1-mavzu: Kirish. Mustaqillik davrida “O‘zbek xalq og'zaki ijodi”ni o'rganilishi. Folklor ma’naviv tarbiyaning poydevori. Reja


Dehqonchilikka aloqador qo`shiqlar



Yüklə 1,96 Mb.
səhifə32/103
tarix24.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#192618
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   103
Folklor mavzular

Dehqonchilikka aloqador qo`shiqlar. Xalqimiz azal–azaldan dehqonchilik bilan shug`ullanib, shuning orqasidan tirikchilik o`tkazib kelgan. Dehqon mehnati erta bahorda yer haydashdan boshlanadi. Biroq erta bahorda, ilik uzildi vaqtida kamquvvat bo`lib qolgan inson uchun yer haydashdek og`ir jismoniy mehnatni bajarish oson kechmaydi. Shu paytda dehqonlar qo`shiq kuylab, o`zlarini ovutganlar va shu orqali biroz bo`lsa-da, og`ir mehnatning qiyinchiligini unutganlar. Qo`sh haydash paytida ijro etiladigan qo`shiqlar qo`sh qo`shiqlari deyiladi. Ularda qo`shchi yoki qo`shga qo`shilgan ho`kiz tilidan og`ir mehnatdan qilingan shikoyat yoxud ish hayvoniga murojaat motivlari yetakchilik qiladi.
Qo`sh qo`shiqlarida ko`pincha uchta an’anaviy obraz ko`zga tashlanadi. Bular–zolim boy, mehnatkash, qashshoq dehqon hamda ezilgan, jabrlangan ho`kiz obrazlaridir.
Qo`shchi qo`shiqlari qadimiy mehnat qo`shiqlari sirasiga kiradi. Ular yolg`iz qo`shchi tomonidan bevosita qo`sh haydash paytida goh baland ovozda, goh xirgoyi qilib ijro etiladi. Uning asosiy vazifasi og`ir mehnat paytida dehqonning o`z ko`ngil dardlarini aytib, o`z-o`ziga taskin berish, o`zini ovutish, ruhini ko`tarishdan iborat.
Hozirgi paytda yerlarning traktorlar yordamida haydalishi qo`sh qo`shiqlaridan foydalanishni bekor qildi. Shu sababli qo`sh qo`shiqlari yaratilishdan va jonli ijroda yashashdan mahrum bo`ldi.
O`rim qo`shiqlari–dehqon mehnatining samarasi yuzaga chiqayotgan o`rim lahzalarida kuylanadi. Shundan bo`lsa kerakki, ularni ko`tarinki ohangda ijro etish an’anaviydir.
O`roqchi hasharchilarning o`rim-yig`im paytida o`zlarini ovutish uchun maxsus to`qigan qo`shiqlari o`rim qo`shiqlari deb yuritildi. Ular yakka shaxs yoki jamoa tomonidan ijro etiladi. Bu xil qo`shiqlarda dehqonning bilak kuchi, uning asosiy mehnat quroli-o`roq maqtaladi. Arpa, bug`doyning xalq tirikchiligi uchun naqadar qimmatliligi, ro`zg`orning qut-barakasini ta’minlovchi vosita ekanligi tarannum etiladi. O`rim qo`shiqlari dehqonchilik bilan bog`liq xalq she`riyatining kattagina qismini tashkil etadi. Lekin ularning juda oz qismigina bizgacha yetib kelgan.
O`rog`im olmos,
O`rimdan qolmas,
Sira ham tolmas,
O`rmasam bo`lmas,-
deya kuylanadi o`rim qo`shiqlarida kuchli ishtiyoq va yengil ohang bilan. O`rim qo`shiqlari, asosan, 5-8 hijoli barmoq vaznida yaratilib a-a-a-a; a-a-b-a; shaklida qofiyalanib keladi.
O`rim hashari paytida ba’zan o`roqchilar o`rtasida dehqonchilik ekinlari tilidan dialog tarzidagi qo`shiqlar, turli lirik aytimlar yoki qiziqarli dostonlar, xususan, “Yozi va Zebo” dostonidan parchalar kuylash an’anaga aylangan. Bu parchalar “yozixonlik” yoki “yozilar” deb atalgan.
Hozirgi paytda donni, asosan, kombaynlar yordamida o`rib-yig`ib olish tufayli o`rim qo`shiqlarini ijro etish deyarli so`nib, ular unutilib bormoqda.
Yanchiq qo`shiqlari yoki Ho`p –maydalar. Bu turkumga kiruvchi mehnat qo`shiqlari xalq o`rtasida “Ho`p qo`shiqlari”, “Maydalar”, “ho`p maydalar” yoki “Maydagul” deb yuritiladi. Ularni o`rilgan donni xirmon qilib yanchayotganda, mungli baland ovoz bilan cho`zib ijro qiladilar. Bu xil qo`shiqlarda dehqonning yoz bo`yi qilgan og`ir mehnati natijasida yetishtirilgan hosilni tezroq yanchib olish istagi bayon etiladi. Poxolidan ayrilgan don dehqon uchun, poxoli esa ish hayvoni uchun qishki ozuqa ekanligi alohida ta’kidlanadi. Ish hayvoni tez va sifatli ishlashga da’vat etiladi.
Yanchiq qo`shiqlarining mavzu doirasi chegaralanmagan. Ularda dehqonning og`ir hayoti tasviri, qiyin mehnat sharoiti, ho`kizi bilan dardlashishi, unga iltijo va do`q-po`pisa qilishi motivlari bilan birga ishqiy iztiroblari, lirik ruhiyati bayoni ham o`z ifodasini topadi. hatto ayrim yanchiq qo`shiqlari sho`x va hajviy ruhda yaratilganligi bilan diqqatni tortadi.
Mayda qo`shiqlarida ko`pincha Bobo Dehqon, Xo`jayi Xizr obraziga murojaat motivi uchraydi. Chunki O`rta Osiyo aholisi o`rtasida dehqonchilik va hosildorlik piri sifatida Bobo Dehqon kultiga yoki Xo`jayi Xizrga sig`inishgan. Bobo Dehqon yoki Xo`jayi Xizr ayni sahar chog`ida ko`tarilgan xirmonlar boshida paydo bo`lib, unga qut-baraka bag`ishlarmish. Shu tasavvur-tushunchalar asosida dehqonlar hamisha barvaqt turib ish boshlashga, o`z ishiga mehr va vijdonan yondashishga odatlanishgan. Mayda-mayda morisin, mayda-yo mayda,
Don somonidan arisin, mayda-yo mayda.
Ayni sahar bo`lganda, mayda-yo mayda,
Bobo Dehqon dorisin, mayda-yo mayda.
Mayda qo`shiqlarining yaratilishi aytuvchining badihago`ylik iqtidoriga bog`liq. Ularda dehqonning rang-barang tuyg`ulari o`z ifodasini topgan.
G`allani o`rish va yanchish ishlari texnika yordamida amalga oshirila boshlangach, mayda qo`shiqlari ham asta-sekin unutilib bormoqda.
Yorg`ichoq qo`shiqlari. Yorg`ichoq qo`l tegirmoni bo`lib, u suv va shamol tegirmonlari kashf etilmasdan oldin paydo bo`lgan. Uni qo`l yordamida aylantirganlar. Yorg`ichoq aylantirish-og`ir va unumsiz ish. Bu ishni, asosan, ayollar bajarishgan. Shu sababli yorg`ichoq qo`shiqlarining ijodkorlari ham ayollar hisoblanadilar.
Yorg`ichoq qo`shiqlarida kun bo`yi yorg`ichoq tortishning jismoniy va ma’naviy mashaqqati, og`ir toshni aylantirish ayol kishi uchun naqadar qiyin ekanligi, binobarin, tegirmonning undan afzalligi, ayollarning turmush tashvishlari mungli nidolar bilan kuylanadi.
Yorg`ichoq qo`shiqlarining ayrim namunalari satirik xarakterda yaratilganligi bilan diqqatni tortadi:
Yorg`ichog`im guldur-guldur,
Bo`g`zing to`la oppoq undir.
Boy boboning xonadoni
Ikkimizni yeydur-eydur.
Qo`shiqda boy-zodagonlarning xasisligi, tekinxo`r va ochko`zligi keskin fosh etilmoqda.
Hozirgi paytda yorg`ichoqdan foydalanilmayotgani bois unga aloqador qo`shiqlar ham kuylanmay qoldi.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin