O‘qituvchining darsga tayyorlanishi Har qanday darsning samarasi uning natijasi, ya‘ni o‘quvchilarda
shakllangan bilim, ko‘nikma va malakalar darajasi bilan o‘lchanadi, lekin bu natija
ko‘p jihatdan dars o‘tuvchi shaxs-o‘qituvchining tayyorgarligiga bog‘liqdir.
Darsga bo‘lgan o‘qituvchining puxta tayyorgarligi ta‘limning samarasini
ta‘minlaydi, shuning uchun dasrga kirishdan oldin o‘qituvchi ham psixologik, ham
fani bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rishi lozim.
Psixologik jihatdan tayyorgarlik deganda quyidagilarni tushunishimiz lozim.
Dars murakkab jarayon bo‘lib, unda turli psixik hususiyatlarga;harakterga,
irodaviy hislatlarga, xotiraga, diqqatga, tafakkur va temperamentga ega bo‘lgan
o‘quvchilar ishtirok etishadi. Dars davomida yuqorida qayd etilgan hususiyatlar u
yoki bu ko‘rinishda o‘quvchilar tomonidan namoyon etiladi. Qolaversa, darsning
har bir daqiqasida hyech kim, hyech qaysi yo‘l bilan oldindan rejalashtira
olmaydigan vaziyatlar yuzaga chiqadi. Ammo, o‘qituvchi psixik jihatdan har
qanday vaziyatda o‘zini yo‘qotmasdan muammoni to‘g‘ri yo‘l bilan hal etishga
tayyor bo‘lishi lozim. Buning uchun har bir o‘qituvchi bo‘lajak darsning muhitini
tasavvur etishi va unga o‘zini oldindan tayyorlashi lozim bo‘ladi.
Fan bo‘yicha tayyorgarlik deganda esa quyidagilar tushuniladi; darsni
tashkil etishdan oldin o‘qituvchi belgilangan sinfda o‘z fani bo‘yicha o‘quv
dasturidan qaysi mavzuni o‘tishi lozimligini ko‘rib oladi. So‘ng ushbu mavzu
bo‘yicha Davlat ta‘lim standartlariga murojaat etib, nima to‘g‘risida o‘quvchilarga
bilim berishni aniqlab oladi. Mavjud darslik yoki adabiyotlar, shuningdek,
ko‘rgazmali yoki boshqa ta‘lim vositalari o‘quv dasturi talablariga qanchalik javob
berishini aniqlab, mavzuni yoritishga yordam berish imkoniyatlarini bilib oladi.
Darslikda bayon etilgan o‘quv materiali bilan tanishib, uni bugungi kun vazifalari
hamda sinf o‘quvchilarining bilim darajasiga moslashtirib, zaruriyat bo‘lsa
o‘zgarishlar, tuzatishlar kiritadi. O‘quvchilarni mashq qildirish uchun amaliy
vazifalarni belgilaydi, so‘ng mavzu yuzasidan xulosalar chiqarish, qonun-
qoidalarning ta‘rifini belgilab oladi. O‘quvchilar dars davomida va uyda olib
boriladigan mustaqil ishlari uchun vazifalar tayyorlaydi. Dars turi hamda uning
davomida qo‘llaniladigan metodlar aniq belgilab qo‘yiladi. Shu bilan birga dars
mavzusini oldingi o‘tilgan mavzular bilan hamda fanlararo aloqalarni ayrim
o‘quvchilar bilan yakka tartibda olib boriladigan ishlar rejalashtiriladi va dars
rejasini yozishga kirishiladi.
Kundalik dars rejasi (konspekti) o‘qituvchi tomonidan har bir darsga alohida
yoziladi.