218
Ichki muhitning asosiy
qismini qon tashkil etib, u transport, gumoral
boshqarish, termoregulatsiya, himoya vazifalarini bajaradi.
Qon aylanish sistemasi boshqa a’zolar sistemasi kabi uzoq davom etgan
filogenezning mahsuli hisoblanadi. Qon suyuq biriktiruvchi to‘qima bo‘lib,
u plazma va qonning shaklli elementlaridan tashkil topadi.
Organizmlarning embrional rivojlanishida
qon va qon aylanish
sistemasining a’zolari mezodermadan rivojlanib, oziq modda, kislorod va
ayirish mahsulotlarini tashish vazifasini bajaradi.
Umurtqasiz hayvonlarning qon aylanish sistemasidagi evolutsion
o‘zgarishlar.
Tuban umurtqasiz hayvonlar (g‘ovaktanlilar,
kovakichlilar,
yassi chuvalchanglar)da qon aylanish sistemasi yo‘q. Ularda kislorod va
oziq moddalar tanaga diffuziya yo‘li bilan tarqaladi. Qon aylanish sistemasi
dastlab halqali chuvalchanglarda paydo bo‘lgan. Ularda qon tomir sistemasi
tana bo‘ylab ketgan orqa va qorin qon tomiridan iborat. Ular o‘zaro halqa
qon tomirlari bilan tutashgan.
Qon orqa qon tomiridan oldinga, qorin qon
tomiridan orqaga oqadi. Halqum atrofidagi halqa qon tomirlari qisqarib,
«yurak» vazifasini bajaradi. Qon yirik qon tomirlaridan mayda qon
tomirlariga, ulardan esa kapillarlarga o‘tadi. Terida kislorod bilan to‘yinadi.
Qoni qizil, lekin temir gemoglobin tarkibida emas,
balki plazmada erigan
holda bo‘ladi. Qon aylanish sistemasi yopiq.
Yurak dastlab molluskalarda paydo bo‘lgan. Yurak, yurak oldi xaltasi
ichida joylashgan. Yurak bo‘lmachasi va qorinchasi galma-gal qisqarib, qon
tomirlarga oqadi. Qon tomirlari ko‘p marta shoxlanib, mayda tomirlarga
ajratadi. Tomirlarning uchi ochiq bo‘lib, qon ichki a’zolar oralig‘idagi
bo‘shliqqa quyiladi. U yerda kislorodni to‘qimalarga berib, karbonat angidrid
bilan to‘yinadi. Organlar oralig‘idan qon yana tomirlarga yig‘iladi va o‘pka
yoki jabrada kislorodga to‘yinib, yurak oldi bo‘lmasiga quyiladi. Boshoyoqli
molluskalarda yurak bitta qorincha va ikki yoki to‘rtta bo‘lmachadan iborat.
Bo‘g‘imoyoqlilarda ham qon aylanish sistemasi ochiq.
Qon tana
suyuqligi bilan aralashib gemolimfani hosil qiladi. Qisqichbaqasimonlarda
yurak besh qirrali bo‘lib, boshko‘krakning orqa tomonida joylashgan.
O‘rgimchaksimonlarning yuragi qorin bo‘limining orqa tomonida joylashgan.
Kislorodga to‘yingan qon yurakdan tomirlarga chiqib, tana bo‘shlig‘iga
quyiladi. Kislorod va oziq moddani to‘qimalarga beradi, karbonat angidrid
va ayirish mahsulotlarini olib, nafas olish organiga boradi.
Kislorodga
to‘yinib, teshiklar orqali yana yurakka quyiladi.