Affiksal polisemiya. So‘z yasovchi affiksal morfemalarning bir turkumga xos bo‘lgan turli ma’noli so‘zlar yasay olish hodisasi affiksal polisemiya hisoblanadi. Masalan, suzma, qatlama, qovurma (taom nomlari), surma, ko‘chirma, qaytarma (em, davolash otlari), tortma, bo‘lma, bostirma (o‘rin-joy otlari) isitma, terlama, qichima (kasallik otlari) kabi so‘zlarda – ma qo‘shimchasi bir turkumga tegishli har-xil ma’noli so‘zlar (fe’ldan ot yasayapti) yasashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, -chilik qo‘shimchasi ham polisemantik tabiatga ega: 1) asosdan anglashilgan narsa yetishtiriladigan soha otini yasaydi: paxtachilik, uzumchilik, chorvachilik, urug‘chilik kabi; 2) asosdan anglashilgan tushuncha bilan bog‘liq ish (holat) oti yasaydi: ulfatchilik, qiziqchilik kabi; 3) asosdan anglashilgan narsa-hodisaning borligi oti yasaydi: pishiqchilik, mo‘lchilik, arzonchilik, qimmatchilik kabi.
Affiksal omonimiya. Shaklan bir xil, ma’no jihatidan turli turkumlarga xos so‘zlar yasovchi yoki shakl hosil qiluvchi affiksal morfemalar omonim affiksal morfemalar deb yuritiladi. Bu affikslar shaklan teng kelsa ham, lekin ma’no jihatidan bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan boshqa-boshqa affikslararo omonimiya hodisasi hisoblanadi. Affikslararo omonimiyaning quyidagi ko‘rinishlari mavjud:
1. So‘z yasovchi affikslar o‘zaro omonimik munosabatda bo‘ladi: -qi: -chop- qi, tepki, turtki (ot); kuzgi, kechki, sirtqi, qishki (sifat); -g‘in: qirg‘in, toshqin, to‘lqin (ot); ozg‘in, so‘lg‘in, yorqin, jo‘shqin (sifat).
2.Forma yasovchi affikslar omonimik munosabatda bo‘ladi:-(i)sh affiksi:
1)harakat nomi formasini yasaydi: o‘qish (o‘qimoq), so‘zlash (so‘zlamoq);
2) fe’lning birgalik daraja formasini yasaydi: yuvish, ko‘rish, ortish.
3. So‘z yasovchi va forma yasovchi affikslar omonimik holatda bo‘ladi: -ma affiksi:
1) ot yasaydi: suzma, ko‘rgazma, gazlama (ot),
2) fe’lning bo‘lishsiz formasi: aytma, so‘zlama kabi.
4. Affiksal omonimiya murakkabroq shakllarda ham bo‘ladi: -chi affiksi:
1) ishchi, suvchi (shaxs oti),
2) ninachi, baliqchi (hasharot va qush oti),
3) ayt-chi, sen-chi, qolganlar-chi (so‘roq yuklamasi). Misollardan shu narsa sezilyaptiki, omonimik holat bir so‘z turkumi doirasidagi affikslarda ham uchraydi.
Dostları ilə paylaş: |