o'rganilishi. Folklor ma’naviv tarbiyaning poydevori. Reja



Yüklə 1,96 Mb.
səhifə26/103
tarix24.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#192618
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   103
Folklor mavzular

Ertaklar tasnifi. Xalq ertaklari ifodalayotgan voqeligining sajiyasiga, g`oyaviy mazmuniga, obrazlar talqiniga, badiiy tili va uslubiga, voqelikni aks ettirish tarziga, syujet va kompozisiyasi qurilishiga, bunda xayoliy va hayotiy uydirmaning tutgan o`rni va vazifasiga ko`ra tasnif qilinadi. Shu xususiyatlariga ko`ra folklorshunos V.Ya.Propp rus xalq ertaklarini sehrli, novellistik, kumulyativ, hayvonlar haqida va hayotiy kabi besh turga bo`lsa18, o`zbek ertakshunosi M.Afzalov ertaklarni fantastik va realistik turlarga bo`lib, hayvonlar haqidagi ertaklarni fantastik ertaklar tarkibiga qo`shib yuborsa-da, bu tasnifiga rioya qilmay hayvonlar haqidagi ertaklarni alohida o`rganadi va shu zaylda o`zbek xalq ertaklarining uch ichki xilga egaligini e’tirof etadi: Bularni: a) hayvonlar haqidagi ertaklar; b) sehrli-fantastik ertaklar va v) hayotiy – satirik ertaklar tarzida ifodalaydi.19 Uning shogirdi K.Imomov esa ustozi tasnifiga asoslanib, o`zbek xalq ertaklarini sehrli va hayotiy singari ikki turga bo`lib, hayvonlar haqidagi ertaklarni sehrli ertaklar silsilasida o`rganmoqni ma’qul topadi. O`z navbatida, hayotiy ertaklarni ham jangnoma tipidagi, ishqiy-sarguzasht tipidagi va hajviy kabi uch ichki xilini farqlab ko`rsatadi.20 S.Jumaeva va Z.Usmonovalarning tadqiqotlari o`zbek xalq ertaklari silsilasida hayvonlar haqidagi ertaklar alohida guruhni tashkil etishini, shuningdek, novellistik ertaklar ham talaygina ekanligini yorqin tasdiqlaydi.21 Ana shu mulohazalarga tayanib, hozircha o`zbek ertaklarining uch ichki turini farqlab o`rganmoq ma’qul topildi. Bular tubandagilar:

  1. Sehrli -fantastik ertaklar.

  2. Hayvonlar haqidagi ertaklar.

  3. Maishiy-hayotiy ertaklar.

Sehrli-fantastik ertaklar. Bu tipdagi ertaklar batamom xayoliy uydirma asosiga qurilganligi, ibtidoiy insonning animistik tasavvur-tushunchalarini ifodalab kelishi jihatidan boshqa turdagi ertaklardan keskin farq qiladi. Ularda, M.Gorkiy ta’rificha: «hammadan ham «uydirma» hodisalarni oldindan ko`ra biluvchi tafakkurimizning ajoyib xususiyati ibratlidir. Ertakchilar xayoliy «uchar gilamlar»ni aeroplanlar ixtiro qilinmasdan necha asrlar ilgari, afsonaviy tez harakatlarni parovoz, gaz va elektromotorlar bunyodga kelmasdan birmuncha vaqt ilgari bilgan edi insonning ajoyib xususiyatlaridan biri-»faraz»ni ham fantaziya, «uydirma» vujudga keltirib tarbiyalagan.”22 Chindan-da, kishilik taxayyuloti bilan yaratilgan oynayi jahonnamo – televizor, uchar gilam- samolyot, o`zi yurar etik yoki kovush –mashina, poezd, ur to`qmoq – zamonaviy avtomat qurollar tarzida endilikda moddiylashganki, bular qachonlardir xalq fantastikasida yaratilgan sehrlanish hodisasining mo`jizaviy oqibati hisoblanadi.
Sehrli-fantastik ertaklarda voqelik favqulodda shiddatli sirli tusda, g`ayrioddiy muhitda, sehr-jodu ishtirokida, g`ayritabiiy personajlar hamkorligida yuz berishi bilan xarakterlanadi. Ularda voqea yuz berayotgan makon va zamon tilsimli, sirli bo`ladi. Jonsiz narsalar jonlantiriladi va ular insonlardek xatti-harakatda tasvirlanadi. Tabiatdagi narsa-hodisalarni inson qiyofasida tasavvur qilish-antromorfizm23 deb yuritiladi.
Sehrli –fantastik ertaklarda evrilish fantastik motivi yetakchidir. Shunga ko`ra qahramon sehr – jodu yordamida turli shakllarga kiradi, o`z qiyofasini o`zgartirish imkoniga ega bo`ladi. Ertak qahramonining turli –tuman narsa-buyumlarga, hayvon va parrandalarga aylanishi metamorfoza24 hodisasi sanaladi. Ularda qahramonlar sehrli-tilsimli predmetlar yordamida o`z istak-tilaklarini ro`yobga chiqaradiki, buning zamirida ibtidoiy insonlarning magik tasavvur –tushunchalari yotishidan darak beradi.
Sehrli-fantastik ertaklarda dev, pari, jodugar, alvasti, jin singari g`ayritabiiy personajlar-demonologik obrazlar ishtirok etadi. Ular sehr-jodu kuchiga ega, kerakli narsa-hodisalarni, jonivorlarni istagan paytda o`z sehru jodusi bilan bordan yo`q, yo`qdan bor qila biladi, ularni o`zi xohlagan qiyofaga sola oladi. Bunday xususiyat Xizr, Simurg`, yalmog`iz kampir va ajdar ( uch boshli, yetti boshli) kabi mifologik-personajlarga ham xos. Biroq Xizr, Simurg` personajlari hamisha homiy sifatida ijobiy mohiyatga ega. Yalmog`iz kampir esa goh homiy sifatida ijobiy fazilatlar sohibi, goh o`ta shafqatsiz, har qanday razillikdan qaytmaydigan, hatto odamxo`rlikdan huzurlanadigan salbiy personaj sifatida harakat qiladi. Bu personajlarning barchasi ibtidoiy ajdodlarimizning qadimgi mifologik tasavvur-tushunchalarini o`zlarida badiiy modellashtirgan, ibtidoiy insonlarning nafaqat animistik, balki totemistik qarashlarini ham ifodalagan. Bu holni ertak qahramonlariga totem25 tarzida e’zozlanuvchi ot, bo`ri, qo`chqor, kaptar va boshqa jonivorlarning yaqindan yordam berib, ular g`alabasini ta’minlashlari motivida ko`rish mumkin.
Sehrli – fantastik ertaklarda, albatta, bosh qahramon inson aql-zakovatiga qarshi turuvchi yovuz kuchlar bilan shiddatli va mardonavor kurashib, ular ustidan g`alaba qozonarkan, inson aqlu zakovatiyu kuch-g`ayratining yengilmas qudratini namoyish etadi. Ularda bosh qahramon ertakning boshlanishidan to oxirigacha xayoliy uydirma qobig`ida berilganligi tufayli uning tug`ilishi ham, unib-o`sishi ham g`ayritabiiy holda tasvirlanadi.
Shuni eslatish o`rinliki, sehrli-fantastik ertaklarning mazmun-mundarijasini tashkil etuvchi motivlar g`oyat ko`p va behad rang-barangdir. Ular orasida ayniqsa, sayohat motivi, sarguzasht motivi, sinov motivi, tush motivi, evrilish, befarzandlik, tasodifiy homiladorlik, keksalikda farzand ko`rish, g`ayrioddiy tug`ilish va ulg`ayish, yetimlik, o`gaylik singari motivlar ko`p uchraydi. Jumladan, sinov motivining o`zi ikki xil ko`rinishda:
a) topishmoqli sinov tarzida; qahramon aql quvvatini sinash orqali inson aqlu zakovatini ulug`laydi;
b) qo`l kuchi-musobaqa sinovi tarzida; qahramonning jismoniy kuch-qudratini sinab, inson jismoniy kamolotini sharaflashga xizmat qiladi.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin