1-mavzu. Krish. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari Reja



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə67/72
tarix07.01.2024
ölçüsü1,35 Mb.
#202287
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   72
O\'zbekistonning eng yangi tarixidan majmua 2023-yil

2. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar.
Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari.
O‘zbekistonda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan aynan davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi yaqin hamkorlikka bog‘liq jarayondir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev: “Bizning yana bir muhim vazifamiz - fuqarolar, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro mas’uliyat, huquq va burch bog‘liq ekaniga oid prinsipni izchil amalga oshirishdan iborat. Bu prinsip mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalarni hal qilishda davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlaydigan konstitutsiyaviy asosdir. Biz barchamiz - fuqarolar ham, jamiyat ham, davlat ham Vatanimiz ravnaqi uchun, mamlakatimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash uchun, tarixiy, ma’naviy va madaniy merosimizni saqlash, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish uchun birdek mas’ulmiz” - deb ta’kidlagan edi.
Davlat dasturining “Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” deb nomlangan birinchi yo‘nalishini amalga oshirishda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini tubdan yaxshilash, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Davlat boshqaruvini takomillashtirish, eng avvalo, davlat xizmatini isloh qilish, iqtisodiyotda davlat boshqaruvini kamaytirish, davlat va xususiy sektorlarning o‘zaro foydali hamkorligining zamonaviy shakllarini, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xalq bilan samarali muloqotni ta’minlash Davlat dasturining eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘ldi. Shu munosabat bilan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, nodavlat-notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, shuningdek, mahallaning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Mamlakatimizda fuqarolarning ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish institutlari orqali jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida 2018-yil 12-aprelda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunga binoan fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’yektlari etib belgilandi.
Yangi O‘zbekiston rivojining muhim jihatlaridan biri davlatning fuqarolar bilan doimiy muloqoti hisoblanadi. Ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida davlat bunday muloqotning tashabbuskori bo‘lib chiqmoqda va quyidagi shakllarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rag‘batlantirmoqda: - Davlat boshqaruvi organlarida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan matbuot xizmatlari; - 2018-yilda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi uchun tashkil etilgan regulation.gov.uz veb portali; - fuqarolarning qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan jamoatchilik murojaatlari Mening fikrim portali yordamida fuqarolar jamiyat va davlat hayotiga oid dolzarb masalalar yuzasidan elektron shaklda jamoaviy murojaat qilish uchun imkoniyat yaratildi. Portal ishga tushirilishi natijasida jamoatchilik tashabbuslari uchun yagona maydon shakllandi, kelgusida u fuqarolarning qonunchilik tashabbuslarini ifoda etib, fuqarolik jamiyati rivojlanishining kuchli impulsi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati asoslarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar fuqarolik jamiyatining shakllanishi bo‘yicha quyidagi bosqichlarga bo‘linadi: Birinchi bosqich o‘z ichiga 1991-2000-yillarni qamrab oladi. Bu davrda, birinchi navbatda, fuqarolik jamiyatining asoslari yaratildi. Ikkinchi bosqich 2000-2010-yillarda mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiyalash bo‘yicha faol jarayonlar davom ettirildi. Uchinchi bosqich 2011-2016-yillar. Bu davrda fuqarolik jamiyati qurishga doir huquqiy asoslar rivojlantirildi, fuqarolik jamiyatining ijtimoiy tayanchi - o‘rta ijtimoiy qatlam yanada mustahkamlandi. To‘rtinchi bosqich 2017-yilda boshlanib, fuqarolik jamiyatini shakllantirishning amaliy jihatlarini namoyon bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyalari “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” va “Taraqqiyot strategiyasi”da yanada rivojlantirilib, bu sohadagi tub burilish davrini boshlab berdi hamda fuqarolik jamiyati shiddat bilan rivojlanib, o‘zini har tomonlama namoyon eta boshladi. Bu davrda Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar mazmuni yangi bosqich boshlanganidan dalolat bermoqda.
Ayni paytda Davlat dasturining “Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” yo‘nalishi ijrosi doirasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish hamda ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun davlat siyosati darajasida izchil, tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga yaqqol dalildir.
Ma’lumki, kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni kompleks o‘rganish, tahlil qilish va baholashning yaxlit, mustaqil tizimini shakllantirish lozim. Qolaversa, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish, ularni yanada rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqish uchun ilmiy-amaliy maydon yaratish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashining samarali faoliyatini ta’minlash bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim o‘ringa ega. Shu ma’noda Prezidentimizning mazkur qarori bilan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutini ta’sischilar kengashi tomonidan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi” etib qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik bildirilgani ayni muddao bo‘ldi. Shuningdek, ushbu hujjat asosida markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilab berildi. Mazkur yo‘nalishlarning har biri fuqarolik jamiyatida olib borilayotgan islohotlarni va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo‘limlardan iborat. 2016-yilda ilk bor mamlakat aholisi va hukumatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Xalq bilan samarali muloqotni ta’minlash dolzarb vazifalardan biri bo‘ldi. Ushbu qaror bilan endilikda bu borada olib borilayotgan ishlarni, xalq bilan muloqotning holati va rivojlanishini o‘rganish, davlat organlari faoliyati ochiqligini tizimli tahlil qilish zarurligi ko‘rsatildi. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida ilmiy va ekspert doiralar ishtirokida amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ularning natijalarini umumlashtirish asosida kelajakda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning milliy modelini yanada takomillashtirish va strategik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bu jarayonda yangi tashkil etilayotgan markaz tomonidan fuqarolik jamiyati rivojlanishining normativ-huquqiy tartibga solinishi holatini hamda ushbu sohada huquqni qo‘llash amaliyoti, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni o‘rganish, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Bundan tashqari jamiyatda siyosiy partiyalar rolini oshirish, raqobatdosh ko‘p partiyali tizimning rivojlanish darajasini tahlil qilish va siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarning elektorat manfaatiga xizmat qilishini ta’minlovchi loyihalar joriy etildi. E’tiborlisi, rivojlangan demokratik davlatlar tajribasi asosida davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqotni tashkil etib, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishning optimal yondashuvlarini ishlab chiqish ham Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Markazga fuqarolik jamiyati rivojlanishini, uning institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish doirasida qo‘shgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilgan. Bu esa islohotlarning ilmiy va tahliliy jihatdan puxta ishlab chiqilishi va natijada mamlakatimizning kelajakda har tomonlama rivojlanishida muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
Mamlakatimiz tub o‘zgarishlar davom ettirilayotgan hozirgi paytda mazkur vazifalarni bajarishda davlat organlari rahbarlari Markazga har tomonlama ko‘maklashadi, so‘ralgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etadi, undan olingan materiallar va tavsiyalarni ko‘rib chiqadi. Markaz o‘z vazifalarini bajarishi uchun shartnoma asosida yetakchi, shu jumladan, xorijiy muassasalar ekspertlarini jalb etish huquqiga egadir. Aynan qarorda ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganib, O‘zbekiston sharoitida uni joriy etish uchun 2020-2022-yillarda Markaz xodimlarini fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy tadqiqot va tahliliy institutlariga ish o‘rganish uchun yuborish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish zarurligi alohida belgilab qo‘yildi.
Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari.
Davlat dasturining ikkinchi yo‘nalishi qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlarini nazarda tutadi. Jumladan, qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Oliy sud kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.Yurtimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirish, sudlar tomonidan fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi vazifalar umume’tirof etilgan normalar asosida takomillashib bormoqda. Mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichidagi eng muhim yo‘nalishlaridan biri -qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirish hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida sud-huquq tizimini isloh qilish va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar izchilligini quyidagi bosqichlarga ajratish mumkin: Birinchi bosqich 1991-2000-yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda, yangi davlat va jamiyat barpo etishning oqilona strategiyasi ishlab chiqildi. Sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratilib, mamlakatimiz tarixida ilk bor Konstitutsiyaviy sud qaror topdi. Natijada yangi mazmundagi umumiy yurisdiksiya sudlari, xo‘jalik sudlari joriy etildi. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va odil sudlovga oid boshqa qonunchilik bazasi vujudga keldi. Fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlandi. 2000-yil 14-dekabrda “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi protsessual qonunchilikka sudlarda ish yuritishda tortishuvchilik prinsipini ta’minlash va amalga oshirish, jinoyat va fuqarolik tartibidagi ishlarni ko‘rishning barcha bosqichlarida prokuror hamda advokatning tengligini ta’minlash, odil sudlovni sifatli va tezkor amalga oshirish, sud qarorlari adolatliligini ta’minlash, yuqori turuvchi sudlarni yakuniy qaror qabul qilishda mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan qator o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilishini belgilab berdi. Shu maqsadda ishlarni apellyatsiya bosqichida ko‘rish tartibi joriy etilib, kassatsiya instansiyasi isloh qilindi. Natijada fuqarolik va jinoyat sudlarida birinchi instansiya va tergov organi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato kamchiliklarni tez hamda samarali ravishda bartaraf etish imkoniyati yuzaga keldi.
Ikkinchi bosqich 2001-2009-yillarni o‘z ichiga olib, ushbu bosqich faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri bo‘lib, bunda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, siyosiy hayot, qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy sohalarni izchil isloh qilish ta’minlandi. Jinoiy jazolarni liberallashtirishning yangi bosqichi 2001-yil 29-avgustda “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan boshlandi. Mazkur Qonunga ko‘ra: - jinoyatlarning tasnifi o‘zgartirilib, og‘ir va o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarning qariyb 75 foizi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi; - jinoiy jazo tizimidan insonparvarlik tamoyillariga mutlaqo zid bo‘lgan mol-mulkni musodara qilish tarzidagi jazo turi chiqarib tashlandi; - iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha qamoq va ozodlikdan mahrum etish jazolari o‘rniga jarima shaklidagi iqtisodiy sanksiyani qo‘llash imkoniyati ancha kengaytirildi, 11 ta moddaga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmasligi haqidagi qoidalar kiritildi; - jinoyat qonunchiligiga o‘zbek xalqining rahmdillik va kechirimlilik kabi ko‘p asrlik an’analariga mos bo‘lgan yarashuv instituti kiritilib, o‘tgan yillar davomida yarashganlik munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish mumkin bo‘lgan jinoyatlar doirasi ham kengaytirib borildi. Respublikamiz bo‘yicha 2015-yilda 14,482 nafar shaxs, 2016-yilda esa 14,843 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tomonlarning yarashganligi munosabati bilan tugatilib, ushbu shaxslar “sudlangan” degan ijtimoiy-huquqiy oqibatdan xalos bo‘lgan; - ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olishning bir yarim yildan o‘n oygacha qisqartirilishi, alohida hollarda esa, bir yilgacha muddatga uzaytirilishi mumkinligining belgilanishi, tuman va shahar prokurorlarining tergov hamda ayblanuvchini qamoqda saqlash muddatlarini uzaytirish huquqlari bekor qilinishi odil sudlovni amalga oshirishga, sudga qadar ish yuritishning tezkorligi va sifatini oshirishga, ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxslarni asossiz ravishda uzoq muddatda qamoqda saqlanishining oldini olishga imkon berdi; - jinoyat ishini sudda ko‘rishning 2 oylik muddatining belgilanishi va sudlarda ishni ko‘rish muddatini uzaytirish tartibining joriy etilishi jinoyat ishlarini ko‘rishni asossiz ravishda kechiktirilishining oldini olishga xizmat qildi.
Bu davr jinoiy jazolar tizimidagi o‘lim jazosini bekor qilinishi bilan ham ahamiyatlidir. Favqulodda jazo chorasi hisoblangan o‘lim jazosi 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran jinoiy jazolar tizimidan chiqarilib, o‘rniga og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va og‘irlashtiruvchi holatlarda terrorizm jinoyatini sodir etganlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Mazkur bosqichning o‘ziga xos xususiyati yana shundan iboratki, bunda sud hokimiyati bosqichma-bosqich mustahkamlandi, sudlarning mustaqilligi ta’minlandi, bu esa, o‘z navbatida, sud tizimini ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta’siridan chiqarish imkonini berdi. Jumladan, sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash, sud tizimi uchun kadrlar masalalari bilan shug‘ullanish vazifasi maxsus organ - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasiga yuklatildi.
O‘z navbatida, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi natijasida sud hujjatlari majburiy ijro etilayotganda yuzaga keladigan mulkiy yoki nomulkiy munosabatlarni tartibga solib, sudlar sud qarorlarini ijro etish kabi o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilindi. Shuningdek, prokuratura organlarining sud jarayoniga aralashuvini cheklash, prokuratura vakolatlarining bir qismini sudlarga o‘tkazish maqsadida 2005-yil 8-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, mazkur tartib 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran amalga oshirilishi belgilandi.
Ushbu bosqichda amalga oshirilgan islohotlar natijasida siyosiy, iqtisodiy, davlat-huquqiy munosabatlarning butun tizimi modernizatsiya qilinib, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini himoya etishning huquqiy asoslari yaratildi.
Uchinchi bosqich 2010-yildan 2016-yilga qadar bo‘lgan davrni o‘zi ichiga olib, mazkur bosqichdagi sud-huquq islohotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 12-dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma yig‘ilishida so‘zlagan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi” bilan bog‘liq bo‘lib, unda kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy davlat barpo etishda sud-huquq tizimini izchil isloh qilishning eng muhim jihatlari aks etdi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2012-yil 18-sentabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llash tartibi joriy etilib, jinoyat protsessida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirish imkonini berdi. Bundan tashqari ushbu Qonunga muvofiq sudning jinoyat ishi qo‘zg‘atishga doir vakolati chiqarildi. Amaldagi qonunchilikda prokurorning sud majlisida ayblov xulosasini o‘qib eshittirish bo‘yicha majburiyati aniq belgilanmaganligi sudning maqsad va vazifalariga zid ravishda ayblov xulosasini sudyalar tomonidan o‘qib eshittirilishiga sabab bo‘lgan. Yuqoridagi Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 439-moddasiga o‘zgartish kiritilib, birinchi instansiya sudida ish bo‘yicha ayblov xulosasini o‘qib eshittirish majburiyati prokuror zimmasiga yuklatildi.
Shuningdek, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlar ham davom ettirilib, 2015-yil 11-avgustda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi natijasida jinoiy jazolar tizimiga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga muqobil bo‘lgan yangi jazo turi - ozodlikni cheklash jazosi kiritildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning maqsadi tadbirkorlik sub’yektlariga erkinliklar yaratish, ularni jadal rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, 2015-yil 20-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksi 189-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari dekriminalizatsiya qilinib, jinoiy qilmishlar doirasidan chiqarildi, shuningdek, 184-moddasi: “Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun Ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi”, degan beshinchi qism bilan to‘ldirildi.
Sud-huquq tizimini isloh qilishning to‘rtinchi bosqichi 2016-yil sentabr oyidan keyingi davr bo‘lib, ushbu bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”, 2017-yil 20-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi bilan sifat jihatdan yangi davr boshlandi.
Qabul qilingan ushbu normativ hujjatlarda: - sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash); - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, uning o‘rniga Sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadigan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etish; - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud hokimiyatining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sudlov sohasida yagona oliy organi sifatida davr talablari asosida yangidan shakllantirilgani, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan holat - sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yilgandi. Bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda; - 2017-yil 1-iyundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudini birlashtirish, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudini tashkil etish, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarini, tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tashkil etish belgilandi.
Mazkur Farmon va Harakatlar strategiyasida qayd etilgan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2017-yil 29-aprelda “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, 2017-yil 6-aprelda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish kabi vazifalar bu boradagi ishlarning asosini tashkil etadi. 2017-yilning 1-aprelidan jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash, sud muhokamasini adolatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, jazoning adolatli va insoniyligi kafolatlarini kuchaytirishni inobatga olgan holda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning o‘rniga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoning muqobil turlarini qo‘llash imkoniyati kengaytirilmoqda. Ya’ni jinoiy jazolar tizimidan nisbatan qattiq ta’sir choralaridan biri chiqarilayotganligi jinoiy jazolarni liberallashtirishga, huquqbuzarlarga nisbatan tarbiyaviy-tuzatish ta’sir choralarining ilg‘or shakl va uslublarini keng qo‘llash bo‘yicha olib borilayotgan siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. Jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, jinoyat ishlarini tergov qilishning tezkorligini oshirish maqsadida jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovning eng ko‘p muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartirilmoqda.
Shuningdek, “Xabeas korpus” institutining qo‘llanish doirasini yanada kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda. Fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beruvchi muddatning 3 yildan 1 yilga qisqartirilishi fuqarolik huquqiy munosabatlarning barqarorligi, fuqarolik protsessi ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi. Yarashuv institutini jinoyat protsessida qo‘llash doirasini kengaytirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim turdagi jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish, jabrlanuvchining arizasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin bo‘lgan jinoyat tarkiblari ro‘yxatini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Ma’muriy sudlarni, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya sudlarini tuzish, sudya yordamchisi lavozimini ta’sis etish orqali sudlarni kelgusida ixtisoslashtirish va ularning devonini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Sansalorlikka va ishlarning ko‘rib chiqilishi sudlar tomonidan asossiz cho‘zib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish, quyi instansiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instansiyalarining vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yo‘nalish doirasida barcha huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini ro‘yobga chiqarish, aholi ularga erkin murojaat eta olishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda erkinliklari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarning, xabarlarning o‘z vaqtida olinishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimiga, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish 2018-2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish kontsepsiyasini ishlab chiqishni, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini o‘qitish, tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimini takomillashtirishni, murojaatlarni muntazam tahlil qilishni hamda vaqti-vaqti bilan uning natijalarini e’lon qilib borishni, advokaturani rivojlantirishni, notariat tizimini va FHDYo organlarini isloh qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Jamoat tartibini saqlash, avvalambor, voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzg‘unchi tahdidlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yakdil harakatlarni, ularni hamkorlikda va sifatli bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida 2018-yil 14-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra, taraqqiy etayotgan poytaxt xavfsizligining garovi sifatida harakatlar yakdilligi asosida barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishning amaliy mexanizmini joriy etish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasi asosida har bir mahalla kesimida diniy-ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etishning sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etishga, birinchi navbatda, ekstremistik oqim mafkurasi ta’siri ostiga tushib qolgan shaxslarni tuzatishga alohida e’tibor qaratish ishlari jadallashtirildi.
“Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan uchinchi yo‘nalishda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish uchun milliy valyuta va narxlarning barqarorligini ta’minlash, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, soliq ma’murchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, shuningdek, turizm industriyasini jadal rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ushbu yo‘nalish xususiy mulkni, moliya bozorini himoya qilish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, zargarlik sohasini rivojlantirish, ayrim milliy korxonalarning aksiyalarini (IPO) nufuzli xorijiy fond birjalariga dastlabki tarzda joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishga qaratilgan bo‘lib, quyidagi vazifalar hal qilishini lozim: - makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish; - tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish; - qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; - iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish hamda uning ustuvor mavqeyini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish; - viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali hamda optimal foydalanish.
Qayd etish lozimki, 2017-yilda Harakatlar strategiyasi doirasida iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha ma’no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida dadil qadamlar qo‘yildi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bozor iqtisodiyoti va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning samarali sharti - dunyo bozoriga chiqish, kichik biznes va tadbirkorlikning tashqi iqtisodiy faoliyatda, investitsiyalar jalb qilishda qatnashishi, yangi, zamonaviy texnologiya va menejmentni joriy etishdir.
Noaniqliklar manbai bo‘lgan globallashuv sharoitida dunyo iqtisodiyotida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va tizimli islohotlarni amalga oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning omili sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ahamiyati ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Xitoyda ish bilan band aholining 81,4 foizi, yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 54,3 foizi, Yaponiyada mos ravishda 70,8; 67,0 foizi, AQSh da 50,6; 53,1 foizi kichik biznes ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar milliy iqtisodiyotimizda xususiy mulkning o‘rni va rolini, YaIMdagi ulushini izchil oshirish, ularning moddiy va kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish, biznes muhitini yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidentligiga saylangan birinchi kunlaridanoq mamlakatni yalpi liberallashtirish siyosatini yuritmoqda. Bugun O‘zbekiston iqtisodiyoti erkinlashtirilmoqda: kichik biznes sohiblariga nazorat yuki pasaytirilmoqda, ba’zi inspeksion tashkilotlardagi byurokratik ovoragarchiliklarga barham berilmoqda, moliyaviy, soliq va bojxona tizimlarimiz liberallashtirilmoqda, xususiy biznesni hukumatdan himoyalovchi qonunlar qayta isloh qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi yig‘ilishidagi nutqida: “Bizning yana bir muhim vazifamiz - kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat.
Nega deganda, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Men takror bo‘lsa ham, aytishdan hech qachon charchamayman, ya’ni “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”. Shuning uchun bundan keyin tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish - davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish, deb baholanadi. Prinsipial jihatdan g‘oyat muhim bo‘lgan bu pozitsiyamizni yana bir bor alohida ta’kidlab o‘tishni muhim va zarur deb hisoblayman” - deb ta’kidladi.
Prezidentning 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan qabul qilingan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish yo‘nalishida xalqaro iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yetakchi xalqaro va chet el moliyaviy institutlari bilan aloqalarni kengaytirishga katta ahamiyat qaratildi. Bu bilan, avvalo, xalqaro moliyaviy institutlar pul mablag‘larini jalb qilish orqali moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda 2017-2020- yillarda Jahon bankining 3 milliard dollarlik kreditlari hisobidan 27 ta, Osiyo taraqqiyot bankining 2,97 milliard dollarlik kreditlarini jalb qilgan holda 20 ta loyiha amalga oshirilishdi. Shuningdek, 2017-2021-yillarda Islom taraqqiyot bankining 1 milliard dollarlik kreditlari jalb qilinib, qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Davlat dasturi bo‘yicha hamda tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan uning raqobatbardoshligini oshirish yo‘nalishida korxonalarning mablag‘lari, tijorat banklari krediti, xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan 2017-2021-yillarda umumiy qiymati 40 milliard AQSh dollari miqdoridagi 649 ta investitsiya loyihasini nazarda tutuvchi tarmoq dasturlari belgilanib, amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat ob’yekti ishga tushirildi. Bu O‘zbekiston uchun 2018-yilda qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatni amalga oshirish bo‘yicha yondashuv o‘zgarib borayapti. Bu, avvalambor, aholining iqtisodiy faolligini oshirish va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgandir. Bunda asosiy e’tibor yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishni tashkil qilish hamda kengaytirishga xorijlik sheriklar va investitsiyalarni jalb etishga qaratilmoqda. Chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarni tashkil qilish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida mamlakatimiz hududlarida erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilayapti va ularning geografiyasi kengayib bormoqda. 2018-yilda mamlakatimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida 12 ta erkin iqtisodiy va 45 ta sanoat zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ko‘rilgan tashkiliy choralar hududlarni jadal rivojlantirish imkonini bermoqda. “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiya, gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam sifatini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Xususan, hududlarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qariyb 25 mingta investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish hisobiga 256,4 ming ish o‘rni tashkil etish orqali aholini ish bilan ta’minlash dasturlarini to‘liq ijro etish nazarda tutilgan. Ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mintaqalarda 46,8 ming yangi ish o‘rni tashkil etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ta’lim muassasalarining 10 ming nafar bitiruvchisiga kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda.
Katta yoshli avlodni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish chora-tadbirlari kiritilgan.
Jumladan, 78 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 7 ta shahar va 2 ta viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 ta maxsus avtotransport bilan ta’minlash rejalashtirildi.
Qishloq joylarda 15 mingta arzon uy-joy, 415 kilometrlik suv ta’minoti quvurlari, 316 kilometrlik gaz ta’minoti quvurlari va 291 kilometrlik ichki yo‘llar qurish rejalashtirilgan. Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida 86 ta yangi avtobus yo‘nalishini joriy etish va 537 ta zamonaviy avtobus xarid qilish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, ushbu yo‘nalish doirasida bir qator muhim vazifalar belgilab olindi. Birinchi muhim vazifa sifatida barcha shahar va tumanlarda ommaviy sportni rivojlantirishga, jumladan, sport maydonchalari, piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘laklar, ekoparklar, ta’lim dargohlaridagi sport zallaridan iborat sport infratuzilmasini yaratishga alohida e’tibor qaratish, Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun sport maktablarini ko‘paytirish va yangi sport ob’yektlarini barpo etish hamda Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan har bir sportni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks dasturlarni amalga oshirish nazarda tutildi.
Ikkinchi muhim vazifa sifatida keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama e’zozlash vazifasi belgilab olindi.
Buning uchun keksa avlod vakillari, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish, sog‘ligini mustahkamlash bo‘yicha boshlangan ishlarni yanada kuchaytirish hamda “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar haftaligi” singari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, har bir tumanda faxriylarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini kengaytirish uchun alohida dasturlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Uchinchi muhim vazifa sifatida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida jahon tajribasidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni kafolatlangan ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash uchun ularga aniq kvotalar belgilash bo‘yicha amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutildi.
To‘rtinchi vazifa sifatida ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunarga o‘qitish va turar joy bilan ta’minlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Buning uchun “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda yashayotgan bolalarni oilaga yaqin muhitda, bilimli va kasb-hunarli etib tarbiyalash uchun “Mehr daftari” doirasida boshlangan ishlarni izchil davom ettirish lozimligi belgilab olindi.
Beshinchi vazifa sifatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashdek muhim masala kun tartibiga qo‘yildi. Unda ayollar bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Milliy dasturni qabul qilish lozimligi alohida qayd etildi.
Oltinchi vazifa sifatida navqiron yoshlarni, ayniqsa, qizlarni sog‘lom va yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish lozimligi belgilab olindi. Buning uchun xorijiy davlatlarda bilim olayotgan, mehnat qilib daromad topayotgan mamlakat fuqarolarini, ularning O‘zbekistonda yashayotgan oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali chet ellarda yashayotgan mamlakat fuqarolari va ularning oilalari bilan aloqalarni kengaytirish, ularning bilim va salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish vazifalari belgilab olindi. “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish” deb nomlangan beshinchi yo‘nalish doirasida respublikaning konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, kiberxavfsizlik sohasida axborot, normativ-huquqiy asoslar tizimini takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish tizimini tashkil etish va rivojlantirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiyasini hamda Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Harkatlar Strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida quyidagi vazifalar aks etgan: 5.1. Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar:
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish; axborot xavfsizligini ta’minlash va axborotni himoya qilish tizimini takomillashtirish, axborot sohasidagi tahdidlarga o‘z vaqtida va munosib qarshilik ko‘rsatish; fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlash; davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish; atrof-tabiiy muhit, aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan ekologik muammolarning oldini olish; favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish. 5.2. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar: davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’yekti sifatidagi o‘rni va rolini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish; O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish; O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari aks etgan.
Ushbu vazifalarning mantiqiy davomi sifatida taraqqiyot strategiyasida ikkita muhim vazifa ishlab chiqildi. Birinchi vazifa sifatida qurolli kuchlarimizning qudratini yanada oshirish masalasi qo‘yildi. Buning uchun harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirish hamda harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy ta’minotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish. Ikkinchi masala sifatida pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish vazifasi kiritildi. Buning uchun Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini tobora kuchaytirish, mintaqaning ajralmas qismi, yaqin qo‘shni bo‘lgan Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish, Afg‘oniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish masallalari kun tartibiga qo‘yildi.
Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalarni kengaytirish hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengashi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy ma’no-mazmun bilan boyitish masalalari kun tartibiga qo‘yildi. 2021-yil qayta saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqi “Harakatlar Strategiyasidan - taraqqiyot startegiyasi sari” deb nomlandi. Unda taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ular quyidagilardan iborat: 1. Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash. 2. Adolat va Qonun ustuvorligi hamda inson qadr-qimmatini ta’minlash. 3. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish. 4. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish va inson kapitalini rivojlantirish. 5. Ma’naviy va ma’rifiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish. 6. Global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish. 7. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Umuman olganda, Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘lidagi shaxdam harakatlariga yangi kuch bag‘ishladi.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin