Fanni o’rganishning nazariy-uslubiy asoslari.
Har qanday fan kabi O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ham o‘zining metodologik ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega. Bular O‘zbekiston tarixi fanining asosini tashkil etib, uni rivojlanishi, jamiyat va millat manfaati yo‘lidagi nufuzining ortib borishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar Vatan tarixining haqqoniy yozilishi, tarixiy haqiqatni yuzaga chiqishiga xizmat qiladilar.
Agar tarix insoniyat yashab rivojlanishi uchun ijtimoiy zaruriyat va ma’naviy-ma’rifiy ehtiyoj bo‘lsa, tarix fani esa, bu ehtiyojlarni ro‘yobga chiqishi uchun ma’sul bo‘lgan yuksak intellektual ilmiy-amaliy faoliyatdir. Buning samarali bo‘lishi, ya’ni tarix fani rivojlanishida metodologik ilmiy g‘oya va nazariyalar hamda usul va uslubiy tamoyillarning ahamiyati benihoya kattadir. Chunki bular tarixning mazmun va mohiyati hamda falsafasini chuqurroq ochib berishga, shuningdek, tarix fanining maqsad va vazifasini to‘laroq ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston tarixi fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari, g‘oya va ta’limotlari nimalardan iborat bo‘lishi o‘ta muhim masala hisoblanadi.
Tarix falsafasi tarix fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari to‘g‘ri va haqqoniy belgilanishida o‘ta muhim ahamiyatga ega. Tarixchi olimlar tarix falsafasini qanchalik chuqur va to‘g‘ri anglasalar, ular tarix fani metodologiyasini shunchalik mukammal qilib belgilay oladilar.
Tarix falsafasi tarix va umuman tarixiy jarayon olimlar tomonidan aqlan har tomonlama to‘g‘ri tasavvur va his etilishidir. Yanada aniqroq aytsak, tarix falsafasi tarixiy jarayonning mazmuni va mohiyati hamda rivojlanish qonuniyatlarini o‘zida aks ettirish bilan birga, ularni bilish va o‘rganish, yozishning eng qulay, to‘g‘ri hamda maqsadga muvofiq yo‘li - usullarini belgilaydi. Umuman olganda, tarix falsafasi tarix sabog‘i va tajribasidan kelib chiqib, belginlangan obyektiv xulosadir. Lekin, bu obyektivlik subyektiv xarakter va mazmun hamda mohiyatga ega bo‘ladi. Chunki har bir subyekt, ya’ni olim o‘z intellektual bilim salohiyati, tafakkur doirasidan kelib chiqib, obyektivlikka harakat qiladi.
Buning uchun esa, tarixchi olimlar butun insoniyat, millat, xalq va o‘rganish obyekti (ma’lum mavzu) evolutsiyasini, uning ma’no va mazmunini to‘g‘ri bilishi, tahlil qila olishi kerak. Agar tarix falsafasi tarixiy voqealiklar tahlilidan kelib chiqadigan haqiqat (xulosa)larning so‘zdagi aniq ifodasi bo‘lsa, tarix fani metodologiyasi mana shu tarixiy haqiqatlarni ro‘yobga chiqishi – tarix haqiqiy yozilishi uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dasturamaldir. Eng qisqa va tushunarli qilib aytsak, umuman metodologiya fanlarning fani ya’ni dirijori.
O‘tgan istiqlol yillarida tarixchi olimlarimiz Vatanimiz tarixini butunlay yangidan o‘rgandi va o‘zlashtirdi, uni darsliklar asosida qayta yozishga muvaffaq bo‘ldilar. Bir qator monografik asarlar yozildi va eng dolzarb mavzularda o‘nlab ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi hamda dissertatsiyalar himoya qilindi.
O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov va hukumat Vatan tarixini qayta yozish va uni asosiy tarbiya quroliga aylantirish uchun «yangi tarix» g‘oyasini olg‘a surdi. O‘zbekiston tarixi yetakchi fan sifatida maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida ilk bor, keng miqyosda, eng qadimgi davrdan boshlab to hozirgacha o‘rganila boshlandi.
Bularning samarasi o‘laroq, keyingi paytda O‘zbekiston tarixi fani metodologiyasini yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Avvalo, metodologiya haqida to‘xtalsak, metodologiyaning lug‘aviy ma’nosi grekcha «methodos» va «logos» degan ikki so‘z birikmasidan iborat bo‘lib, metod ya’ni usul – tadqiqot olib borish usuli (yo‘li), nazariya, ta’limot, logiya esa fan deganidir. Demakki, metodologiya, ya’ni uslubiyat ilmiy tadqiqot olib borish yoki biror bir masalani ilmiy o‘rganishning eng qulay usullari, eng to‘g‘ri va mukammal g‘oyasi, nazariyasi va ta’limotlari majmuyidan iborat bir butun fandir. Boshqa ma’noda esa, metodologiya ilmiy bilish yoki ma’lum bir ilmiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirishda qo‘llaniladigan usullar haqidagi fandir. Demak, tarix fani metodologiyasi tarixni o‘rganuvchi va o‘qituvchilarni aniq maqsad sari to‘g‘ri yetaklaydi, ya’ni tarix haqqoniy yozilishi va o‘rganilishiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog‘liq bo‘lganidek, tarix fani metodologiyasi yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada ekanligiga ham bog‘liq. Bu holdagi uzviy ikki tomonlama bog‘liqlik umumiy qonuniyatidir. Mana shu o‘zaro aloqadorlik qonuniyati, qadim mumtoz tarixshunosligimiz va hozirgi zamon tamadduni sivilizatsiyasiga asoslangan holda O‘zbekiston tarixi fani metodologiyasini quyidagi ikki qismga bo‘lish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |