Gipoteza – yangi dalillarning mohiyatini tushuntiruvchi qonun mavjudligi haqidagi asosli taxmindir. Gipoteza olimlar tomonidan ilmiy muammoning qo‘yilishiga sabab bo‘lgan ilmiy
dalillarni taxminiy tushuntirish maqsadida ilgari suriladi. Gipoteza tekshiriladigan bo‘lishi lozim,
u empirik tekshirish imkonini beruvchi oqibatlarga olib keladi. Agar bunday tekshirishning iloji
bo‘lmasa, gipoteza ilmiy jihatdan asossiz hisoblanadi.
Gipoteza formal-mantiqiy qarama-qarshiliklardan xoli va ichki izchillikka ega bo‘lishi
lozim. Gipotezani baholash mezonlaridan biri – uning mumkin qadar ko‘proq ilmiy dalildan kelib
chiqadigan oqibatlarni tushuntirish qobiliyati. Biroq ilmiy muammoni qo‘yish bilan bog‘liq
dalillarni tushuntiruvchi gipotezani ilmiy jihatdan asosli deb bo‘lmaydi.
Gipoteza ilgari ma'lum bo‘lmagan narsalar va hodisalarni, empirik tadqiqot jarayonida hali
aniqlanmagan yangi ilmiy dalillarning paydo bo‘lishini bashorat qiladi. Gipoteza mumkin qadar
sodda bo‘lishi lozim. U oz sonli asoslar bilan ko‘p sonli hodisalarni tushuntiradi. Unda ilmiy
dalillarni va gipotezaning o‘zidan kelib chiqadigan oqibatlarni tushuntirish zarurati bilan bog‘liq
bo‘lmagan ortiqcha farazlar bo‘lmasligi kerak. Gipoteza qay darajada asosli bo‘lmasin, u
nazariyaga aylanmaydi. Shu sababli ilmiy bilishning navbatdagi bosqichi – gipotezaning
haqiqiyligini asoslash serqirra jarayon bo‘lib, mazkur gipotezadan kelib chiqadigan oqibatlarning
mumkin qadar ko‘prog‘i o‘z tasdig‘ini topishi lozimligini nazarda tutadi. Shu maqsadda kuzatish
va eksperimentlar o‘tkaziladi, olingan yangi dalillar gipotezadan kelib chiqadigan oqibatlar bilan
taqqoslanadi. Empirik darajada qancha ko‘p oqibatlar o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa, ularning boshqa
gipotezadan kelib chiqish ehtimoli shuncha kam bo‘ladi. Gipotezaning eng ishonarli tasdig‘i –
empirik tadqiqot jarayonida gipotezada bashorat qilingan oqibatlarni tasdiqlovchi yangi ilmiy
dalillarning aniqlanishidir. Shunday qilib, har tomonlama tekshirilgan va amalda o‘z tasdig‘ini
topgan gipoteza nazariyaga aylanadi.