22. Bog’doddagi Ma'mun akadеmiyasi (Baytul-xikma) va undagi vatandoshlarimiz Al-Xorazmiy va Al-Farg’oniylarning faoliyati. IX-XII asrlarda Movarounnahr va Xurosonda sodir bo’lgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar mamlakat madaniy hayotiga ham kuchli ta'sir etdi. Movarounnahr arablar tomonidan istilo qilingach, o'lkada faqat islom dinigina emas, balki arab tili va uning imlosi ham joriy etildi. Shu boisdan arab tilining o'rni va ahamiyati oshib, uni o'zlashtirishga bo'lgan intilish kuchaydi. Bag'dod shahri Sharqning yirik ilm va madaniyat markazi edi. IX asrda bu shaharda «Bayt ul-hikma» tashkil etilgan edi. «Bayt ul-hikma»da katta kutubxona, Bag'dod va Damashqda astronomik kuzatishlar olib boriladigan rasadxonalar mavjud edi. Bu yerda tolibi ilmlar tadqiqotlar olib borishardi, qadimgi yunon va hind olimlarining ilmiy merosini o'rganib, asarlarini arab tiliga tarjima qilishardi. Al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg'oniy, Ahmad al-Marvaziy, al-Abbos Javhariy va Yahyo bin Abu Mansur kabi olimlar ijod qilib, o'rta asr ilm-u faniga katta hissa qo'shganlar. Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy(783-850-yillarda yashab ijod qilgan) Xorazm diyorida tug'ilib, voyaga yetadi. Dastlabki savod va turli sohadagi bilimlarini u o'z ona yurti Xorazm va Movarounnahr shaharlarida ko'pgina ustozlardan oladi. So'ngra u xalifa Ma'mun zamonida «Bayt ul-hikma»da mudir sifatida faoliyat ko'rsatadi. Zamonasining mashhur matematigi, astronomi va geografi sifatida fanga ulkan hissa qo'shdi. Xorazmiy 20 dan ortiq asarlar yozdi. Ulardan faqat 10 tasigina bizgacha yetib kelgan. Matematikaga doir asarlari «Al-jabr val-muqobala», «Hind hisobi haqida»; geografiyaga oid kitoblari «Kitob surat ul-arz» («Yer surati»); astronomiyaga oid asarlari «Zij» va «Usturlob bilan ishlash haqida kitob»; tarixga oid asarlari «Kitob at-tarix», «Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola» nomlari bilan atalgan. Hatto «algebra» atamasi ushbu kitobning «al-jabr» deb yuritilgan qisqacha nomining aynan ifodasidir. Xorazmiy nomi esa matematika fanida «algoritm» atamasi shaklida o'z ifodasini topdi. Uning «Al-jabr» asari asrlar davomida avlodlar qo'lida yer o'lchash, ariq chiqarish, bino qurish, merosni taqsimlash va boshqa turli hisob va o'lchov ishlarida das-turilamal bo'lib xizmat qildi. Xorazmiyning bu risolasi XII asrdayoq Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilinadi va qayta ishlanadi. Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan o'nlik hisoblash tizimining Yevropada, qolaversa, butun dunyoda tarqalishida buyuk ahamiyat kasb etdi. «Bayt ul-hikma» da faoliyat ko'rsatgan olimlardan yana biri buyuk astronom, matematik va geograf Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg'oniy (797-865-yillarda yashab ijod qilgan). U Farg'ona vodiysidagi Quva shahrida tavallud topgani uchun Sharqda Al-Farg'oniy, Yevropada esa Alfraganus taxallusi bilan shuhrat topgan. U astronomiya, matematika va geografiya fanlari bilan shug'ullandi. Qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirdi. Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va о'mini aniqlash, yangicha zij (astronomik jadval) yaratish ishlariga rahbarlik qildi. 832-833-yiliarda Suriyaning shimolida Sinjor dashtida va ar-Raqqa oralig'ida yer meridiani bir darajasining uzunligini o'lchashda qatnashdi. 861-yilda al-Farg'oniy rahbarligida Nil daryosi sohilida qurilgan qadimgi gidrometr- daryo oqimi sathini belgilaydigan «Miqyos an-Nil» inshooti va uning darajoti qayta tiklandi. Bizning davrimizgacha Ahmad Farg'oniyning sakkiz asari saqlangan bo'lib, ular orasida «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi ham bordir. Bu kitob XII asrdayoq lotin va ibroniy tillariga tarjima qilinib, Sharq va Yevropa mamlakatlaridagi astronomiya ilmining rivojini boshlab berdi. Mustaqillik yillarida Ahmad al-Farg'oniyning noyob ilmiy merosi xalqimizga qaytarildi. 1998-yil oktabrda alloma Ahmad al-Farg'oniy tavalludining 1200 yilligi nishonlandi. Farg'ona shahrida al-Farg'oniy nomi bilan bog' yaratildi va buyuk allomaga haykal o'rnatildi.