Zamburularning o‘ziga xosligi ularda ko‘payish organlari va usullarining xilma-xilligidir. Bir turdagi zamburug‘ bir necha usulda ko‘payishi mumkin.
Zamburug‘lar vegetativ, jinssiz va jinsiy yo‘llar bilan ko‘payadilar.
Vegetativ ko‘payish
Vegetativ ko‘payish gifning tarmoqlanishi natijasida hosil bo‘lgan oidiyalar (artrospora) yoki mitselliyaning qismlari orqali ro‘y beradi. Vegetativ ko‘payish gifda hosil bo‘lgan xlamidospora orqali ham yuzaga keladi. Xlamidospora noqulay sharoitga chidamli bo‘ladi.
Jinssiz va jinsiy ko‘payish maxsus hujayralar – sporalar orqali ro‘y beradi.
Jinssiz ko‘payish
Jinssiz ko‘payishda sporalar havo mitselliyasining maxsus giflarida sodir bo‘ladi. Bu giflar boshqa giflardan tashqi ko‘rinishi bilan farq qiladi.
Ayrim zamburular gifida spora ekzogen (ochiq) holda hosil bo‘ladi. Bunday sporalar konidiya deyiladi. Konidiyani o‘zida ushlagan gif konidiyanosets deyiladi. Mitselliyada konidiyanosetslar yakka holda yoki guruxlar shaklida uchraydi. Konidiyanosetsning guruxli shakli bog‘lam holida bo‘lsa koremiya deyiladi, ko‘zacha holida zich joylashgan bo‘lsa piknida deyiladi. Uchinchi holi – konidiyanosetslar maxsus likopchasimon shaklda ham bo‘ladi. Bu vaqtda ular loje deyiladi.
Konidiya konidiyanosets bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki maxsus hujayra orqali birikkan bo‘ladi. Bu maxsus hujayraning tashqi ko‘rinishi shisha idishni eslatadi va u sterigma yoki fialida deyiladi.
Zamburug‘larda spora endogen – gif uchida joylashgan maxsus hujayra ichida hosil bo‘lishi ham mumkin. O‘z ichida bunday sporani joylashtirgan hujayra sporangiya, ichidagi spora – sporangiyaspora, O‘zida sporangiyani saqlagan gif esa sporangiyanosets deyiladi. Gif sporangiyadan to‘siq bilan ajratilgan bo‘ladi .
Ayrim zamburug‘larning sporalari piltachali bo‘lib, harakatlana oladi. Bunday sporalar zoospora deyiladi.