Tafakkur va borliqning birligi. Tafakkur bilan borliq o‘rtasida birlik mavjud. Tafakkur
va borliqning birligi zamirida mantiqiy shakllar va tafakkur qonunlarini shakllantiruvchi ijtimoiy
amaliyot yotadi. Dunyo rivojlanishining ob'ektiv umumiy qonuniyatlaridan mantiqiy
qonuniyatlarning farqi shundaki, inson mantiqiy qonuniyatlarni ongli ravishda qo‘llashi mumkin,
tabiatda esa dunyoning rivojlanish qonuniyatlari o‘ziga ongsiz tarzda yo‘l ochadi.
Inson o‘zini qurshagan dunyo haqidagi barcha bilimlarni pirovard natijada sezgi a'zolari
orqali oladi. Biroq ular ayrim soxta g‘oyalar, masalan, yerning yassi tuzilishi, Quyosh yer atrofida
aylanishi kabi g‘oyalar manbai hamdir. Bu ko‘pincha sezgi a'zolarining ma'lumotlariga
ishonchsizlik uyg‘otgan, ratsionalistlar bu a'zolarning bilishdagi rolini kamsitishi va bilishda
asosiy rolni tafakkur o‘ynashini qayd etishiga sabab bo‘ladi. Biroq empiriklar bu fikrga e'tiroz
bildirib, bilishda xatolarga ko‘proq tafakkur yo‘l qo‘yganini qayd etadilar. Ularning fikricha,
hayvon tabiat yo‘llaridan chetga chiqa olmaydi: uning motivlari zamirida sezgi a'zolari orqali idrok
etiladigan narsalar yotadi. Hayvonlar hyech narsani o‘ylab topmaydi va shuning uchun ham ular
aqlsizlik holatiga tushmaydi. Inson esa har xil xom xayollar qurboni bo‘ladi.
Sezgi darajasida bilishning rolini mutlaqlashtiradigan va mavxum nazariy tafakkurga
ishonmaydigan empirizm ilmiy bilishning rivojlanishiga monelik qiladi. Mutaxassislar fikricha,
qadimgi matematiklar, faylasuflar, pifagorchilar, matematikaga irratsional, ba'zan – kasr
sonlarining kiritilishiga qarshi chiqqanlar, o‘z fikrlarini bu sonlarning noaniqligi bilan isbotlashga
harakat qilganlar. Bunday fikrlar yunonlarni algebrani fan sifatida inkor etishga majbur qilgan, bu
esa matematikaning analitik metodlari Uyg‘onish davriga qadar zamondan orqada qolishining
sabablaridan biri bo‘lgan. Qadimgi mutafakkirlar sezgida bo‘lmagan narsa tafakkurda ham
bo‘lmaydi deb qayd etgan. Tafakkur jarayoni modellar, sxemalar, tabiiy, sun'iy til va hokazolar
ko‘rinishidagi sezgi unsurlariga tayanmay ish ko‘ra olmaydi.