Birinchidan, o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, ajdodlarimizning moziyda qolgan hayot tarzini, ular yaratgan moddiy-madaniy, ma’naviy-mafkuraviy qadriyatlarni o‘rganadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani tarixiy voqea va hodisalarni qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik, xronologik asosda o‘rganadi. Shuningdek, tarixiy voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy va haqiqiy emasligi, ular qachon, qayerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda tarixan voqe bo‘lganligi aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning aniq shakl-shamoyillari va holati aniqlanadi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani o‘tmishdagi iqtisodiy-ijtimoiy hayotning ahvoli, rivojlanishi va tanazzulining sabab hamda oqibatlarini o‘rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. Bu esa kelajak avlodlar uchun dasturulamal bo‘ladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyoti va inqirozlarining faqat bir tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy o‘zaro bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani, O‘zbekistonning o‘tmishidagi va hozirgi hududida eng qadimgi davrlardan to hozirgacha kechgan voqeliklar, insoniyat hayoti, tabiat va jamiyat taraqqiyoti va tanazzulini tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa, mana shu makondagi jamiki xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining o‘rganish makoni-obyekti O‘zbekistonning tarixidir. Tarixiy obyekt (makon)ga nisbatan O‘zbekiston tarixi fanining maqsadi, vazifasi, yo‘nalishi va harakat (faoliyat) doirasi yoki chegarasi belgilanadi. Ma’lum bir ma’noda obyekt bilan predmet bir-biriga juda yaqin tushuncha bo‘lsa-da, ular tarix fanida tutgan o‘rni va vazifasi bilan farqlanadi.
Obyekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar, ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, shular doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir butun obyekt ichidagi aniq tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iboratdir.
O‘zbekiston eng yangi tarixi fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy fan bo‘lib, inson va millat, o‘z o‘tmishini bilishi, o‘zligini o‘zi anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturulamal hisoblanadi. Shu bilan birga, u ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas. Jamiyat, insoniyat va tabiatning o‘tmishini o‘rganuvchi boshqa soha fanlari ham bor.
Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham, tarixchilar falsafani, adabiyot va tilni, dinshunoslikni va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.
Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘rganish obyekti bitta ya’ni jamiyatdir. Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuningdek, tarix fani ham boshqa soha fanlari rivojiga katta ta’sir etadi. Ammo, shuni ham ta’kidlash joizki, tarix boshqa fanlarni, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham tarixidir. Chunki boshqa fanlarning hammasi ham tarix mahsulidir.
Xulosa shuki O‘zbekiston eng yangi tarixi fani, ya’ni Vatan tarixi, millat va Vatan taqdirini ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi.