Reja: 1. Xalqaro soliqqa tortishning asosiy tamoyillari, huquqiy asoslari. 2. Jahon soliq kodeksini qabul qilish zarurati va ahamiyati. 3. Xalqaro ikki yoqlama soliqqa tortishni tartibga solish. 1. Xalqaro soliqqa tortishning asosiy tamoyillari, huquqiy asoslari.
Jahon hamjamiyati iqtisodiy tizimlari integratsiyasi va tashqi iqtisodiy faoliyatning rivojlanishi xorijiy mamlakatlar soliq tizimlarini o’zaro ta’siriga olib keldi. Turli malakatlarda soliqqa tortishni u yoki bu masalalariga bo’lgan yondashuvlarni bir biriga mos kelmasligi nizoli vaziyatlarni yuzaga kelishiga sabab bo’lmoqda. Masalan, xalqaro ikki tomonlama soliqqa tortish ana shunday masalalardan biridir.
Xalqaro ikki tomonlama soliqqa tortish deganda ikki yoki undan ortiq mamlakatda bir soliq to’lovchining faoliyati aynan bir xil yoki o’xshash soliq turi bilan bir vaqtning o’zida soliqqa tortish ifodalanadi.
Ikki tomonlama soliqqa tortishni belgilovchi ko’rsatkichlar quyidagilardan iborat:
- soliqqa tortish ob’ektining o’xshashligi;
- soliqqa tortish sub’ektlarining o’xshashligi;
- soliq to’lash muddatining o’xshashligi;
- soliq to’lovining bir xilligi va boshqalar.
Har bir mamlakatda soliq qonunchiligini kengaytirish va huquqiy jihatdan mustahkamlash, shuningdek, tovar, xizmat va kapitalni eksport qiluvchilarga soliq imtiyozlari berish bilan bog’liq tadbirlarning umumiy yig’indisi mamlakatning tashqi soliq siyosati deyiladi. Ushbu siyosatning qaysi tomonga yo’nalishi muayyan vaziyatdan kelib chiqadi. U byudjet daromadlarini oshirish nuqtai nazaridan yoki eksportni qo’llab-quvvatlash maqsadidan kelib chiqishi mumkin. Ammo, shu narsani yoddan chiqarmaslik lozimki, bu sohada manyovrlashtirish imkoniyatlari ancha chegaralangan: yuqorida aytilganidek, hech bir mamlakat o’z fuqarolari yoki kapitali uchun boshqa mamlakatdan, mahalliy aholiga qo’llanilayotgan soliqqa tortishga nisbatan imtiyozliroq bo’lgan tartibni talab qilishga xaqli emas. Xuddi shuningdek, hech bir mamlakat o’z hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy fuqaro va shaxslarga, soliq yukini mahalliy aholidan keskin farq qiluvchi nisbatlarda oshirishga xaqli emas. Bunday holatning yuz berishi, mazkur mamlakatning xorijiy bozorlaridagi faoliyatiga nisbatan ham xuddi shunday chora-tadbirlar qo’llanilishiga olib kelishi mumkin.
Aksariyat mamlakatlar soliq qonunchiligida xorijiy shaxslar va kompaniyalarni soliqqa tortishning faqatgina umumiy tomonlari belgilab beriladi va ular keyinchalik hukumat ko’rsatmalarida, sud qarorlarida, ma’lum milliy odatlarda va boshqalarda aniqlashtiriladi.
Har bir mamlakat uchun xalqaro soliq munosabatlarini tartibga solinishida quyidagilar asosiy vositalar hisoblanadi:
bir yoklama chora-tadbirlar yoki milliy soliq siyosatining chora-tadbirlari bo’lib, boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan hech qanaqa kelishuvlarsiz amalga oshiriladi (mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijliklar va mamlakatning xorijda faoliyat yuritayotgan fuqaro va korxonalariga nisbatan soliq tartibining belgilanishi);
shartnomaviy chora-tadbirlar ikki tomonlama yoki ko’p tomonlama asosda (xalqaro kelishuv), yoki “soliqlarning garmonlashuvi” deb nomlanadigan kelishuvlar doirasida (ya’ni, ikki yoki undan ortiq shartlashayotgan mamlakatlarning milliy soliq siyosatlarini o’zaro muvofiqlashtirish asosida) gi chora-tadbirlar.
Hozirgi kunda, amalda yuzdan ortiq soliq kelishuvlari mavjud. Bundan tashqari, u yoki bu darajada mamlakatlar o’rtasidagi soliq munosabatlariga tegishli bo’lgan turli xil xalqaro kelishuvlar ham mavjud.
Umuman, soliq kelishuvlari bir nechta tur va ko’rinishga ega. Ulardan ayrimlarini alohida ajratib ko’rsatish mumkin:
hadya va merosdan olinadigan soliqlar bo’yicha kelishuvlar;
ijtimoiy sug’urta to’lovlari bo’yicha soliq kelishuvlari va boshqalar.
Hozirda ushbu kelishuvlarning barchasi ko’pchilik vaziyatlarda yangi kelishuv shakli bo’lgan “Umumiy soliq kelishuvi” bilan almashtirilmoqda (ushbu soliq kelishuvi to’liqligicha “Ikki yoqlama soliqqa tortishni bekor qilish hamda daromad va kapitalni soliqqa tortish sohasidagi chetga chiqishlarga qarshi kurash bo’yicha kelishuv” deb nomlanadi va asosan, birinchi jahon urushidan so’ng, keng qo’llanila boshlangan).