avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulot — avtomatlashtirilgan rejimda shubhali operatsiya haqidagi xabarni namunaviy shaklda shakllantirish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minot;
maxsus vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
namunaviy shakl — operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan shubhali operatsiya haqidagi xabarni taqdim etish uchun to‘ldiriladigan maxsus shakl;
operatsiyalar — legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mulk bilan bog‘liq operatsiyalar.
3. Ma’lumotlar maxsus vakolatli davlat organiga “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (keyingi o‘rinlarda — Qonun) 12-moddasida ko‘rsatilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda — tashkilotlar) tomonidan taqdim etiladi.
4. Tashkilotlar tomonidan quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi:
ichki nazorat qoidalari ijrosini ta’minlash davomida legallashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan shubhali operatsiyalar, shu jumladan ularni amalga oshirishga bo‘lgan urinishlar;
amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha taraflardan biri yoki benefitsiar mulkdori bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tan olingan xalqaro ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan xalqaro moliya tizimini legallashtirish xavfidan himoyalash maqsadida choralarni ko‘rishga chaqirilgan davlatda (hududda) doimiy yashovchi, turgan yoki ro‘yxatga olingan shaxs;
legallashtirish bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni milliy darajada baholash natijalari bo‘yicha tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan operatsiyalar;
terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarning ro‘yxatiga kiritilgan tashkilot yoki jismoniy shaxsning operatsiyalarini to‘xtatib turish va (yoki) pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha ko‘rilgan choralar;
mijozlar orasida pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim bo‘lgan tashkilotlar va jismoniy shaxslar mavjudligini aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari;
mijozni lozim darajada tekshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, hisobvaraq ochishni, operatsiyani amalga oshirishni, amaliy munosabatlarga kirishishni rad etish hamda mavjud amaliy munosabatlarni tugatish to‘g‘risidagi, shuningdek, shubhali operatsiya haqidagi xabarlar.
5. Ish samaradorligini ta’minlash va qayta ma’lumot yig‘ish uchun ortiqcha vaqt sarflanishining oldini olish maqsadida, tashkilotlar tomonidan maxsus vakolatli davlat organiga yuborilayotgan operatsiya (mijozlar) haqidagi xabarga ushbu xabarni yuborish uchun asos bo‘lgan ma’lumotlar, shuningdek, uni yuborish asosliligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ilova qilinishi lozim.
Xabarga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Legallashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etish ushbu Nizomning 1-1a-ilovalaridagi sxemalarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Shubhali operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibi
7. Ushbu Nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan xabarda mijozning operatsiyasi legallashtirish maqsadida amalga oshirilayotganligi yoki amalga oshirilishi mumkinligini asoslovchi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
8. Mazkur Nizomning 4-bandi beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan xabarlar maxsus vakolatli davlat organiga operatsiyalar to‘xtatib turilgan va (yoki) pul mablag‘larni yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yilgan vaqtdan boshlab uch soat ichida, qolgan holatlarda operatsiyalar aniqlangan kundan keyingi bir ish kuni davomida yuborilishi lozim.
9. Har bir yuboriladigan xabarga maxsus raqam beriladi va unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
yuboruvchi tashkilotning STIR;
xabarning tartib raqami;
xabarni taqdim etish sanasi (kun, oy, yil).
Har bir xabarga raqami “1” dan boshlanuvchi kalendar yil davomida o‘sib boruvchi tartib raqami beriladi.
Xabar va unga ilova qilinadigan ma’lumotlarning namunaviy shakli maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq shubhali operatsiyalar haqidagi xabarlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibi
10. Xabar avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulot orqali elektron hujjat shaklida tuziladi.
Avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulot va undan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ishlab chiqiladi.
Avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotdan faqatgina ushbu Nizomda nazarda tutilgan xabarlarni shakllantirish uchun foydalaniladi.
11. Xabar maxsus vakolatli davlat organiga axborotni kriptografik himoyalash vositalari mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni uzatishning elektron tizimlari orqali yoki ruxsat berilmagan foydalanishdan himoyalangan maxsus elektron pochta manzili yoxud shaxsiy kabinet yordamida yuboriladi.
Maxsus vakolatli davlat organi bilan shaxsiy kabinet foydalanuvchilarining o‘zaro elektron hamkorligi, shuningdek, shaxsiy kabinetga kirish va undan foydalanish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulot orqali shakllantirilgan xabarlar maxsus vakolatli davlat organiga ular shakllantirilgan kunning o‘zida yuboriladi.
12. Xabarni ma’lumotlarni uzatish elektron tizimlari orqali yuborishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, xabar maxfiylik talablariga rioya qilingan holda aloqa xat (tashkilot muhri va vakolatli shaxslarning imzosi) bilan elektron (fleshka, kompakt diskda) yoki qog‘oz tashuvchi qurilmada shaxsan yoki maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasi orqali taqdim etiladi.
Xabarni taqdim etish sanasi u shaxsan yetkazib berilgan yoki belgilangan tartibda maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasi bo‘linmalariga topshirilgan sana hisoblanadi.
13. Tashkilotlar tomonidan maxsus vakolatli davlat organiga xabarni belgilanmagan shaklda yoki qog‘oz manbalarida taqdim etish man etiladi.
14. Maxsus vakolatli davlat organi xabar yuboruvchisini identifikatsiyalash va xabar mazmunining bir xilligi (o‘zgarmasligi) ustidan nazoratni amalga oshiradi.
15. Tashkilotlar tomonidan xabar to‘liq bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri shakllantirilgan holda taqdim etilgan taqdirda, maxsus vakolati davlat organi uni olgan kunning o‘zida aniq kamchiliklarni ko‘rsatgan holda qayta taqdim etish belgisi bilan qaytaradi.
Tashkilotlar xabar qaytarilgan kundan keyingi bir ish kuni davomida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda, ushbu Nizomda belgilangan talablar asosida maxsus vakolatli davlat organiga xabarni yuboradi.
16. Xabar noto‘g‘ri yuborilgan taqdirda, tashkilot uni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organiga elektron shaklda murojaat yuboradi.
Ushbu murojaatda xabarni haqiqiy emas deb topishning sabablari hamda taqdim etilgan xabarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ma’lumotlar (maxsus raqami, taqdim etish usuli, operatsiya summasi va amalga oshirilgan sanasi) ko‘rsatilishi lozim.
4-bob. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan so‘rovlarni yuborish tartibi
17. Maxsus vakolatli davlat organi legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini ijro etish hamda ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarini va xorijiy davlatlar vakolatli organlarining so‘rovlarini bajarish maqsadida tashkilotlarga ma’lumotlarni va belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatlar nusxalarini taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuborish huquqiga ega.
18. Tashkilotlar maxsus vakolatli davlat organining so‘rovi bo‘yicha mijozlarining operatsiyalari to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlarni bepul taqdim etadilar:
fuqarolik-huquqiy shartnomalarning tasdiqlangan nusxalari va ular bilan bog‘liq ma’lumotlar;
veksellar bilan bog‘liq operatsiyalar haqidagi ma’lumotlar;
bitimlar pasportlarining tasdiqlangan nusxalari;
bank nazorat varaqalari;
imzo namunalari va muhr bosma izi ko‘rsatilgan varaqalarning tasdiqlangan nusxalari;
mablag‘larni mijozning hisobvaraqlari (omonatlari) bo‘yicha harakatlanishi haqidagi ma’lumotlar (so‘rovda ko‘rsatilgan davr ichida mijozning hisobvaraqlaridan ko‘chirmalar, jismoniy shaxsning hisobvaraqlariga bog‘langan bank kartalari bo‘yicha pul mablag‘larining harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqalar);
jismoniy shaxs tomonidan hisobvaraq ochmagan holda amalga oshirilgan operatsiyalar, shu jumladan valyuta ayirboshlash operatsiyalari haqidagi ma’lumotlar;
elektron pullarni o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar haqidagi ma’lumotlar;
hisobvaraqlarni ochish (yopish) bo‘yicha ariza nusxasi;
mijozlarning shaxsiy ma’lumotnomalari (hujjatlari) nusxalari, shu jumladan mijozlarning benefitsiar mulkdorlari haqidagi ma’lumotlar;
hisobvaraqlar bo‘yicha moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning pasport nusxasi (hisobvaraqlarni ishonchnoma asosida boshqarish huquqiga ega bo‘lgan holatlarda ishonchnoma nusxasi);
masofaviy xizmat turlaridan foydalangan mijozlarning “internet-protokol manzili” (IP manzili) yoki “Media kirish nazorati manzili” (MAC manzili) yoki ushbu xizmat turi biriktirilgan telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa ma’lumotlar;
depozit (omonat) sertifikatlari egalari hisoblangan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
tashkilotlarga tegishli bo‘lgan videokuzatuv kameralari yozuvlari va boshqa ma’lumotlar.
19. Maxsus vakolatli davlat organining so‘rovlari elektron yoki qog‘oz shaklida yuboriladi.
Elektron so‘rovlar raqamli imzo bilan tasdiqlanadi, qog‘oz shaklidagi so‘rovlar esa, maxsus vakolatli davlat organining rasmiy blankida rasmiylashtiriladi, uning rahbari yoki rahbar o‘rinbosari tomonidan imzolanadi hamda tashkilotlarga elektron aloqa kanallari, shaxsan yoki maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasi orqali yuboriladi.
20. Tashkilotlar maxsus vakolatli davlat organiga so‘ralayotgan ma’lumotlarni tasdiqlangan holda so‘rovni olgan kundan so‘ng uch ish kuni ichida elektron shaklda elektron aloqa kanallari, shaxsan yoki maxsus mo‘ljallangan pochta aloqasi orqali yuboradilar.
So‘ralayotgan ma’lumotlarning hajmi, xususiyati va mazmunini inobatga olgan holda, ularni taqdim etish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan boshqa muddat belgilanishi mumkin.
5-bob. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ma’lumotlarni boshqa manbalardan olish
21. Maxsus vakolatli davlat organi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida davlat organlari va tashkilotlar, shu jumladan, tegishli nodavlat notijorat tashkilotlaridan (so‘raladigan tomon) ularda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni va hujjatlarning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalarini so‘rov asosida bepul olish huquqiga ega.
22. So‘raladigan tomon maxsus vakolatli davlat organiga so‘ralayotgan ma’lumotlarni yoki hujjatlarni so‘rovni olgan kundan so‘ng uch ish kuni ichida yoki so‘rovda ko‘rsatilgan muddatda taqdim etishi yoxud ularni taqdim etishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar haqida maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilishi lozim.
23. So‘raladigan tomon so‘rovda ko‘rsatilgan shaxslar va boshqa shaxslarni so‘rov haqida, shuningdek, so‘rov yuzasidan taqdim etilgan ma’lumotlarning mazmuni to‘g‘risida xabardor qilishi taqiqlanadi.
6-bob. Shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlarni ko‘rib chiqish va natijasi bo‘yicha xabar berish (qayta aloqa)
24. Maxsus vakolatli davlat organi yuborilgan shubhali operatsiyalar yuzasidan xabarlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha muntazam ravishda tashkilotlarni hamda ularni nazorat qiluvchi organlarni xabardor qiladi.
25. Xabardor qilish tashkilotlar hamda ularni nazorat qiluvchi organlar tomonidan legallashtirishga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning sifatini va samaradorligini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
26. Xabardor qilish qoida tariqasida quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
axborot xati;
tipologik tadqiqot hisoboti;
tahliliy ma’lumotnoma;
taqdimnoma;
tematik ma’ruza, seminarlar va ma’rifiy tadbirlar;
metodik tavsiyalar.
7-bob. Yakuniy qoidalar
27. Maxsus vakolatli davlat organi legallashtirishga qarshi kurashish maqsadida ushbu Nizomga muvofiq unga taqdim etilgan xabarlar bo‘yicha shaxslar va operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarning elektron axborot bazasini yuritadi.
28. Ma’lumotlarni saqlash tartibi va muddatlari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
29. Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni taqdim etish davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
30. Ushbu Nizom doirasida olingan va yuborilgan ma’lumotlarni yuritish, saqlash va foydalanishda ularning maxfiyligini ta’minlash talablariga qat’iy rioya qilinishi shart.
31. Ma’lumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish jarayonida kelib chiqadigan nizolar belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi.
32. Mazkur Nizomning talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Shubhali operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish
SXEMASI