1-mavzu: Morfemika va morfema haqida umumiy ma’lumot. So‘zning grammatik strukturasi. Reja



Yüklə 171,75 Kb.
səhifə6/92
tarix24.09.2023
ölçüsü171,75 Kb.
#147771
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   92
она тилидан қулланма

So‘zning yasalish strukturasi.

4-savol bayoni:
So‘zning so‘z yasalish strukturasi morfem strukturasidan ham, morfologik strukturadan ham farqlanadi. So‘zning so‘z yasalish strukturasi shu so‘zning yasovchi qismlaridan iborat bo‘ladi. So‘z yasalish tahlilida yasama so‘zning qanday yasovchi qismlardan tashkil topgani va shu komponentlar asosida yasama so‘z ma’nosining ifodalanish usuli o‘rganiladi. Masalan, terim: ter – yasovchi asos, -im – yasovchi affiks; terimchi: terim – yasovchi asos, -chi - yasovchi affiks.
Demak, so‘z yasalish tahlilida, birinchidan, faqat so‘z yasovchi vositalar o‘rganiladi. Bunda (morfologik tahlil tekshiradigan) forma yasovchi vositalar e’tibordan chetda qoladi. Ikkinchidan, bu tahlilda yasama so‘z tarkibida nechta o‘zak va nechta yasovchi affiks borligi o‘rganilmaydi (so‘z shu nuqtai nazardan tahlil etilmaydi), balki yasama so‘zni yuzaga keltirgan komponentlar belgilanadi. Masalan, terimchi so‘zi morfema tarkibiga ko‘ra uch qismga bo‘linsa (ter-im-chi), shu so‘zning yasovchi komponentlari nuqtai nazaridan u (terimchi so‘zi) ikkiga bo‘linadi (terim-chi). Chunki terimchi so‘zi ter so‘zidan yasalayotgani yo‘q, balki terim va -chi yasovchi komponentlari yordamida yasalgan. Paxtakorlik so‘zining ham morfema strukturasi bilan so‘z yasalish strukturasi o‘zaro farqlanadi. Morfema strukturasi: paxta-kor-lik, so‘z yasalish strukturasi: paxtakor-lik.
Yasama so‘zning asosi (so‘z yasalish asosi) qo‘shma so‘z yoki so‘z birikmasiga teng bo‘lishi ham mumkin: belbog‘li (belbog‘-li), temir yo‘lchi (temir yo‘l-chi), besh yillik (besh yil-lik) kabi.
Ko‘rinadiki, so‘zning morfema tahlilida uning tarkibidagi har bir morfema (so‘zning ma’no bildiruvchi eng kichik bo‘lagi) tekshiriladi va aniqlanadi. Bunday morfemalar so‘zda bir nechta bo‘lishi mumkin: ter-im-chi-lar-imiz-niki-da. So‘z yasalish tahlilida yasama so‘zning yasovchi komponentlari belgilanadi. Bunday komponent har bir yasama so‘zda ikkitadan oshmaydi (garchi so‘z tarkibida birdan ortiq o‘zak va so‘z yasaydigan birdan ortiq affiks bo‘lsa-da). Masalan, bichiq: bich – yasovchi asos, -iq – yasovchi affiks; bichiqchi: bichiq – yasovchi asos, -chi – yasovchi affiks; unum: un – yasovchi asos, -um – yasovchi affiks; unumdor: unum – yasovchi asos, -dor – yasovchi affiks; unumdorlik: unumdor – yasovchi asos, -lik – yasovchi affiks va b.
Nutqning kichik birligi so‘zshakl bo‘lib, leksik ma’nodan tashqari, grammatik ma’no ham anglatadi. So‘zshakl ana shu xususiyatiga qarab ma’noli qismlarga bo‘linadi.
So‘zshakllarda ma’noli qismlarning chegarasi so‘zshakllarni o‘zaro chog‘ishtirish orqali aniqlanadi. Masalan, izlanish, izlanmoq va izlandi kabi so‘zshakllarni o‘zaro qiyoslash asosida bitta umumiy ma’noli qism – izlan bo‘lakchasi hamda uni saylanish, saylanmoq, saylandi; boshlanish, boshlanmoq, boshlandi kabi so‘zshakllar bilan chog‘ishtirish orqali yana -n, -moq, -di singari ma’noli qismlar ajratiladi. Ayni zamonda bu so‘zshaklni so‘zla, ishla kabi so‘zshakllar bilan qiyoslash asosida iz-la (shuningdek, so‘z-la, ish-la) ma’noli qismlari aniqlanadi. Shunday qilib, izlandi so‘zshakli iz-la-n-di tarzida to‘rtta ma’noli qismlarga ajratiladi. Bu qismlar bundan boshqa ma’noli qismlarga bo‘linmaydi. So‘zshakllar tarkibida ajratiladigan bunday eng kichik ma’noli qismlar morf deyiladi (yunoncha morphe – “shakl”).
Morflar ikki turga bo‘linadi: 1) o‘zak morflar, 2) affiksal morflar. Masalan, ishchilar, paxtazorda, ko‘kardi, kuylagan kabi so‘zshakllarning har birida uchtadan morf bo‘lib, birinchisi (ish, paxta, ko‘k, kuy) o‘zak morfga, keyingilari esa (-chi,-lar. -zor, -da, -ar, -di, -la, -gan) affiksal morfga kiradi. O‘zak morflar har bir so‘zshaklda muqarrar ishtirok etib, leksik ma’nosini ifodalovchi qism hisoblanadi. So‘zshakl bir morfdan iborat bo‘lsa, u o‘zak morf hisoblanadi. So‘zga turlicha affikslar qo‘shilib kelganda ham, o‘zak morfning ma’nosi yo‘qolmaydi. Undan yasalgan yangi so‘zlarning – yasalmalarning ma’nosi har vaqt o‘zak morfning ma’nosi bilan bog‘langan, shu ma’noga asoslangan bo‘ladi. Jumladan, bil, og‘ir, bosh, mehnat, asl o‘zak morflardan yasalgan bilim, bilimdon, og‘irlik, boshliq, boshlamoq, mehnatkash, asalchi, asalchilik kabi yasama so‘zlarning ma’nosi yuqoridagi o‘zak morflarning ma’nosiga asoslanadi.
Affiksal morflar (lotincha affixus – “bog‘langan”, “biriktirilgan”) o‘zak morfning mazmuniga har xil qo‘shimcha ma’nolar beradi. Affiksal morf mustaqil ravishda ishlatilmaydi, faqat so‘zshakl tarkibidagina ma’lum ma’no anglatishga xizmat qiladi. Yangi yasalmaning ma’nosi o‘zak morf bilan affiksal morf ma’nolari birligidan kelib chiqadi. Shuning uchun so‘zshaklni o‘zak morf va affiksal morfga ajratishda o‘zak morfning mustaqil leksik ma’no anglatishi, yasama so‘z ma’nosining u bilan bog‘langanligi, affiksal morf esa bundan boshqa o‘zak morflarga ham qo‘shila olishi kabilar asos qilib olinadi. Jumladan, ishchi, ishchan, ishdan, paxtazor, o‘rtog‘im kabi so‘zshakllar o‘zak morf va affiksga ajratiladi, chunki ish, paxta, o‘rtoq qismlari ham, -chi, -chan, -dan, -zor, -im affikslari ham boshqa so‘zshakl tarkibida mustaqil qism sifatida qatnasha oladi.
Affiksal morflar suffiksal va prefiksal morflarga bo‘linadi. So‘zshakl tarkibida o‘zak morfdan keyin qo‘shilib kelgan morflar suffiksal morf, o‘zak morf oldidan qo‘shilib keladigan morflar prefiksal morf bo‘ladi. Jumladan, beg‘arazlik, noaniqroq so‘zshakllari tarkibida -lik, -roq suffiksal morflar, be- no- esa prefiksal morflar sifatida qatnashyapti.
Turli so‘zshakllar tarkibida kelib, tovush va ma’no jihati bir xil o‘xshash bo‘lgan morflar bitta morfemani tashkil qiladi. Masalan, son, sonsiz, sanamoq so‘z shakllarida son, san kabi morflar bir umumiy o‘zak morfemaga birlashadi; sezgi, turtki, yoqilg‘i, chopqi, cholg‘u kabi so‘z shakllarda esa -gi, -ki, -g‘i , -ki, -gu kabi morflar bir affiksal morfemani tashkil qiladi. Morfemalar haqidagi ta’limotga morfemika deyiladi. Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, morf tilning butunlik tarkibidagi eng mayda birligi bo‘lsa, morfema tilning umumlashgan birligi.

Yüklə 171,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   92




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin