2.2 Axborot texnologiyalari asosida fizika darslarini tashkil etish uslubi Ta’limni axborotlashtirish – ta’lim-tarbiyaning pedagogik-psixologik maqsadlarini amalga oshirishga yo’naltirilgan zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va ularni yaratish amaliyoti va metodologiyasi bilan ta’lim sohasini ta’minlash jarayonidir.
Bu jarayon birinchidan, ilmiy-pedagogik ma’lumotlar bazasidan foydalanish asosida ta’lim tizimini boshqarish mexanizmini takomillashtirishni, ikkinchidan, zamonaviy axborot jamiyatida shaxsni rivojlantirish maqsadlarida ta’lim-tarbiyaning tashkiliy shakllari va metodlari, mazmunini tanlash va metodologiyasini takomillashtirishni, uchinchidan, o’quvchini intellektiual salohiyatini rivojlantirishga, unda mustaqil bilim olish malakasini shakllantirishga yo’naltirilgan o’qitishning metodik tizimini yaratishni, to’rtinchidan, o’quvchilar bilimini nazorat qilish va baholashning diagnostik metodlari va kompyuter testlardan foydalanishni va ularni yaratishni tezlashtiradi.
Ta’limni axborotlashtirish jarayoni va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish o’qitishning nafaqat tashkiliy shakllari va metodlari o’zgarishini, balki o’qitishning yangi metodlarini shakllanishiga olib keladi.
Fanlar sohasining axborotlashuvi, o’quv faoliyatining takomillashuvi, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida bilish jarayonining integrasiyalashuvi fanlar sohasining kengayishiga va chuqurlashuviga, ularning integrasiyasiga sababchi bo’ladi. Bu esa o’z navbatida o’quv materiallari mazmunini tanlash kriteriyini o’zgarishini talab etadi.
Shunday qilib, ta’limni axborotlashtirish jarayonining rivojlanishi o’quv materiallarining mazmuni va hajmini o’zgarishiga, o’quv predmetlari (kurslari) dasturlarining qayta tuzilishiga, alohida mavzular yoki predmetlarning integrasiyalashuviga sababchi bo’ladi. Bu esa o’quv fanlarining mazmuni va tuzilmasini o’zgarishiga, ya’ni ta’limning mazmuni va tuzilmasini o’zgarishiga olib keladi.
Bu jarayonga parallel ravishda o’quvchilar bilim saviyasi muammosiga kompyuter texnologiyalari asosidagi innovasion yondashuvni joriy etish kuzatiladi.
Ta’lim mazmuni va tuzilmasining, nazorat va o’qitishning tashkiliy shakllari, metodlari haqidagi tasavvurlarning o’zgarishi o’qitishning xususiy metodikasini o’zgartiradi.
Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalarini imkoniyatlaridan foydalanish va bu orqali o’quv faoliyatining kengayishi o’qitish vositalari, darsliklarga bo’lgan didaktik talablarning sifat o’zgarishiga olib keladi.
Yuqorida ta’kidlanganlar ta’lim-tarbiya nazariyasining tarkibiy qismlarini o’zgartiradi, ya’ni pedagogika fanining paradigmasini o’zgarishiga olib keladi.
Dunyoda masofaviy o’qitish ochiq ta’lim tizimining muhim bo’qini sifatida keng qo’llanishi kuzatilmoqda, zamonaviy axborot texnologiyalari va INTERNETdan ta’limda foydalanish ta’lim sifatini yanada yuqori ko’tarish omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari oliy pedagogik fizik ta’limda keng joriy etilmoqda.
o’quv jarayonida axborot texnologiyalarni qo’llash pedagogik metodlarning samaradorligini oshishiga, pedagoglarning mehnat faoliyatining o’zgarishiga, ularning ish uslublarini takomillashishiga, pedagogik tizimlarning tuzilmaviy o’zgarishiga olib keladi. Bu esa pedagogik jarayonlarni boshqarishni tashkillash va boshqarishda o’ziga xos vazifalarni qo’yadi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari muhitida pedagogik jarayonlarni samarali tashkil etish:
- o’qituvchilar o’rtasida mehnatning taqsimlanishini;
- masofaviy o’quv kurslarini va elektron adabiyotlarni yaratuvchi jamoaga pedagoglar va kompyuter dasturchilari, mutaxassislarining birlashuvini;
- pedagogik jarayonni tashkil qilishni takomillashtirish va o’qituvchilik faoliyatining samaradorligini monitoring etishni taqozo etadi.
Xozirda ta’lim muassasalari zamonaviy kompyuter va telekommunikasiya texnologiyalari asosida jihozlanmoqda. Bu o’z navbatida pedagoglarning o’zlarining mehnat faoliyatiga yangicha yondashuvlarini talab etadi. o’quv jarayonida yangi texnologiyalarni joriy etilishi o’qituvchini texnik vositalar tomonidan siqib chiqishga emas, balkim uning vazifalari, rolini o’zgartiradi, o’qituvchilik faoliyatining murakkablashuviga olib keladi. Endi o’qituvchi :
- o’quv kurslarini yaratuvchi;
- o’qitish metodlari bo’yicha maslahatchi;
- o’quv kurslarini interaktiv taqdim etish bo’yicha mutaxassis;
- ta’lim natijalarini nazorat qilish usullari bo’yicha mutaxassis bo’lishi kerak.
Zamonaviy texnologiyalar masofaviy oliy pedagogik fizik ta’limni yangicha tashkil qilinishiga asos yaratadi. Bunday ta’limda fizik-pedagoglar, kompyuter dasturchilari va mutaxassislari o’qitish kurslarini yaratishlari lozim bo’ladi.