12-Ma’ruza. Til sathlari va uning birliklari (2 soat) Reja
Bir sathga mansub birliklar munosabati Bir sathga mansub bo’lgan birliklar o’zaro ikki xil munosabatga kirishadi: 1) uyadoshlik (paradigmatik) munosabati; 2) ketma-ketlik munosabati.
Uyadoshlik munosabati 1§. Bir sathga mansub bo’lgan, qimmat jihatdan bir xil birliklarning malum umumiy belgi asosida bir guruhga (uyaga) birlashuvi uyadoshlik munosabati sanaladi. Uyadoshlik munosabatida bo’lgan birliklar uchun umumiy belgi sifatida shu birliklarning ma’nosi ham, shakli ham xizmat qilishi mumkin. Masalan, ishchi, ishla leksemalari o’zakning umumiyligi bilan o’zaro birlashsa, qo’shimchalari bilan farqlanadi. Yoki aksincha, ishla, angla,so’zla singari leksemalar qo’shimchaning umumiyligi bilan birlashib, o’zakning xilma-xilligi bilan farqlanadi. Har ikki holatda ham uyadoshlikni hosil qiladi. Leksik sathda ayrim leksemalar shakliy o’xshashlik umumiy belgisi asosida bir uyani, sinfni tashkil etadi. Bunday leksemalar munosabati leksik omonimlarni hosil qiladi. Yoki ba’zi leksemalarma’no umumiyligi asosida bir sinfga birlashadi. Bunday munosabatda bo’lgan leksemalar leksik sinonimlarni tashkil etadi. Xuddi shunday xususiyat fonologik sathdan yuqori bo’lgan barcha sath birliklari uchun ham xosdir. Masalan, umumiy egalik ma’nosi asosida barcha egalik shakllari bir uyaga birlashadi. Zamon ma’nosi asosida barcha zamon bildiruvchi fe’l shakllari bir uyani hosil qiladi. Shu bilan birga, uya ichida xuddi shunday umumiy ma’no asosida yana kichik uyalarga birlashishi mumkin. Jumladan, o’tgan zamon shakllari, hozirgi zamon shakllari, kelasi zamon shakllari kabi.
Shunday qilib, ma’lum uya o’z ichida kichik uyalarga bo’linib, uyalar darajalanishini hosil qiladi. Masalan, a, e, o, u, u, a unlilari munosabati unlilar sistemasini (paradigmasini) tashkil etish bilan birga, bu unlilarning har kaysisi bevosita kuzatishda bir qancha variantlar orqali yuzaga chiqadi va variantlar uyasini (sistemasini) tashkil etadi.
2-§. Lisoniy birliklarning uyadoshlik munosabatini belgilashda ko’proq ma’no umumiyligi belgisi xizmat qiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, ma’lum umumiy ma’no asosida bir uyaga birlashtirish uchun asos bo’lib xizmat qilgan umumiy ma’no takrorlanishi lozim. Anna shu takrorlanuvchi ma’no (sema) har bir a’zoni ayni shu uyaga (paradigmaga) birlashtirish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga uyaning xar qaysi a’zosi boshqa a’zodan ma’lum belgilariga ko’ra farqlanish xususiyatiga ham ega. Ana shu farqlanish belgisi bilan uyaning alohida birligi ekanligini saqlab turadi. Demak, har bir a’zo birlashtiruvchi va farqlovchi semalar birligidan tashkil topadi. Birlashtiruvchi sema har bir a’zoni ma’lum mazmuniy uyaga (paradigmaga) birlashishini, farqlovchi sema esa uya tarkibidagi har bir a’zoning o’ziga xosligini, alohidaligini ko’rsatib turadi. Anglashiladiki, uyaning har bir a’zosida umumiylik va o’ziga xoslik dialektikasi o’z tajassumini topadi. Masalan, -gan, -di shakllari o’tgan zamon semasi bilan bir uyaga kiradi. Shu bilan birga ularning xar ikkisi o’ziga xos farqlanish belgisiga ham ega. Ular o’tgan zamonning nutq momentiga nisbatan uzoq yoki yaqinligini ifodalash jihatidan bir-biridan farqlanadi. Birinchisi nisbatan uzoq o’tgan zamonni, ikkinchisi esa yaqin o’tgan zamonni bildiradi.
Har bir uya (paradigma) sistema sanaladi. Shunday ekan, til sistemasi o’zaro munosabatda bo’lgan bir qancha uyalarning birligidan iboratdir.
Har bir uya a’zolari bir-biri bilan zidlanish xususiyatiga ega. Zidlanish har qanday narsa va hodisaning ichki taraqqiyot negizidir. Shunday ekan, davrlar o’tishi bilan uya a’zolari o’rtasida mikdoriy o’zgarish ro’y berishi mumkin. Ayrim a’zolar eskirib, iste’moldan chiqishi, yangisi kirib kelishi mumkin. Bu esa til sistemasining ochiq sistema ekanligini ko’rsatadi.