A. Buyurtmani bajarish muddati yoki ta’minotdagi kechikish. Buyurtma berilgandan so’ng u darhol yoki ma’lum muddatda bajarilishi mumkin. Buyurtma berilish vaqt momenti va uning ta’minoti orasidagi vaqt intervaliga ta’minotdagi kechikish yoki buyurtmani bajarish muddati deyiladi. Bu miqdor deterministik yoki ehtimolli bo’lishi mumkin.
B. Zahirani to’ldirish. Zahirani boshqarish sistemasi ta’minotdagi kechikish vaziyatida faoliyat ko’rsatsa ham zahirani to’ldirish jarayoni darhol yoki vaqt bo’yicha tekis ravishda amalga oshirilishi mumkin. Odatda, zahiraning darhol to’ldirilishi buyurtma tashqi manbadan ta’minlangan holda yuz beradi. Agar zahirasi tashkil etilayotgan mahsulot shu zahirani uyushtiruvchi tomonidan ishlab chiqarilayotgan bo’lsa, zahirani to’ldirish vaqt bo’yicha tekis holda amalga oshirilishi mumkin.
C. Zahiraning yig’ilish punktlari soni. Zahirani boshqarish sistemasida bir nechta saqlash punktlari bo’lishi mumkin. Ba’zi hollarda bu punktlar shunday tashkillashtirilishi mumkinki, ulardan ba’zilari boshqalari uchun ta’minotchi rolini bajaradi. Bunday holda tarmoqlangan strukturali zahirani boshqarish sistemasiga ega bo’lamiz.
D. Mahsulot turlari soni. Zahirani boshqarish sistemasida bittadan ko’p mahsulot qatnashishi mumkin. Bu omil har xil mahsulotlar orasida ma’lum boqlanishlar bo’lgan holda hisobga olinadi.
E. Zahirani boshqarish davri. Zahirani ma’lum me’yorda saqlab turish vaqti – zahirani boshqarish davrini tashkil etadi. Bu vaqt oraliqini oldindan rejalashtirishga harakat qilinadi. Zahirani boshqarish davri chekli yoki cheksiz bo’lishi mumkin.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozimki, real vaziyatni to’liq aks ettiruvchi zahirani boshqarish umumiy modelini qurish qoyat murakkab masaladir. Hatto bunday modelni qurishga erishilganda ham unga mos matematik masalani yechish katta qiyinchiliklarga olib keladi. Shuning uchun amalda uchrashi mumkin bo’lgan bir qator vaziyatlarga mos soddalashtirilgan modellarni o’rganish va ular asosida natijalar olishga harakat qilinadi. Quyida shunday modellardan ba’zilarini ko’rib chiqamiz.