Turli sathga mansub birliklar munosabati. Pog’onali munosabat 1§. Bir sathga mansub, murakkablik darajasiga ko’ra bir xil bo’lgan lisoniy birliklar munosabatidan tashqari, turli sathga mansub, turli murakkablikdagi birliklar ham o’zaro munosabatga kirishadi. Murakkablik darajasi turli xil bo’lgan, ikki xil sathga mansub lisoniy birliklar munosabati pog’onali munosabat sanaladi. Bunday munosabatni «...dan tashkil topadi», «... tarkibiga kiradi» ifodasi bilan berish mumkin. Demak, quyi sath birligi o’zidan bir daraja yuqori sath birligi uchun qurilish (konstruktiv) birligi bo’lib xizmat qiladi. Yuqori sath birligi esa qurilma (konstruksiya) sifatida o’zidan bir daraja quyi sath birliklarining ketma-ketlik (sintagma tik) munosabatidan tashkil topadi. Masalan, maktabga so’z shakli morfologik sath birligi sifatida morfemik sath birligiga nisbatan murakkablik darajasi yuqori. Chunki u o’zidan bir daraja quyi morfemik sathning maktab va -ga birliklari o’rtasidagi sintagmatik munosabat hosilasi sifatida maydonga kelgan.
Demak, morfologik sath birligi bo’lgan so’z shakl morfemik sath birligi bo’lgan morfemalarning (morfema variantlarining) o’zaro sintagmatik munosabatidan tashkil topadi. Morfema (morfema varianti) esa so’z shakl tarkibiga kiradi.
2§. Lisoniy birliklarning murakkablik darajasi nisbiydir. Uning murakkab deb nom olinishi o’zidan bir daraja quyi sath birligiga nisbatandir. Masalan, morfemik sath birligi bo’lgan morfemaning murakkab (qurilma, sistema) deb nom olinishi fonologik sath birligi bo’lgan fonemaga nisbatandir. Morfema, o’z navbatida, morfologik sath birligi bo’lgan so’z shakl uchun element, qurilish (konstruktiv) a’zosi sanaladi. So’z shakl morfemaga nisbatan murakkab, sintaksemaga nisbatan esa element hisoblanadi.
Lisoniy birliklar o’rtasidagi pog’onali munosabat til sistemasi ichki tuzilishining oddiydan murakkabga qarab tarkibiy joylashganligidan dalolat beradi.
Paradigma azolari o’rtasidagi zidlanishlar va zidlanish turlari 1§. Yuqorida ta’kidlanganidek, uyadoshlik (paradigmatik) munosabatida bo’lgan lisoniy birliklar muayyan birlashtiruvchi semaga ega bo’lishi bilan birga, o’zaro farqlovchi semaga ham ega bo’ladi. Ana shu farqlovchi semalar uya a’zolarining o’zaro zidlanishi uchun asos bo’ladi.
Sistemaviy tilshunoslikda uya a’zolarining ana shunday farklovchi semalar asosida zidlanishini belgilash markaziy o’rinni egallaydi. Chunki lisoniy birliklarni ma’lum sinflarga birlashtirish qanchalik muhim bo’lsa, sinf a’zolarini bir-biriga zidlash ham shunchalik ahamiyatlidir. Sinflarga birlashtirishda lisoniy birlik mazmuniy mundarijasidagi birlashtiruvchi sema xizmat qilsa, bir-biridan ajratishda farqlovchi sema asosiy rol o’ynaydi. Shuning uchun sistemaviy tilshunoslik asoschilari zidlanish tushunchasiga katta e’tibor berib, til-da zidlanishdan boshka hyech narsa yo’qligini ta’kidlaydilar.
2-§. Farqlash tushunchasi zidlanish tushunchasini taqozo etadi. Ikki narsa bir-biridan faqat o’zaro zid quyilgandagina farqlanadi. Sistemaviy tilshunoslikning asoschilaridan biri N.S.Trubeskoy fonologik sathda zidlanishlarni quyidagicha belgilarga ko’ra tasnif etadi:
A.Zidlanish sistemasiga munosabatiga ko’ra.
B. Zidlanuvchi a’zolar urtasidagi munosabatga ko’ra.
B.Zidlanuvchi a’zolarning ma’no farklash kuchiga ko’ra [1]1.