Aktuar hisob-kitoblar - sug’urta tarifi stavkalarini hisoblashning iqtisodiy-
matematik usullari yig’indisi. Ushbu hisob-kitoblar katta sonlar qonuniga
asoslanadi. Aktuar hisob-kitoblarning metodologiyasi, ehtimollar nazariyasi,
demografiya qonuniyatlariga asoslanadi, tarif stavkasini miqdori sug’urta
hodisalari ro’y berishining ehtimoliyligiga bog’liq. Demografiya ma’lumotlaridan
fuqarolarning hayotini sug’urtalashda sug’urtalanuvchilarning yoshiga mos
ravishda sug’urta tarifi stavkasini tabaqalashtirishda foydalaniladi. Uzoq muddatli
hayotni sug’urtasi bo’yicha sug’urta summalari sug’urtalangan shaxs vafot etganda
yoki u ma’lum bir yoshga etganda to’lanadi. Etarli miqdordagi sug’urta fondini
shakllantirish uchun, sug’urtalovchi shartnoma amalda bo’lgan davrda qancha
shaxs vafot etishi yoki ma’lum bir yoshga etishi ehtimoliyligini bilishi zarur. Aholi
o’limi darajasi xaqidagi statistik ma’lumot asosida turli yoshga etishi ehtimolligini
hisoblash hamda fuqarolarning o’limi to’g’risidagi jadvalni tuzish mumkin. Bu
jadval asosida nafaqani va hayotni sug’urtalash bo’yicha tarif stavkalarni hisoblash
mumkin.
Anderrayter - 1) turli risklarni sug’urtalash vakolatiga ega, sug’urta
kompaniyasi tomonidan tayinlanadigan shaxs. Sug’urta kompaniyasining sug’urta
portfelini shakllanishi uchun javob beradi. U sug’urta shartnomalarini tuzish,
risklarni baholash va sug’urta tarifi stavkasini belgilash yuzasidan tegishli
malakaga ega bo’lishi zarur; 2) Lloyd sug’urta polislarini beradigan Lloyd sug’urta
korporatsiyasini a’zosi; 3) potentsial mijozlarga sug’urta polisini sotish bilan
shug’ullanadigan yoki manfaatdor tomonlarga sug’urta sohasi bo’yicha yuqori
darajada maslahat xizmatlarni ko’rsatadigan jismoniy yoki yuridik shaxs.
Anderrayter siyosati - sug’urtalash bilan bog’liq yangi takliflarni ko’rib
chiqish va mazkur taklifni qabul qilish yoki rad etish to’g’risida xulosalar
chiqarishga qaratilgan siyosat.