Borliq va yo`qlik dialektikasi. Keltirilgan fikr amalda mavjud narsagina borliqqa ega bo`lishi mumkin, degan xulosa chiqarish imkonini beradi. «Yo`qlik» har qanday tilda amalda mavjud bo`lmagan narsa bilan tenglashtiriladi va boshqacha tushunilishi mumkin ham emas. Boshqacha aytganda, yo`qlik borliqni inkor etadi va narsa, jism, hodisa, ong... (ya’ni amalda mavjud bo`lishi mumkin bo`lgan narsalar) o`zligini yo`qotgan holda «yo`qlik» atamasi ayni shu ma’noda ishlatiladi va ular haqida ular «yo`qlikka chekindi», mavjud emas, deyiladi.
Lekin sof falsafiy ma’noda bu fikrni to`g`ri deb bo`lmaydi. Borliq va yo`qlik o`rtasida dialektik o`zaro aloqa mavjud.
Birinchidan, dunyo haqidagi hozirgi tasavvurlarga ko`ra, biz yashayotgan Olam bo`shliqdan bino bo`lgan. Bo`shliq materiyaning alohida holati. Bo`shliq fizik borliqning eng boy tipi, o`ziga xos potentsial borliq sifatida namoyon bo`ladi, zero unda mumkin bo`lgan barcha zarralar va holatlar mavjud, biroq ayni zamonda unda aktual tarzda hech narsa yo`q2.
Yana shuni ham e’tiborga olish lozimki, fiziklar (D.A.Landau, va boshqalar) nuqtai nazaridan biz yashayotgan Olam ham dunyoda yagona emas, chunki u rivojlanishning turli tsikllarini boshdan kechirayotgan turli Olamlarning cheksiz sonidan tashkil topadi. Shu ma’noda borliq va yo`qlikning o`zaro aloqasi ham nisbiy xususiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, amalda mavjud bo`lgan narsaning ob’ektiv borlig`i yo`qlikka chekinadi, lekin, shunga qaramay u haqda gapirilayotgan, ya’ni u muayyan narsa sifatida fikrlanayotgan bo`lsa, bu narsa ongda mavjud bo`ladi va o`zining «ikkinchi» borlig`ini saqlaydi, ayni holda u dastlabki ob’ektning nusxasi, ideal obraz bo`lib qoladi.
Shunday qilib, o`tgan zamondagi borliq yo`qlikdir, deb aytish mumkin. Borliq doim hozirgi zamonda mavjud bo`ladi, u faqat hozirgi zamonda o`zini namoyon etadi, basharti u dolzarb va amalda namoyon bo`lish imkoniyatiga ega bo`lsa, agar u potentsial, ya’ni axborot manbalarida mavjud yoki uning paydo bo`lishi ob’ektiv rivojlanish mantig`i bilan belgilangan bo`lsa. Amalda yo`q bo`lgan narsa haqida ideal obraz sifatida fikrlash mumkin. Boshqacha aytganda, unga ideal obraz tarzidagi ideal borliq shakl-shamoyilini berish mumkin. O`tmishga tatbiqan biz borliq haqida faqat shu ma’noda so`z yuritishimiz mumkin.
Ayni shu ma’noda biz g`oyalar, narsalar, voqealar, tarixiy shaxslar yoki o`zimizga yaqin odamlar to`g`risida so`z yuritamiz, bunda ular yo`qlikka aylanmagani, balki yangicha mavjudlik, xotira tarzidagi o`zgacha borliq kasb etganini nazarda tutamiz.