1.6.
Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash zarurati. Yoshlarda psixologik
yetuklikning hal qiluvchi ahamiyatga egaligi. Oilaviy hayot haqidagi
tasavvurlar.
Oila deb atalmish muqaddas makon, «oila qasri»ning mustahkamligi
shu qasrning poydevori bo`lmish nikoh oldi omillari xususiyatlariga, ularning qay
darajada to`g`ri va mustahkam qo`yilishiga bog`liq,. Agar shu poydevor yetuk,
mustahkam bo`lsa, uning ustida qurilgan imorat ham ko`rkam, yorug`, unda
istiqomat
qiluvchilarga
qulaylik,
xotirjamlik,
tinchlik,
huzur-halovat
bag`ishlaydigan bo`ladi.
Hech bir devor yoki uy poydevorsiz bo`lmaganidek, sizning qurajak
oilangizning ham o`ziga xos poydevorlari bor. Ular shu oilaning yuzaga kelishiga,
qurilishiga asos bo`lgan nikoh oldi omillaridir.
Agar shu nikoh oldi omillarining oila yuzaga kelishiga ta`siri noo`rin bo`lsa, u
shoshilinch, bo`sh, qiyshiq qurilsa, uning ustiga o`rnatilgan oila imoratining devori
ham qiyshiq va omonat bo`lib boraveradi va u shu imoratning bir kuni kelib
qulashi, buzilib ketishi xavfini tug`diradi. Bunday poydevor ustiga qurilgan imorat
qulab tushmagani, buzilib ketmagani taqdirda ham unda istiqomat qiluvchilarga
xotirjamlik, tinchlik, quvonch baxsh eta olmaydi. Ular doimo qandaydir bir
xavotirda, hadikda, noqulaylikda, xijolatda yashashlariga to`g`ri keladi. Xo`sh, shu
poydevorlar, ya`ni nikoh oldi omillari nimalardan iborat?
Gap nikoh oldi omillari haqida borar ekan, shuni ta`kidlab o`tish joizki, nikoh
oldi omillari u yoki bu nikohning yuzaga kelishiga asos bo`lgan ko`plab ijtimoiy,
iqtisodiy, biologik, fiziologik, ma`naviy, ahloqiy va bugungi kunlarimiz uchun eng
muhim bo`lmish psixologik omillarni o`zida mujassamlashtirgan, ko`p qirrali
omillar kompleksidan iborat bo`lib, oila qurayotgan yoshlarning, shu o`zlari
qurayotgan oilaviy hayotlariga qay darajada «yetilgan»liklarini belgilab beradi. Bu
yerda eng muhimi shu yoshlarning oilaviy hayotga, nikoh talablariga qay darajada
javob bera olishi nazarda tutiladi.
Nikohga yetuklik tushunchasi ham o`z navbatida o`ta murakkab va nisbiy
tushunchadir. Chunki odam doimo rivojlanib, takomillashib boruvchi, kasb-hunar
faoliyatida yoki ma`naviy va ahloqiy rivojlanishida muntazam yangidan-yangi
cho`qqilarga erishib boruvchi mavjudotdir. Agar odamning u yoki bu faoliyatga
«to`la yetukligi» haqida gapiriladigan bo`linsa, demak bu uning ma`lum bir
chegaraga erishgani va undan ortiq rivojlanish mumkin emasligini bildiradi.
Shuning uchun ham odamning nikohga yoki biron-bir faoliyatga yetukligi haqida
gapirilganda «yetuklik» tushunchasi tom ma`noda o`rinli bo`la olmaydi. Shuning
uchun ham odamning «yetukligi», ayniqsa, nikohga, oilaviy hayotga «yetukligi»
haqida gapirilganda bu tushunchadan ma`lum bir umumqabulqilingan standart,
o`rtacha me`yor, ma`lum bir shartli «o`lchov birligi», ko`rsatkichlar va shu kabilar
sifatidagina foydalaniladi.
Masalan, barcha o`quv yurtlari (maktab, litsey, kollej, institutlar) uchun
bitirish imtihonlari (davlat imtihonlari tizimi, diplom ishlari himoyasi tizimlari
kabilar) mavjud bo`ladi va ular yordamida bitiruvchilar tomonidan o`zlashtirilgan
o`rtacha bilimlar va malaka yig`indisini aniqlash mumkin bo`ladi. Bu esa ularga
keyinchalik yana o`qishni davom ettirish yoki ma`lum bir mutaxassislik bo`yicha
ishlashi mumkinligi haqida ma`lum bir huquq beradi. Shu nuqtai nazardan
olinganda, «yetuklik» - rivojlanishning ma`lum bir bosqichi, fazasi, chegarasiga
yetilganlikning sifatiy va miqdoriy xarakteristikasini ma`lum bir aniqlikda belgilab
beruvchi ko`rsatkich bo`lib xizmat qiladi. Odamning nikohga, oilaviy hayotga
yetukligi masalasi esa o`ta murakkab, biron bir qat`iy me`yor bilan o`lchab
bo`lmaydigan individual xarakterga ega ko`rsatkichdir.
Shu keltirib o`tilganlarning o`ziyoq, nikoh oldi omillari qay darajada
murakkab xarakterga ega bo`lgan muammolardan ekanligini ko`rsatib turibdi.
Hozirgi zamon oilasining ijtimoiy psixologik muammolarini yoritishga
bag`ishlangan psixologik adabiyotlarda nikoh oldi omillarining turlicha shakllari,
ko`rinishlari farqlanadi. Quyida sizning e`tiboringizga ularning ayrimlari haqidagi
ma`lumotlarni havola etamiz.
Nikoh oldi omillari qatoriga oila qurayotgan yoshlarning: oilaviy hayotga
yetukligi; ularning oila qurish motivlari; oila qurishgunlariga qadar bir-birlarini
tanish muddati (qancha vaqt bir-birini tanishi) shartlari va sharoitlari; o`zlarining
bo`lg`usi oilaviy hayotlari haqidagi tasavvurlari kabilarni kiritish mumkin. Albatta,
bu omillarning har biri turli yoshlarda turlicha xarakterda bo`lishi mumkin, shu
bilan birga ularning har biri o`z navbatida yana bir necha turlarga farqlanadi.
Masalan, nikohga yetuklik deyilganda oila quruvchi yoshlarning: jismoniy
(fiziologik), jinsiy. huquqiy. iqtisodiy. ma`naviy-ahloqiy. psixologik kabi yetuklik
jihatlarini tushunish mumkin. Bularning orasida huquqiy, jinsiy yetuklik
ko`rsatkichlari yetarlicha aniq alomatlarga, belgilarga ega ekanligi haqida tegishli
huquqiy, tibbiy, psixologik adabiyotlarda ko`plab ma`lumotlar berilgan bo`lsa,
iqtisodiy, ma`naviy-ahloqiy, psixologik jihatlar biroz murakkabroq, qat`iy bir
ko`rsatkich, chegaraga ega emasligi bilan xarakterlanadi.
Masalan, odamning jinsiy yetukligi o`ziga xos omillarga ega. Klinik
kuzatishlar ma`lumotlariga ko`ra, hozirgi zamon qizlarida jinsiy yetuklik
(balog`atga yetish) 12-14 yoshgacha, o`g`il bolalarda esa 14-16 yoshga to`g`ri
keladi. Albatta, bu yetuklik ba`zi bir bolalarda ertaroq, boshqa birlarida kechroq
ro`y berishi mumkin. Bu ko`rsatkichlar ± 2 yoshga farq qilishi mumkin. Ayrim
tibbiyot olimlari bolalarning to`la jinsiy yetilishlari uchun yana 2-3 yil kerak
bo`ladi, deb hisoblaydilar.
Jinsiy yetilish qat`iy jinsiy ehtiyojlarning shakllanishiga olib keladi. Bu
davrga kelib bolalarda ikkilamchi jinsiy alomatlar namoyon bo`la boshlaydi. Jinsiy
sekretsiya bezlarining faolligi ortadi. Qiz bolalarda oylik sikllari (menstruatsiya),
o`g`il bolalarda pollyusiyalar ro`y bera boshlaydi. Boshqacha qilib aytganda,
ularda pubertat davr boshlanadi. (Bu davr haqida va uning xususiyatlari haqida 4-
mavzuda batafsil ma`lumotlar berilgan). Demak, bu davrga kelib bolalar moddiy
va ma`naviy qiziqishlarining o`sib borishi bilan bir qatorda jinsiy ehtiyojlar shaxs
faolligining kuchli manbalaridan hisoblanib, u turli psixologik va ijtimoiy
shakllarda namoyon bo`la boshlaydi.
Jinsiy maylning, jinsiy ehtiyojning yuzaga kelishi odam biologik rivojlana
boshlashining o`ziga xos bosqichidir. Ular bola ruhiyatining rivojlanishiga, uning
shaxs sifatida shakllanishiga, hayot faoliyatining boshqa jihatlariga katta ta`sir
ko`rsatadi.
Jinsiy hayotning ko`plab muammolarini nafaqat yoshlarga, balki oila qurgan,
farzandli bo`lgan katta yoshlilarga ham tushuntirib o`tish lozim bo`ladi, chunki
ularda ham shu asosda ko`plab jiddiy nizolar yuzaga kelishi mumkin. Jinsiy
munosabatlar masalasi o`ta nozik masaladir, bu borada ko`pincha «yolg`on,
bachkanalarcha uyatchanlik»ka duch kelinadi. Ba`zi bir ota-onalar va
o`qituvchilar, hatto maorif rahbarlari ham maktabda jinsiy tarbiya berish
masalasiga e`tiroz bildiradilar va «Jinsiy tarbiya, jins masalasiga oid barcha zarur
ma`lumotlar biologiya kurslarida berilgan, buning ustiga «ota-bobolarimiz bunday
jinsiy savodxonliksiz ham binoyidek yashaganlar», - qabilida mulohazaa
yuritadilar. Albatta, bunday nuqtai-nazar o`ta qoloq, bugungi kun nikoh-oila
munosabatlari talablarini, hozirgi zamon oilasi funksiyalarini hisobga olmay
chiqarilgan xulosalardir. Aynan shunday yo`llar bilan yoshlarga jinsiy tarbiyadek
o`ta nozik va zarur masalalar yuzasidan beriladigan har qayday sanitar-gigienik
oqartuv ma`lumotlarning ahamiyati butunlay kamsitib kelinmoqda. Bu esa
millionlab o`smirlarning jinsiy balog`atga yetishish vaqtida g`aflatda qolishlariga
va buning oqibatida ayrim hollarda hayotda tuzatib bo`lmaydigan xatolarga yo`l
qo`yishiga olib kelishiga sabab bo`lmoqda.
Hech nima bilan asoslanmaydigan xavotir, hadik, gohida esa haqiqiy vahima
zaminida o`smir xulqida turli xil og`ishlar, nerv-fiziologik buzilishlar yuzaga
kelishi mumkin. Bularning barchasi sanitar-gigienik tarbiyaning yaxshi yo`lga
qo`yilmaganligi va jinsiy tarbiya berilmaganligining natijasidir. Bu masala,
ayniqsa bizning etnosimizda o`ta jiddiy mohiyat kasb etadigan masaladir.
Jinsiy tarbiya masalasiga ko`pincha yo alohida e`tibor talab qilinmaydigan va
hech qanday qiyinchilikni yuzaga keltirmaydigan, har bir yosh guruhi uchun
osongina o`zlashtirish mumkin bo`lgan yoki o`ta shaxsiy, intim, ko`pchilik orasida,
ayniqsa bolalar orasida muhokama qilib bo`lmaydigan masala tarzida qaraladi. Shu
kabi mulohazalar qator mamlakatlarda, ayniqsa Sobiq Ittifoqda jinsiy tarbiyaga oid
materiallar va unga taalluqli tadbirlarning maktab dasturidan chiqarib tashlanishiga
asos bo`lgan. Bu o`rinda jinsiy tarbiyaning organizm faoliyati haqidagi bugungi
kunda har bir odam o`zlashtirishi, bilishi zarur bo`lgan sanitar-gigienik,
psixogigienik ma`lumotlar bilan uzviy bog`liq tarzda qaralishi maqsadga
muvofiqdir.
Oilaviy hayotda esa jinsiy hayot psixologiyasi haqidagi bilimlarga ega bo`lish
o`ta muhim ahamiyatga ega bo`lgan masaladir. Turli mutaxassislar tomonidan
berilgan ma`lumotlarni kompleks tahlil qilgan holda aytish mumkinki, har bir
to`rtinchi
ajralishgan
er-xotinlarda
(ajralishlarning
29
%
ida)
jinsiy
mutanosiblikning u yoki bu tarzda buzilishi (er-xotinning jinsiy nomutanosibligi)
sabab bo`lmoqda.
Albatta, o`zaro sevgi, ishonch va hurmat hislari, qiziqishlar va niyatlarning
umumiyligi hisobiga qisqa vaqt oralig`ida yuzaga kelgan va shoshilib oila qurgan
juftlarga jinsiy hayot psixologiyasi borasidagi bilimlar o`z-o`zidan yordam bera
olmasligi mumkin. Bunday tezlikda, qisqa vaqtda (sovchilar, qarindoshlar orqali
bir-ikki haftadayoq) yuzaga kelgan oilalar miqdori, ayniqsa so`nggi yillarda
bizning millat vakillari o`rtasida ortib bormoqda. Yoshlarning bir-birlariga
nisbatan bo`lgan yoqtirishi va ijobiy emotsional hislari kompleksisiz bu
bilimlarning samarasi past bo`ladi. Ular faqat er-xotinlarning bir-birlarini
yoqtirganlaridagina, bir-birlari uchun jozibali bo`lgan holatlardagina intim hayotni
muvofiqlashtiradi. Boshqa tomondan, nikohdagi jinsiy hayot psixogigienasi
muammolaridan qandaydir «bo`lmag`ur, uyat narsa» sifatida voz kechish ham
kerak emas. Chunki ko`pchilik hollarda jinsiy hayot psixogigienasi sohasidaga
ilmiy bilimlar yosh er-xotinlarga yo`l qo`yilishi mumkin bo`lgan ayanchli
xatolardan qutulishga va shu bilan o`z nikohlarini saqlab qolishlariga yordam
berishi mumkin.
Shunday qilib, jinsiy yetuklik odam anatomiyasi va fiziologiyasi nuqtai-
nazaridan yetarlicha aniq va ravshan bo`lgan hodisadir. Biroq uning psixologik,
ahloqiy jihatlari o`ta murakkab. Shuning uchun ham odamning nikohga jinsiy
yetukligi deyilganda uning fiziologik nuqtai nazardangina yetilishini nazarda tutish
jinsiy yetuklikning to`liq mohiyatini bildirmaydi, bundan tashqari odam jinsiy
hayot psixogigienasi borasida ham zarur ilmiy psixologik bilimlarga, to`g`ri
tasavvurlarga ega bo`lmogi zarur. Bu esa shubhasiz, alohida e`tibor, maxsus
tayyorgarlik, o`qitishni talab qiladigan jarayondir.
Yoshlarning nikohga jinsiy yetukligi masalasidan tashqari yuqorida keltirib
o`tilganidek, yana bir nechta ijtimoiy yetuklik turlarini farqlash mumkin. Bular:
jinsiy, fuqarolik, kasb-hunar, ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy, ahloqiy va psixologik
yetukliklardir. Bularning orasida yoshlarning jinsiy (fiziologik) yetukligi
boshqalariga qaraganda ancha erta amalga oshadi, quyida bu masalalarga bog`liq
ravishda yana qanday muammolar majmuining yuzaga kelishi mumkinligi haqida
to`xtalib o`tamiz.
Fuqarolik - huquqiy yetuklik bu odamning huquqiy jihatdan balog`atga yetish
yoshi bilan, u huquqiy jihatdan oila qurish, farzand ko`rish huquqiga ega bo`lgan
shaxs bo`lib hisoblanishi bilan belgilanadi. Bizning mamlakatimizda bu 18 yosh
deb ko`rsatilgan. Bu vaqtda u konstitutsiyada belgilangan barcha huquq va
majburiyatlardan foydalana oladigan bo`ladi. 18 yoshni shaxsning huquqiy
yetuklik yoshi deb hisoblash mumkin.
Kasb-hunar yetukligi - bu ham ancha murakkab tushunchadir. Uning
murakkabligi shundaki, bir tomondan, u qandaydir bilim yurtini, o`quv kurslarini
bitirish, ya`ni ma`lum bir ish turini bajarish uchun zarur bo`lgan maxsus bilimlarga
ega bo`lish bilan belgilanadi. Biroq odam u yoki bu bilim yurtini (kollej, litsey,
texnikum, institutni) bitirganidan keyin o`zi tanlagan kasbi bo`yicha bir necha yil
ishlab ko`rishi kerak bo`ladi va shundan keyingina uning kasb-hunar yetukligi
haqida gapirish mumkin.
Shu bilan birga, ba`zi bir kasblar bo`yicha 19-20 yoshlardayoq kasb-hunar
yetukligiga erishish mumkin bo`lsa, boshqalarda, masalan xirurg-vrachlikda
kechroq 29-30 yoshga yetganda bunga erishish mumkin.
Shaxs yetukligining yana bir jihati ijtimoiy-iqtisodiy yetuklikdir. Bunda
odamning o`zini va o`z oilasini moddiy jihatdan mustaqil ta`minlay ola bilishi
nazarda tutiladi. Yoshlarning oila qurishlarida, ularning iqtisodiy mustaqilligi
alohida ahamiyatga ega. Bu o`rinda ham turlicha yosh chegaralari mavjud,
yoshlarninig ayrimlari 18-19 yoshidayoq ota-onasi oilasidan alohida iqtisodiy
mustaqillikka erishishi mumkin, boshqalari esa 25-30 yoshlarida ham ota-
onalarining moddiy yordamidan foydalanadilar.
Bu yetuklik jihatlari orasida shaxsning ma`naviy va ahloqiy yetukligi haqida
gapirish eng murakkabidir. Chunki bu jihat haqida aniq bir mezon va tavsif
hozircha ishlab chiqilmagan.
Shunday qilib, «yetuklik» tushunchasi o`zicha ko`plab jihatlarni
mujassamlashtiradi. Shuni aytib o`tish joizki, «yetuklik» tushunchasi, albatta
ma`lum bir hayotiy tajriba bilan, ya`ni «hayotiy bilimlar» bilan uzviy bog`liqdir.
«hayotiy bilimlarni o`zlashtirish», «hayot universitetlaridan» o`tishning ham o`ziga
xos individual xususiyatlari mavjud. Kimdir 20 yoshidayoq «hayotni yaxshi bilib
oladi», kimdir 30 yoshida ham bolaligicha qolaveradi. Bunga mavjud ijtimoiy
sharoit, jamoatchilik va ijtimoiy tartibning ta`siri katta. Ma`lumki, oldingi
vaqtlarda, ayniqsa urush yillari bolalar kattalar ham hamma vaqt uddalay
olavermagan hayotiy qiyinchiliklarni boshidan kechirganlar. U vaqtlarda 12-14
yoshdanoq bolalar onalariga oilani ta`minlashda yordam berganlar. Shuningdek,
shahar va qishloq joylarda istiqomat qiladigan kam farzandli va ko`p farzandli
oilalarda, nuklear yoki ko`p tabaqali oilalarda o`sayotgan bolalarning ham oila
moddiy, ijtimoiy ta`minotiga hissa qo`shishi, bu ishlar bilan shug`ullanish
muddatlari va miqdori turlichadir. Hayotni bilish, hayotiy tajribalar turli
individlarda turlicha jadallikda amalga oshishi mumkin va bu o`rinda qandaydir bir
yosh, vaqt oralig`ini ko`rsatish mutlaqo mumkin emas. Buning ustiga hayotni,
bizni urab turgan atrofimizdagi olamni bilish o`z navbatida cheksizdir.
Shunga qaramay, ijtimoiy va iqtisodiy yetuklikning ma`lum bir
chehegaralarini belgilab olish mumkin, ya`ni shunday hayotiy tajriba, bilimlar
«minimumi» mavjudki, ularsiz biron bir yoshni, yigit-qizni tom ma`noda yetuk deb
hisoblab bo`lmaydi.
Mana, yuqorida keltirib o`tilganlarning o`ziyoq «yetuklik» tushunchasi
naqadar keng tushuncha ekanligini ko`rsatib turibdi. Shunga qaramay, biz undan
foydalanishga majburmiz. Chunki u nikohning mustahkamligini belgilab beruvchi
muhim shart-sharoitlarni, vaziyatlarni o`zida mujassamlashtiradi.
Gap shaxsning psixologik yetukligi haqida borgudek bo`lsa, bunda dastavval
uning turli hayotiy vaziyatlar va sharoitlarni hushyor baholay olishi nazarda
tutiladi. Bu hushyorlik amaliylik, voqelikni to`g`ri baholay olish, shaxsning o`z
yutuq va kamchiliklarini, bilim, malaka va qobiliyatlarini yetarlicha ob`ektiv
baholay olishida ham namoyon bo`lishi kerak. Afsuski, ko`pincha yoshlar o`z
qobiliyatlarini orttirib baholab, o`z oldilariga erishib bo`lmaydigan maqsadlarni
qo`yib olishi hollariga duch kelinadi. Ayniqsa, oilaviy hayotni tasavvur qilish,
unda o`z o`rnini baholash masalasida yoshlarimiz ko`proq xatoga, o`zlarini orttirib
baholashga, oilaviy hayotdan mumkin bo`lganidan ko`proq narsani kutishga yo`l
qo`yish hollari ko`proq kuzatiladi. Natijada muvaffaqiyatsizliklar, pushaymon
bo`lishlar, asab buzilishlar yuzaga keladi. Psixologik yetuk shaxs esa aksincha, o`z
oldiga erishishi muqarrar bo`lgan, bunga imkoniyatlari yetarli bo`lgan maqsadlarni
qo`yadi, o`z hayot yo`lini va unga erishish vositalari va usullarini to`g`ri
belgilaydi. Bunday shaxs o`z hissiyoti, kechinmalarini yetarlicha yaxshi nazorat
qila bilishi, ya`ni ichki intizomining yuqori rivojlanganligi bilan xarakterlanib
turadi. Psixologik yetuklik boshqa odamlarning xohish, istaklari, kechinmalarini
tushunish bilan ma`lum darajada bog`liq. Bu o`z navbatida muloqotning,
hamkorlikning yaxshi yo`lga qo`yilishiga, oilada, turli guruhlarda gormonik
munosabatlarning o`rnatilishiga imkon beradi. Turli yoshdagi, mansab, lavozim,
toifadagi odamlar bilan, qiziqishi, odati, ta`bi, turmush tarzi mutlaqo boshqacha
bo`lgan odamlar bilan o`rinli munosabatda bo`la olish - shaxs psixologik
yetukligining asosiy xususiyatlaridan biridir.
Yoshlar oila qurayotganlarida bu xususiyatlar hal qiluvchi bo`lib hisoblanadi.
Albatta bunday qobiliyatlar bir kunda shakllanmaydi. Ular oldingi hayoti
davomida unga berilgan tarbiya ta`sirida asta-sekinlik bilan shakllanadi. Psixologik
yetuklik shaxs xulqining turli yashash sharoitlariga moslashuvchanligida
ifodalanadi. Psixologik yetuklik shaxsning boshqa odamlarga nisbatan bo`lgan
ijobiy munosabatlari: hamdardlik, hamfikrlik, g`am-tashvishga sherik bo`la olish,
o`zaro yordam kabilar tarzida namoyon bo`la oladigan ma`naviy sifatlarning
tarkibiy jihatlarini o`zida biriktiradi. Psixologik yetuklikning muhim mezonlaridan
yana biri shaxsda oilaviy muammolarni adolatli hal etishga xizmat qiluvchi o`z
mustaqil fikri, qarashi, o`rnining bo`lishi, zarur bo`lganda oila manfaati uchun o`z
qarashlarini ota-onalari oldida himoya qila olishidir.
Oila mustahkamligiga hal qiluvchi ta`sir etuvchi nikoh oldi omillaridan yana biri
yoshlarning o`z oilaviy hayoti haqidagi tasavvurlaridir. Ularning qanchalik
reallikka yaqin bo`lishi, shu oila mustahkamligining bosh garovi hisoblanadi.
Afsuski, hamma vaqt ham yoshlarimizning oilaviy hayot haqidagi tasavvurlari
reallikka mos kelavermaydi, balki u aksariyat hollarda reallikdan tubdan farq
qiladi.
Hind afsonalaridan birida yoshlarning oilaviy hayot haqidagi tasavvurlari va
ularning reallikka nisbatini qiyoslashga mos keladigan ajoyib bir rivoyat mavjud.
Rivoyatda aytilishicha, tug`ilganidan ko`zi ojiz bo`lgan to`rt nafar ko`rga:
«Qarshingizda fil turibdi, sizlar uni umuman ko`rmagansizlar, lekin uni borib
ushlab, paypaslab, o`rganib chiqinglarda, so`ng fil qanday mahluq ekanligini aytib
beringlar», - deyilgan. Ko`rlar borib filni «o`rganib» qaytishganlaridan so`ng
ulardan fil qanday hayvon ekanligi so`ralganda, ulardan biri: «Fil - badani dag`al,
daraxtga o`xshagan hayvon» - debdi, ikkinchisi uni inkor etib: «Yo`q, fil yerdek
yumaloq, odamning qulochi yetmaydigan bir hayvon» - debdi. Uchinchisi esa,
ularning ikkovlarini ham inkor qilib: «Fil ichi teshik uzun, yo`g`on ichakka
o`xshaydigan hayvon» - debdi. To`rtinchisi esa: «Fil yoyiq yapaloq katta bargga
o`xshagan hayvon» - deb javob bergan ekanlar va ularning har biri o`z fikrini
ma`qullayman, o`tkazaman deb bir-birlari bilan janjallashib qolgan ekanlar.
Chunki ularning biri filning oyog`iga, ikkinchisi - qorniga, uchinchisi - xartumiga
va to`rtinchisi - qulog`iga to`g`ri kelib qolib o`zlarining imkoniyatlari doirasida
filni tasavvur qilgan ekanlar. Xuddi shu to`rtta ko`zi ojizdek yoshlarimiz ham
oilaviy hayotni butun borligicha, to`la, yaxlit tasavvur qila olmaydilar, buning
imkoni ham yo`q. Oqibatda oilaviy hayot haqida turli tasavvurlarga ega bo`lgan
yoshlarimiz oila qurgudek bo`lsalar, o`z tasavvurlarini reallikka aylantirish, ya`ni
juftiga ham shunday ekanligini uqtirishga harakat qiladilar. Ular ham yuqoridagi
ko`zi ojizlardek har biri «o`zicha haq» bo`la turib, bir-birlari bilan janjallashib,
kelisha olmay qolishlari mumkin.
Esini tanigandan boshlab ertaklar ruhida, badiiy filmlar, romanlar, afsona,
rivoyatlar ruhida tarbiyalangan yoshlarimizda hamma vaqt ham oilaviy hayot
haqida to`g`ri tasavvurlar shakllanaverishi mumkin emas. Ommaviy axborot
vositalari orqali, teleko`rsatuvlar, radioeshittirishlar orqali yoshlarni oilaviy
hayotga tayyorlash borasida berilayotgan materiallarda, oilaviy hayotni bir
yoqlama, faqat ijobiy tomondan talqin qilish hollari ham ko`p kuzatiladi. Bu kabi
holatlar ham yoshlarda oilaviy hayot haqidagi tasavvurlarning noto`g`ri
shakllanishiga sabab bo`lishi mumkin.
Ko`pchilik yoshlarimiz, ayniqsa, muvaffaqiyatli oilalarda tarbiya topgan
yoshlar, oila qurish arafasida turar ekanlar, aksariyat hollarda o`zlarining bo`lajak
oilaviy hayotlari uchun o`z ota-onasi oilasini ideal qilib oladilar. Chunki ular shu
oilada tarbiyalanar ekanlar, «eslarini taniganlaridan buyon» ota-onasining
nizolashib tortishganlarini, bir-birlarini behurmat qilganlarini eslay olmaydilar.
Bunday oilalarda ota-onalar ham o`zlarining o`zaro munosabatlaridagi noxush
jihatlarni farzandlariga sezdirmaslikka harakat qiladilar yoki ularning o`zaro
munosabatlarida ro`y berishi mumkin bo`lgan nizoli damlar bir-birlariga
moslashish jarayonlari nikohning boshida, hali farzandlari dunyoga kelmaslaridan
oldin bo`lib o`tib ketgan. Bolalar esa ular turmushining faqat yaxshi, tinch-totuv,
ahil-inoq, bir-birlariga nisbatan mehr-oqibatli, ibratli jihatlaridangina xabardor
bo`ladilar. Shunday oila qurishni tasavvur qilgan yoshlarimiz oila qurganlaridan
so`ng o`zlari kutgandek turmush kechira olmasalar, nikohning dastlabki eng nozik,
murakkab, qiyin, yangi ijtimoiy vaziyatlar, sharoitlar, rollarga moslashish, bir-
birlariga moslashish jarayonlarida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, to`siqlar,
muammolar oldida esankirab qolib, oila qurishda «adashganliklari»dan
shubhalanib qolishlari mumkin.
Shuning uchun ham yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda oilaviy hayot, er-
xotin munosabatlarini faqat bir yoqlama va faqat yaxshi tomondangina
ko`rsataverish ham maqsadga muvofiq emas. Uni imkon qadar butun borligicha:
baland-pasti-yu shirin-achchig`i, rohat-farog`ati-yu azob-uqubati, qorong`u
kechalari-yu yorug` kunduzlari bilan ko`rsatgan ma`qul. Shundagina yoshlarimizda
oilaviy hayot haqida nisbatan adekvatroq, tasavvur shakllanishi mumkin.
Bu borada oiladagi katta yoshli oqil kishilar yoshlarga hayotda ko`prik
bo`lmog`i, ularning bosib o`tgan ko`p qirrali hayot yo`li farzandlariga saboq
bo`lishi kerak. Ular yoshlarimizni mustaqil, yetuk bir shaxs sifatida qabul qilib,
oilaviy hayotning past-balandlari haqida to`la to`kis ma`lumotlar berishi maqsadga
muvofiqdir. Toki yoshlarimizning oilaviy hayotlari poydevoriga qo`yayotgan ilk
g`ishtlari to`g`ri va mustahkam qo`yilsin.
Dostları ilə paylaş: |