KETMA-KET VA PARALLEL SILJITUVCHI REGISTRLARNI ISHLASHINI O‘RGANISH
1.ISHDAN MAQSAD Turli xotira va surilish registrlar vazifalarini hamda ishlash tamoyillarini o‘rganish.
2.NAZARIY MA’LUMOTLAR n-razryadli ikkilik son ko‘rinishida taqdim etilgan ma’lumotni qabul qilish, saqlash va qayta ishlov berish uchun mo‘ljallangan qurilma registr deb ataladi. SHunday qilib n-razryadli ikkilik sonni saqlovchi registr n-triggerlardan iborat bo‘lishi kerak. Ma’lumotni registrga kiritilishi kiritish operatsiyasi yoki ma’lumotni yuklash deyiladi. Ma’lumotni registrdan chiqarish esa chiqarish operatsiyasi yoki sanab chiqish deb ataladi.
Bajaradigan vazifasiga ko‘ra, registrlar jamlovchi (xotira va saqlash registrlari) va surilish registrlariga ajratiladi. O‘z navbatida surilish registrlar quyidagilarga bo‘linadi:
ma’lumotni kiritish va chiqarish usuli bo‘yicha: ketma-ket; parallel; ketma-ket- parallel;
ma’lumot uzatishning yo‘nalishi bo‘yicha: bir tomonlama (bitta yo‘nalishli) va reversiv (ikki yo‘nalishli).
Registrlarning muhim tavsiflari qatoriga ularning razryadligi hamda ishlash tezligi kiradi. Razryadligi registriga yozish mumkin bo‘lgan eng katta ikkilik sonni belgilaydi. Ish tezligi esa yozilishni, chiqarishni va ma’lumotni surilishini belgilaydigan maksimal taktli chastotasini aniqlaydi.
Xotira registrlari Saqlash yoki xotira registrlari ma’lumotni parallel qabul qilib chiqaradi. Xotira registrlari ikkilik ma’lumotni bir yo‘la barcha razryadlari bilan yozadi, saqlaydi va chiqarib beradi, ya’ni ma’lumot parallel shaklda bo‘ladi (shuning uchun bunday registrlarni parallel registrlar deb ham atashadi). Kiritilayotgan va chiqarilayotgan ma’lumotning ko‘rinishiga ko‘ra parallel registrlar bir fazali va parafazali bo‘lishi mumkin. Bir fazali registrning informatsion kirishlariga ikkilik sonning bir fazali kodi yuboriladi (sonning inversiya raqamli razryadlari berilmaydi), parafazali registrlar kirishlariga ikkilik sonning ikki fazali kodi yuboriladi, shu jumladan inversiya raqamli razryadlari ham. Parafazali registrni RS yoki JK sinxron triggerlardan foydalanib qurish mumkin. Registr triggerlarning holatlari ularning kirishlarida mavjud bo‘lgan ikkilik sonni parafazali signali (01 yoki 10) bilan aniqlanadi. Bunda ma’lumotni registrga yozilishi faqat taktli impuls (sinxroimpuls) kelganida amalga oshiriladi.
Bir fazali parallel xotira registrini bir pog‘onali D-triggerlar asosida qurish mumkin. Ma’lumot yozilishi boshqaruv kirishiga ega bo‘lgan 8ta razryadli parallel xotira registr sxemasi (a) va uning shartli belgilanishi (v) 1-rasmda keltirilgan.