1. Mudofaa va milliy xavfsizlik / Terrorizm va diniy ekstremizm bilan kurash]



Yüklə 385,12 Kb.
səhifə6/7
tarix15.11.2022
ölçüsü385,12 Kb.
#69130
1   2   3   4   5   6   7
402 29.06.2021

maxsus vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
monitoring — tashkilotlar tomonidan legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari ijrosi yuzasidan hisobot va axborotlarni masofadan tahlil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
monitoring va nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli organlar (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organlar) — tegishli tashkilotlar uchun legallashtirishga qarshi kurashish borasida ichki nazorat qoidalarini ishlab chiquvchi va tasdiqlovchi organlar yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq nazorat qilish vakolati berilgan boshqa organlar va tashkilotlar;
nazorat — legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari ijrosi holatini tashkilotga chiqqan holda o‘rganishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
operatsiyalar — legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan pul mablag‘lari yoki boshqa mulk bilan bog‘liq operatsiyalar;
tashkilotlar — O‘zbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasida nazarda tutilgan tashkilotlar.
3. Legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazorat vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Monitoring va nazorat tashkilotning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda amalga oshiriladi.
4. Monitoring va nazorat qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
5. Monitoring va nazoratni amalga oshirishning asosiy maqsadi tashkilotlar tomonidan legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.
Quyidagilar monitoring va nazoratning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tashkilotlarning jinoiy faoliyatga qasddan yoki qasddan bo‘lmagan holda jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
tashkilotlarning legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, shuningdek, ushbu sohada huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash;
legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzishni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
legallashtirishga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish.
6. Monitoring va nazoratni amalga oshirish ushbu Nizomning 1-1a-ilovalaridagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Monitoringni tashkil etish va o‘tkazish tartibi
7. Monitoring legallashtirishga qarshi kurashish sohasida tashkilotlar taqdim etgan hisobotlar, statistik va boshqa ma’lumotlarni vakolatli organlar tomonidan tahlil qilish va o‘rganish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Hisobot shakllari vakolatli organlar tomonidan ishlab chiqiladi va maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
8. Monitoringni amalga oshirishda tashkilotlarga tashrif buyurish, shuningdek, legallashtirishga qarshi kurashish sohasiga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni talab qilib olish man etiladi.
9. Monitoring davomida legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish alomatlari aniqlangan taqdirda, vakolatli organlar tomonidan ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi yoki monitoring natijalariga ko‘ra tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
3-bob. Nazoratni tashkil etish va o‘tkazish tartibi
10. Nazorat ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari asosida vakolatli organlar tomonidan mustaqil yoki maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini o‘rganish maqsadida tekshiruv shaklida amalga oshiriladi.
Maxsus vakolatli davlat organining taqdimnomasi asosida tegishli vakolatli organlari tomonidan uning nazorati ostidagi tashkilotlarda tekshiruv o‘tkazilishi mumkin.
11. Tekshiruv Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda o‘tkaziladi, tadbirkorlik subyekti bo‘lmagan tashkilotlar bundan mustasno.
12. Tekshiruv davomida legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari doirasiga kirmaydigan masalalarni o‘rganish taqiqlanadi.
13. Tekshiruv vakolatli organlar tomonidan mustaqil yoki hamkorlikda chiqarilgan tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqqa (farmoyishga) (keyingi o‘rinlarda — buyruq (farmoyish) asosan o‘tkaziladi.
Tekshiruvni o‘tkazish uchun vakolatli organlarning ikki yoki undan ortiq xodimlari jalb etilgan taqdirda, buyruq yoki farmoyishda ulardan biri tekshiruvda vazifalarni taqsimlash bo‘yicha guruh rahbari etib belgilanadi.
14. Hamkorlikda o‘tkaziladigan tekshiruvlar tekshiruv boshlanishidan kamida besh kun oldin o‘zaro xabardor qilgan holda o‘tkaziladi.
15. Buyruq (farmoyish)da quyidagilar ko‘rsatiladi:
tekshiruv o‘tkazadigan vakolatli organ(lar) nomi;
buyruq (farmoyish) raqami va sanasi;
tekshiruv o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
tekshiruv o‘tkaziladigan tashkilotning nomi, pochta manzili va faoliyat ko‘rsatish joyi;
tekshiruv jarayonida o‘rganiladigan masalalar doirasi hamda tekshirilayotgan faoliyat davri;
tekshiruvni boshlash va tugash muddati.
Tekshiruvni boshlashdan oldin tekshiruv dasturi tuzilishi va unda o‘rganiladigan masalalar aks ettirilishi lozim.
16. Tekshiruv dasturiga quyidagilar kiritiladi:
mas’ul shaxslarni tayinlash tartibiga rioya etilishi;
mas’ul shaxsni o‘qitish va qayta tayyorlashni tashkil etish ahvoli;
tashkilot faoliyatining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda ichki nazoratni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning ishlab chiqilganligi va ularga rioya etilishi;
ichki nazoratni va mijozlarni tekshirish choralarini joriy etish;
legallashtirish bilan bog‘liq tavakkalchilikni aniqlash, baholash va hujjatlar bilan qayd etish, shuningdek, ushbu tavakkalchilik haqida rahbariyatni o‘z vaqtida xabardor qilish va ularni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish holati;
mas’ul shaxslarning zimmasiga ichki nazorat qoidalari va lavozim yo‘riqnomasi bilan yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi;
mijozlarni, shu jumladan benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash bo‘yicha o‘z vaqtida va to‘liq choralar ko‘rilganligi;
mas’ul shaxslar tomonidan mijozlarni tekshirish, mijoz yoki operatsiyalarning tavakkalchilik darajasini aniqlash, tavakkalchiliklarni qayd etish hamda nazorat qilishning kengaytirilgan choralarini qo‘llashning tartib va talablariga rioya etilishi;
operatsiya ishtirokchilari o‘rtasida terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga (keyingi o‘rinlarda — Ro‘yxat) kiritilgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha ishlar holati;
Ro‘yxatga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini to‘xtatib turish va (yoki) pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish tartib va talablariga rioya etilishi;
maxsus vakolatli davlat organi tomonidan operatsiyalarni to‘xtatib turish yuzasidan yuborilgan ko‘rsatmalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi;
legallashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq ishlarda maxfiylik talablariga rioya etilishi;
operatsiyalar haqidagi axborotlarni, identifikatsiyalash ma’lumotlarini, mijozlarni tekshirish materiallarini, shuningdek, legallashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni saqlash tartiblariga rioya etilishi;
shubhali operatsiyalar haqida xabarlarni tayyorlash talablariga hamda ularni maxsus vakolatli davlat organiga yuborish muddati va tartibiga rioya etilishi;
shubhali operatsiyalarning amalga oshirilishi yoki amalga oshirishga urinishlar, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan mijozlar bilan bog‘liq shaxslar (rahbarlar, ta’sischilar), shu jumladan ushbu operatsiyalarning barcha holatlari va kontragentlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasining shakllantirilishi;
maxsus vakolatli davlat organining qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etish haqidagi so‘rovlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi;
legallashtirishga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi tashkilotlar, shu jumladan ushbu sohadagi xorijiy davlat vakolatli organlari, xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish ahvoli;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalar.
17. Tekshiruvni o‘tkazish vaqtida tekshiruvga aloqador bo‘lmagan shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi, vakolatli organlar tomonidan jalb etilgan mutaxassislar bundan mustasno.
18. Tashkilotning mansabdor shaxsi buyruq (farmoyish)ni qabul qilishdan bosh tortishi tekshiruvni o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi. Bunday holatlarda dalolatnoma tuzilib, tekshiruv hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
Tekshiruvni o‘tkazish muddati o‘ttiz kundan oshmasligi lozim.
19. Tekshiruv dalolatnomasiga “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning to‘ldirilgan shakli (qog‘oz shakli to‘ldirilganda — elektron shakli to‘ldirilmaganligi sababi) yoki kitob taqdim etilmaganda — uning taqdim etilmaganligi to‘g‘risida tegishli yozuv kiritiladi.
Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxs “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda, tashkilot mansabdor shaxsi tekshiruv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka haqli.
20. Buyruq (farmoyish)da ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.
21. Vakolatli organlar barcha o‘tkazilgan tekshiruv natijalari haqida maxsus vakolatli davlat organini tekshiruv tugagan kundan so‘ng uch ish kuni ichida xabardor qilishi lozim.
4-bob. Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslar hamda tashkilot mansabdor shaxsining huquq va majburiyatlari
22. Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
tashkilotdan tekshiruv predmetiga taalluqli ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish, ularni o‘rganish hamda nusxa olish;
tashkilotning mansabdor shaxsidan tekshiruv predmetiga taalluqli masalalar bo‘yicha yozma tushuntirish berishni hamda aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rishni talab qilish;
tashkilot rahbariyati oldiga aybdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini qo‘yish;
aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish.
Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslarning qonuniy talablari tekshirilayotgan tashkilot mansabdor shaxslari uchun majburiy hisoblanadi.
23. Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslar quyidagi majburiyatlarga ega:
tekshiruv boshlangunga qadar tashkilot mansabdor shaxsini buyruq (farmoyish) bilan tanishtirish va uning nusxasini imzo qo‘ydirgan holda taqdim etish;
tashkilot mansabdor shaxsini tekshiruv maqsadi bilan tanishtirish, unga o‘z xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasini ko‘rsatish;
tekshirilayotgan tashkilotda “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi” mavjud bo‘lgan hollarda, uning elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirish;
tekshiruvni o‘tkazish vaqtida tashkilot mansabdor shaxsiga uning huquq va majburiyatlarini, shu jumladan, tekshiruv vaqtida mutaxassislarni jalb qilishga haqli ekanligini tushuntirish;
o‘ziga ma’lum bo‘lgan tijorat, bank siri yoki boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash;
o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bilan tashkilot mansabdor shaxsini tanishtirish;
tekshiruv natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritilishini ta’minlash;
o‘z vakolatlari va buyruq (farmoyish)da belgilangan tekshiruv maqsadlari doirasidan chiqmaslik.
Tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslar zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
24. Tashkilot mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
buyruq (farmoyish) nusxasini olish, tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsning xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasi bilan tanishish;
tekshiruv jarayonida vakil orqali yoki shaxsan ishtirok etish;
tekshiruvni o‘tkazish uchun qonuniy asoslarga ega bo‘lmagan shaxslarga tekshiruvni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsdan “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron yoki qog‘oz shaklini to‘ldirishni talab qilish, to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda esa — o‘zining hududi va binolariga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsning vakolatiga kirmaydigan yoki tekshiruv predmetiga aloqador bo‘lmagan masalalar bo‘yicha talablarni bajarmaslik;
tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etish, ular bilan tanishish va nusxa olish;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilish.
Tashkilot mansabdor shaxsi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
25. Tashkilot mansabdor shaxsi quyidagi majburiyatlarga ega:
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsga tekshiruv bilan bog‘liq hujjatlar, shuningdek, elektron manbalarda saqlanadigan tegishli axborot bilan tanishish imkoniyatini ta’minlash;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsning tekshiruv bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarish hamda uning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsga o‘z vazifalarini bajarishda ko‘maklashish va tekshiruv predmetiga aloqador masalalar bo‘yicha yozma tushuntirishlar berish.
Tashkilot mansabdor shaxsi zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
5-bob. Tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish
26. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxs tomonidan tekshiruv dalolatnomasi tuziladi.
Tekshiruv dalolatnomasi ikki nusxada, hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha esa, uch nusxada tuziladi hamda tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslar va tashkilot mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi.
27. Tekshiruv dalolatnomasida quyidagilar qayd etilishi lozim:
tekshiruvni o‘tkazgan vakolatli organ(lar) nomi;
dalolatnoma tuzilgan joy va sana;
buyruq (farmoyish) raqami va sanasi;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
tekshirilgan tashkilotning nomi, pochta manzili va faoliyat ko‘rsatish joyi;
tekshiruv o‘tkazilgan joy va sana, tekshirilgan faoliyat davri;
tekshiruv natijalari, shu jumladan aniqlangan qonun buzilish holatlari, ularning xususiyatlari hamda qonun buzilishida javobgar bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
tashkilotning mansabdor shaxsi dalolatnoma bilan tanishganligi (imzolaganligi), tekshiruv natijalari bo‘yicha berilgan shikoyat va e’tirozlar hamda tanishishdan yoki imzolashdan bosh tortganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
“Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning to‘ldirilgan shakli (qog‘oz shakli to‘ldirilganda — elektron shakli to‘ldirilmaganligi sababi) yoki kitob taqdim etilmaganda — uning taqdim etilmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxsning imzosi.
28. Tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasi tekshiruv o‘tkazilgan tashkilot mansabdor shaxsiga tilxat orqali topshiriladi hamda tekshiruv natijalari haqidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
29. Tekshiruv dalolatnomasi tashkilot mansabdor shaxsiga topshirilgan kun tekshiruv yakunlangan kun deb hisoblanadi.
30. Tekshiruvni o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlarning nusxalari, tekshiruv davomida rasmiylashtirilgan hujjatlar, mutaxassislar xulosalari, tekshiruv davomida olingan materiallar, shuningdek, tekshiruv doirasidagi harakatlarning bajarilishini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar tekshiruv dalolatnomasiga ilova qilinadi.
31. Tekshiruv natijasi bo‘yicha aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va qonuniy chora ko‘rish tekshiruvni o‘tkazgan vakolatli organ, hamkorlikdagi tekshiruv bo‘yicha esa, tekshiruv tashabbuskori tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda, tekshiruvni o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan shaxs aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha faqat o‘z vakolati doirasida ularni bartaraf etishga yo‘naltirilgan choralarni ko‘rishi mumkin.
32. Tekshiruv davomida aniqlangan legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi faktlari bo‘yicha ish yuritish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
33. Vakolatli organlar ushbu Nizomga muvofiq o‘tkazilgan tekshiruvlar hamda ko‘rilgan choralar hisobini yuritishlari lozim.
34. Vakolatli organlar o‘tkazilgan monitoring va nazorat natijalari haqidagi ma’lumotlarni elektron shaklda mazkur Nizomga 2-ilovada ko‘rsatilgan jadval asosida maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadilar.
35. Ushbu Nizomning talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning faoliyati ustidan monitoring va nazoratni amalga oshirish
SXEMASI


Yüklə 385,12 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin