Chorvachilikka aloqador qo`shiqlar. Xalqimiz qadimdanoq chorvachilik bilan ham shug`ullanib kelgan. Bu kasb xalqimiz hayotida muhim o`rin egallagan. Xalq orasida ot boquvchini yilqiboqar, tuya boquvchini tuyaboqar, sigir va ho`kiz boquvchini podachi, qo`y-echki boquvchini qo`ychivon yoki cho`pon, tovuq boquvchini-parrandaboqar deyish ananaga aylangan. Turlituman qushlarni parvarish qiluvchilar nomiga Qushchi nisbatini qo`shib aytishgan.
Ot, tuya, ho`kiz kabi jonivorlar hamisha chorvador va dehqonning mehnat jarayonidagi yaqin ko`makchisi bo`lgan. Ular orqali qadimgi ajdodlarimiz olis manzilni yaqin, mashaqqatli ishni oson qilishgan. Shu bois bu jonivorlarni qadimgi kishilar totem va kult darajasiga ko`tarib ardoqlashgan. Ularga nisbatan alohida etibor bilan munosabatda bo`lishgan. hatto doston, afsona, ertak, rivoyat kabi xalq asarlarida bu jonivorlar bilan bog`liq turli epik talqinlar paydo bo`lgan.
Qo`ylarni sog`ish va qo`zilarni emizish jarayonida kuylanadigan turey-turey qo`shiqlarida ona sovliqni madh etish, uni iydirishga qaratilgan erkalash motivlari yetakchilik qiladi.
Turey-turelar ko`pincha qorako`lchilikda terisini olish uchun 3-4 kunligidayoq (barraligidayoq) so`yib yuborilgan qo`zichoqlarning onalarini sog`ish uchun kuylanadi. Shu sababli ularda ona qo`yning o`z bolasini qidirishi, uni izlab marashiga hamdardlik bildirish, achinish motivlari katta o`rin tutadi.
Sovdi bo`lib sovdirgin, turey-turey,
Sovsa kadi to`ldirgin, turey-turey.
Buncha kuyma jonivor, turey-turey,
Taqdirga endi ko`ngin, turey-turey.
Qo`shiqda o`z bolasini izlayotgan ona qo`yni tinchitish, taqdirga tan berishga ko`ndirish motivlari ifoda etilgan.
Churiyala yoki churey-chureylar echkilarni sog`ish yoki uloqlarni emizish paytida ijro etilgan. Ularda echkini iydirish, bolasini emdirishga qarshilik qilmaslik motivi ustunlik qiladi. Churiyalarda ko`pincha echkining, sersut yelini, soqoli, shoxi yoki qashqasi maqtaladi:
Og`ziginangda o`ting bor, churey-churey,
Elinginangda suting bor, churey-churey,
Sersoqolim jonivor, churey-churey,
Kerilib turgan buting bor, churey-churey.
Ayrim churiya qo`shiqlarida sof ishqiy motivlar ham ifodalangan. Faqat ulardagi churiya so`zining takrori uning sog`im qo`shig`i ekanligini bildirib turadi.
Churiyalar turey-tureylarga nisbatan bir oz cho`ziqroq ohangda aytiladi.
Sog`im qo`shiqlari sog`ilayotgan hayvonga shaxs sifatida murojaat qilish, unga so`z yordamida tasir ko`rsatish tasavvuri bilan yaratilgani bois ularda tashxis (jonlantirish) sanati markaziy o`rin egallaydi. U kuylovchiga o`z ichki dardlarini, ruhiy holatini, alam-iztiroblarini bayon qilish uchun muhim vosita sifatida xizmat qiladi.
Sog`im qo`shiqlari barmoq vaznida, mustaqil to`rtliklar shaklida yaratiladi. Ular, asosan, a-a-b-a tarzida qofiyalanganligi kuzatiladi.