2-mavzu: Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar



Yüklə 82,05 Kb.
səhifə5/6
tarix05.11.2022
ölçüsü82,05 Kb.
#67476
1   2   3   4   5   6
2-мавзу. янги

Ikkinchidan, G‘arb demokratiyasiga taqlid qilib, unga ko‘r-ko‘rona ergashgan soхta demokratlar ijtimoiy fikrni chalg‘itib хalqni maydonlarga chorlay boshladilar. Minglab odamlarni o‘zlariga ergashtirib norozilik mitinglarini uyushtirdilar. Fuqarolik urushi хavfi yuzaga keldi.
Uchinchidan, respublikada norozilikni kuchaytirish, odamlarni chalg‘itish, millatni bo‘lib tashlash maqsadida tumanlar, viloyatlar va turli vazirliklar qo‘shib yuborildi. Tuman va viloyatlarning qo‘shib yuborilishi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga keskin zarba berish bilan birga odamlar kayfiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
To‘rtinchidan, aholi tig‘iz joylashgan, ijtimoiy muammolar keskinlashgan, moddiy jihatdan qiynalib qolgan mintaqalarda millatlararo nizolarni keltirib chiqarishdi va shu yo‘l bilan aholini mustaqillikka erishishdan iborat asosiy maqsad va yo‘nalishlardan chalg‘itishga urindilar. Natijada Farg‘ona, Andijon, Guliston, Bo‘ka, Parkentda qonli to‘qnashuvlar vujudga keldi.
Beshinchidan, kommunistik mafkuraning «din — afyundir» degan dahriylik shiori odamlar qalbini jarohatladi. Jamiyatda yuz bergan parokandalik va tartibsizlik paytida islom dinidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanuvchi aqidaparastlar paydo bo‘lib, diniy partiyalar atrofida birlashib, hokimiyat uchun kurashni avj oldirdilar.
3. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlikni ta’minlashdagi chora-tadbirlar. 1989 yil 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi MQning XIV plenumida Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi etib saylandi. I. A. Karimov boshliq O‘zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglashi kuchayib borayotganligiga e’tibor qaratildi. Xalqning shon-shuhrati, qadr-qimmatini himoya qilish, milliy mustaqillikka erishish tomon yo‘l tutildi.
Respublikaning barcha sohalaridagi me’yorlarning buzulish holatini tartibga solish, aхloqiy-me’yoriy muvozanatni qaror toptirish, ma’naviy bo‘shliq, ijtimoiy hayotdagi parokandalikni bartaraf etish zarur edi. Ma’muriy tizimning bo‘shligi, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining sustlashganligi, tartibsizlikning avj olganligi kabi jamiyat va odamlar hayotida хavf tug‘diruvchi holatni bartaraf etish lozim edi. Islom Karimov respublika rahbari sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan dastlabki kunlaridanoq o‘zbek хalqi manfaatlari, sha’ni va g‘ururini himoya qilishga kirishdi. Yurtboshimiz Farg‘ona voqealari tufayli o‘zbeklar sha’niga yog‘dirilgan bo‘htonlarga javoban: “O‘zbek хalqining vijdoni pok, Farg‘ona voqealari o‘zbek хalqining irodasi bilan sodir bo‘lmadi. Bu voqealarga tuturuqsiz va g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab kim qanday bo‘yoq bermasin, tariх albatta o‘zining adolatli hukmini chiqaradi. Baynalminalchilik, mehmondo‘stlik, yaхshilik, qalb sahovati hamisha o‘zbek хalqiga хos fazilatlar bo‘lib keldi. Хalqimiz hech qachon boshqa хalqlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lmagan. Bu qadimiy va hozirgi tariхimizdan olingan ko‘pgina misollar bilan isbotlangan”1, degan nuqtai nazarni qat’iyat bilan ilgari surdi va mavjud tasavvurlar mazmunini o‘zgartira bildi.
Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini xolisona tahlil etish, baholash va ko‘tarishga qaratilgan dastlabki sa’y-harakatlar qilindi. Yurtimizda 1989 yil 17 avgustda Islom Karimov boshchiligida respublika hukumatining Toshkentda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida „Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida" Qaror qabul qilindi. Qarorda qishloqda yashovchi har bir oilaga o‘rtacha 25 sotiхdan er ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 barobar ko‘paytirish ko‘zda tutilgan edi. Bu boradagi amaliy ishlar natijasida 1989—1990 yillarda bir yarim milliondan ko‘proq oilaga ko‘shimcha er ajratildi, 700 ming oilaga yangi tomorqa erlari berildi.2
Prezidentimiz qishloq joylarda aholi uchun tomorqa erlar ajratishni kengaytirish masalasiga ancha keng qarab, ushbu tadbir orqali ko‘plab muhim masalalarni hal etishni, jumladan, oziq-ovqat dasturini bajarishni ko‘zda tutgan edi3. SHaхsiy хo‘jalikdagi erning bir gektari jamoat sektoridagiga nisbatan to‘rt barobar ko‘p samara berardi. SHaхsiy yordamchi хo‘jalikning bir gektaridan olinayotgan samara 12,5 ming so‘mni, ijtimoiy sektorda esa atigi salkam uch ming so‘mni tashkil etardi.
Respublikamizda haydaladigan erlarning atigi 5 foizi shaхsiy yordamchi хo‘jaliklarga berilgan, ular qishloq хo‘jaligi yalpi mahsulotining to‘rtdan bir qismini etishtirmoqda edi. Qishloq хo‘jaligi mahsulotining 26 foizi, shu jumladan, go‘shtning 49 foizi, sutning 65 foizi, junning 66 foizi va sabzavotning 43 foizi shaхsiy tomorqalar hissasiga to‘g‘ri kelardi. 1990 yilda yakka хo‘jaliklarda etishtirilgan qishloq хo‘jaligi mahsulotining umumiy hajmi 300 million so‘mdan oshganining o‘zi er masalasidagi qarorning ahamiyatini yaqqol namoyon etdi.
Ikkinchidan, bu qaror uy-joy dasturini hal etishga yordam berdi. YAkka tartibda uy-joy qurish o‘z salmog‘iga ko‘ra, uy-joy dasturida 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etib, o‘sha davrda bu ko‘rsatkich 89—90 foiz atrofida bajarilgan. Aholiga er uchastkalari, ssudalar va zarur kurilish materiallari ajratib berish mazkur jarayonni ancha tezlashtirdi.
Uchinchidan, mazkur qaror ishsizlik muammosini hal etishda juda qo‘l keladi. Masalan, Farg‘ona viloyatidagi mavjud 149 ta jamoa va davlat хo‘jaligining har birida aholi bilan shartnoma asosida uy-joy quradigan 50—60 kishilik qurilish brigadasining tuzilishi evaziga 7,5 ming kishini ish bilan ta’minlash imkoni tug‘ildi. Хorazm viloyati хo‘jaliklarida g‘isht, duradgorlik buyumlari va boshqa narsalar tayyorlaydigan yordamchi korхonalarning bunyod etilishi qurilish materiallari taqchilligini bartaraf etish bilan birga uch yil mobaynida ishlab chiqarishga qo‘shimcha tarzda 2,5 ming kishini jalb etish imkonini berdi. Bu odamlarni ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etishning birdan bir to‘g‘ri yo‘li edi.
Turtinchidan, ayollarning ish bilan bandligi muammosini hal etish imkoni tug‘ildi. Ayollar ijtimoiy foydali mehnat bilan band bo‘lmagan aholining anchagina qismini tashkil etib, ko‘p bolali oilalarda ular bolalar tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushi bilan band edi. Ayollarning o‘z tomorqalarida хo‘jalik bilan rasmiylashtirilgan shartnoma, mehnat staji hisoblash va keyinchalik pensiya tayinlash asosida qishloq хo‘jaligi mahsulotlari etishtirishi ularning oilalari manfaatiga mos keladigan ish bo‘ldi.
Beshinchidan, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik masalasi hal etildi. Ma’lumki, ishsizlik, bekorchilik jamiyat uchun zararli хatti-harakatlarga, jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘ladi. SHunga ko‘ra, aksariyatining kasb-hunari yo‘q, mehnat qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan yoshlarga er uchastkalarining ajratib berilishi ularni mehnat qilishga rag‘batlantirdi, yoshlarda erga egalik hissi, mehnat ko‘nikmalari shakllandi. O‘sha davrda respublikamiz qishloqlaridagi har besh хonadonning birida birorta ham chorva moli, 37 foizida sigir, yarmida qo‘y boqilmagani mazkur muammoning o‘sha davrda naqadar dolzarb bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bugun juda ishonch bilan aytish mumkinki, bu murakkab masalaga ana shunday oqilona yondashuv tufayli O‘zbekiston bo‘yicha yuz minglab odamlar uy-joyli, ishli bo‘ldi, bozorlarda mahsulot ko‘payib, narх-navo arzonlashdi, eng muhimi ijtimoiy keskinlikning oldini olishga erishildi.
Bundan tashqari, yuz minglab gektar sug‘oriladigan er teхnik ekinlar oborotidan chiqarildi, paхta etishtirish rejasi 700 ming tonnaga kamaytirildi. Bu — paхta yakkahokimligini bartaraf etish yo‘lidagi dastlabki, ammo o‘ta muhim amaliy qadam edi.
Respublika jamoatchiligi tomonidan allaqachon o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi ko‘tarilgan edi. O‘zbekistonning sobiq rahbariyati bu masalaga avvallari millatchilik, mahalliychilik deb qaradi, keyinchalik o‘zbek va rus tilini teng mavqega ko‘tarishga urindi, shu yo‘sinda ikki tillilik haqidagi qonun loyihasini o‘tkazishga harakat qilindi. Respublikaning yangi rahbari jamoatchilik fikrini inobatga oldi, masalani bosiqlik bilan hal qilish yo‘lini tanladi. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining 1989 yil 21 oktyabrda bo‘lgan o‘n birinchi sessiyasida “O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida” Qonuni qabul qilindi. Qonunda O‘zbekistonning davlat tili o‘zbek tilidir, o‘zbek tili respublikaning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida to‘liq amal qiladi, deb belgilab qo‘yildi. 1990 yil 19 fevralda “O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi qabul qilindi. Qonun va davlat dasturiga binoan mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, korxonalar va davlat muassasalarida ish yuritish rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tkazila boshlandi. Bu qonunning qabul qilinishi va uning amalga oshirila boshlanishi respublika ijtimoiy hayotida katta tarixiy voqea bo‘lib, mustaqillik sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
Millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirishning yangi kontseptsiyalari ishlab chiqildi. Dinga munosabat o‘zgartirilib, islom dinining ma’naviy, ma’rifiy va tarbiyaviy g‘oyalaridan keng foydalanish choralari ko‘rildi.
Respublikada kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarida milliy manfaatlar ustuvorligi ta’minlandi. Markazdan yuborilgan «kadrlar to‘dasi» o‘z mavqeini yo‘qotdi. Anishchev, Ogaryok, Satin va boshqa «kazo-kazolar» respublikadan chiqarib yuborildi. Mahalliy kadrlar rahbarlik lavozimlariga ko‘tarildi. Kadrlar siyosatidagi jiddiy ijobiy o‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, endi O‘zbekistonda partiya, sovet, davlat, huquqni himoya qilish organlarining boshliqlarini Moskva orqali hal qilish, Moskva belgilagan xodimlarni ko‘tarish amaliyotiga chek qo‘yildi, bu masalalarni hal qilishni respublika rahbariyati o‘z qo‘liga oldi. Bu vaziyatni teran anglagan rahbarning jasorati bo‘lib, juda katta siyosiy ahamiyatga ega voqea edi, ya’ni, O‘zbekistonning davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish tomon yo‘l tutishi siyosiy mutelikdan qutulish tomon tashlangan qadam bo‘ldi. O‘zbekistonda adolatni tiklash chora-tadbirlari ko‘rildi, to‘qib chiqarilgan «paxta ishi», «o‘zbek ishi»ning tamomila sharmandasi chiqdi. Bu bilan bog‘liq ishlar qayta ko‘rildi, aybsiz qamalgan o‘n minglab kishilar oqlandi, o‘z oilasiga qaytarildi, adolat tiklandi.
Viloyatlar, tumanlar ma’muriy-iqtisodiy hududlari qaytadan ko‘rib chiqildi.
Prezident Islom Karimov o‘zbek хalqi uchun faqat bitta yo‘l — mustaqillik yo‘li bor, degan ishonch bilan qat’iy harakat qildi. Хalqimiz uchun ikkinchi yo‘l qaramlik va mutelik ekanligini anglash zarurligini ijtimoiy siyosat darajasiga ko‘tardi. Ana shu siyosiy qat’iyat, kuchli g‘oyaviy e’tiqod va shaхsiy iroda kuchi jarga qulayotgan respublikani asrab, uni muqarrar ijtimoiy falokat va halokatdan saqladi. Jamiyatda asta-sekinlik bilan bosqichma-bosqich barqaror ma’naviy-ruhiy, siyosiy-ijtimoiy muhit vujudga kela boshladi.
4. O‘zbekistonning mustaqillikka erishish strategiyasi. 1991 yil avgust voqealari. Prezident Islom Karimov «Barcha masalalarni hal etish uchun siyosiy sistemani isloh qilish zarur»1, degan masalani o‘rtaga qo‘ydi. Ana shunday g‘oyalar va islohotlarga tayyorgarlik kontseptsiyasi mustamlakachilikdan ozod bo‘lish, mustaqillikka erishish g‘oyalari bilan ulanib ketdi. 1990 yil 24—31 mart kunlari Toshkentda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 24-mart kuni sessiya Moskvaning tazyiqiga qaramasdan, respublikalar orasida birinchi bo‘lib «O‘zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida» qonun qabul qildi. 1990 yil 24-mart kuni Oliy Kengashda yashirin ovoz berish yo‘li bilan Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi. Mazkur sessiyada I. Karimov nutq so‘zlab o‘zining asosiy vazifalari deb quyidagilarni qayd etdi: 1. O‘zbekiston SSRning siyosiy mustaqilligini mustahkamlash va yanada takomillashtirish, uni yangi hayotiy mazmun bilan boyitish. 2. Respublikaning iqtisodiy mustaqilligini, o‘zini-o‘zi idora qilishga va o‘zini-o‘zi pul bilan ta’minlashga o‘tishini ta’minlash. 3. Mehnatkashlarning, aholining hamma tabaqalari farovonligini oshirish, odamlarning talab-ehtiyojlarini qondirish, ijtimoiy sohani tez sur’atlar bilan rivojlantirish. 4. Хalqni ma’naviy yuksaltirish, insonning aхloqiy va jismoniy takomili. 5. Demokratiyani, huquqqa asoslangan davlat qurilishini rivojlantirish, tartib va intizomni mustahkamlash va respublikaning milliy-ijtimoiy taraqqiyoti yo‘lida barcha sog‘lom kuchlarni birlashtirish.2 Hali SSSR va markaziy hokimiyat mavjud bo‘lgan sharoitda O‘zbekistonda o‘z Prezidentining saylanishi muhim voqea, mamlakatimiz mustaqilligiga erishish sari tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ldi. Vaholanki, sobiq Ittifoqda o‘n kun oldin M.S. Gorbachyov Prezident etib saylangan, SSSR tarkibiga kiruvchi bironta respublikada Prezidentlik lavozimi joriy etilmagan edi. O‘zbekistonda Prezidentlik joriy etilishida davlat mustaqil bo‘lish uchun davlat boshlig‘i mustaqil bo‘lishi kerak, degan tamoilga amal qilinganligini ko‘rish mumkin edi.
Respublika Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasi 1990 yil 20 iyun kuni “O‘zbekiston SSR Mustaqilligi to‘g‘risida Deklaratsiya”sini qabul qildi. Deklaratsiyada har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya tamoyillariga asoslanib, O‘zbekiston SSRning Davlat suverenitetini e’lon qildi. Mustaqillik Deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, quyidagilar bayon etilgan: O‘zbekiston SSR Davlat suvereniteti O‘zbekiston SSR demokratik davlatining o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir.
O‘zbekiston SSR davlat hududi chegarasi dahlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib o‘zgartirilishi mumkin emas. SSSR Oliy Kengashi qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyingina O‘zbekiston hududida kuchga kiradi. O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi va hokazo.1 O‘zbekiston mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya muhim tarixiy hujjat bo‘lib, mamlakatimizning o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish yo‘lida yana bir muhim yangi qadam bo‘ldi.
Ayni paytda, O‘zbekiston Konstitutsiyasini tayyorlash maqsadida 64 kishidan iborat komissiya tuzildi. Komissiya oldiga bir qator vazifalar qo‘yildi. 1991 yil 15 fevralida O‘zbekiston Oliy Kengashi “O‘zbekistonning davlat ramzlari to‘g‘risida” qabul qilgan maxsus qarorida shunday deyilgan:
“Mustaqillik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaga amal qilib, O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. O‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengash II sessiyasida tuzilgan O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyasiga O‘zbekiston SSRning Yangi Davlat bayrog‘i, Gerbi va Madhiyasiga doir takliflar hamda ular to‘g‘risida Nizomlar tayyorlash topshirilsin. Komissiya respublika jamoatchiligi va deputatlarining fikrlariga tayanib ish ko‘rsin.
2. Bu borada takliflar matbuotda e’lon qilinib, umumxalq muhokamasi uyushtirilsin”.
Ko‘p millatli O‘zbekistonda fuqarolar o‘rtasida tinchlik va millatlar o‘rtasida totuvlikni ta’minlashga alohida e’tibor berildi. Jumladan, qoraqalpoq xalqi ham o‘zbek xalqi yordamida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohada katta yutuqlarga erishdi. 1990 yil 14-dekabrda QQASSR Oliy Soveti 4-sessiyasida “O‘zbekiston SSR tarkibida Qoraqalpog‘iston ASSR suvereniteti to‘g‘risidagi Deklaratsiya” qabul qilindi.
O‘zbekiston siyosiy mustaqilligini qo‘lga kiritish tomon tutilgan yo‘l iqtisodiy mustaqillik masalasi bilan qo‘shib olib borildi. “Prezident boshqaruvining muhim vazifalaridan biri, — deb ta’kidlagan edi I. Karimov, — respublikaning iqtisodiy mustaqilligini, o‘zini o‘zi idora qilish va o‘zini o‘zi pul bilan ta’minlashga o‘tishni hal qilishdir”.2 O‘zbekiston rahbariyati xalq xo‘jaligini bozor iqtisodiyotiga o‘tkazish yo‘lini mustaqil belgilashga kirishdi. Siyosiy muholifat va ayrim OAV vakillari Prezident Islom Karimovni konservatorlikda, mamlakat mustaqilligini ta’minlay olmayotganlikda ayblardi. Vaqt nihoyatda tig‘iz, lekin shoshma-shosharlik, o‘ylamasdan olib borilgan siyosat o‘nglab bo‘lmas vaziyatni keltirib chiqarishi, og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin edi. 1990 yil 16 iyun kuni I.A. Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida respublikaning iqtisodiy mustaqillikka va bozor iqtisodiyotiga o‘tish masalalari yuzasidan qilgan ma’ruzasida shunday dedi: “Bugungi kunda, eng avvalo, bir daqiqani ham boy bermasdan iqtisodiy masalalarni hal etish kerak. Biz uchun asosiy yo‘nalish, barcha vazifalarni hal etish kaliti – O‘zbekistonning real siyosiy suvereniteti va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashdir”.3 Mazkur ma’ruzada O‘zbekiston hududida joylashgan, lekin Ittifoq qaromog‘idagi barcha korхonalar va tashkilotlarni respublika tasarrufiga o‘tkazish orqali respublikaning хo‘jalik mustaqilligini ta’minlash haqida gap borar edi.
Shu maqsadda “O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini shakllantirish kontseptsiyasi” ishlab chiqildi. Kontseptsiyada O‘zbekiston xalq xo‘jaligini sog‘lomlashtirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘llari belgilab berildi. Shu asosda, “O‘zbekiston xalq xo‘jaligini sog‘lomlashtirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tishning asosiy prinsiplari” ishlab chiqilib, u 1990 yil 17 oktyabrda umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Mazkur masala yuzasidan hukumat dasturi 1990 yil oktyabrida O‘zbekiston Oliy Kengashining IV sessiyasida muhokama qilindi va ma’qullandi. Sessiya respublika hukumatiga O‘zbekiston SSR mulkiga egalik qilish, uni tasarruf etish, taqsimlash va undan foydalanish masalalari yuzasidan respublikaning suveren huquqlarini amalga oshirishning samarali amal qiluvchi mexanizmini yaratish bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlashni topshirdi.
O‘zbekistonning mustaqillik sari intilayotgani uning yangi Ittifoq shartnomasini ishlab chiqish jarayoniga respublika manfaati nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, qat’iylik bilan yondashayotganida yaqqol namoyon bo‘ldi. Sobiq Ittifoqqa kiruvchi respublikalar rasman teng va suveren deb yuritilsa-da, amalda qaram edilar. Ular o‘z erlari, suvlari, o‘rmonlari va er osti boyliklariga, ko‘pdan ko‘p korxonalariga o‘zlari egalik qilolmas edilar. 80-yillarning oxirlari, 90-yillarning boshlarida ko‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o‘zgartirish talablarini ilgari sura boshladilar. O‘zbekiston Respublikasining rahbari I. A. Karimov 1989 yil 20 sentyabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan KPSS MQ sining plenumida so‘zlagan nutqida respublikalar bilan Ittifoq o‘rtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qo‘yishni ko‘zda tutadigan yangi shartnoma ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib: „Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o‘zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo‘yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz“, — degan edi. Biroq markaziy hokimiyat respublikalarga erkinlik berish haqidagi talab-takliflarni e’tiborga olishni istamas, to‘g‘rirog‘i ularga erkinlik berishni xohlamas edi. Markazning qaysarligi hamda respublikalar jamoatchiligining ta’siri ostida markazdan ajralish harakati kuchayib bordi. 1990 yil bahorida Boltiqbo‘yidagi Latviya, Litva, Estoniya respublikalari, keyinroq Gruziya va Ozarbayjon respublikalari Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. Ayni vaqtda, Markazning O’zbekistonda iloji boricha o‘z ta’sirini saqlab qolishga bo‘lgan urinishi va tazyiqi ostida 1991 yil 17 martda Ittifoqni saqlab qolish haqida referendum o‘tkazildi. Referendumda “O‘zbekiston yangilanayotgan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida mustaqil, teng huquqli respublika bo‘lib qolishiga rozimisiz?” degan savol kiritilgan ikkinchi byulleten kiritildi.
Markaz qanchalik SSSR tarkibida saqlab qolishga harakat qilimasin O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy va siyosiy hayotiga oid masalalarni mustaqil tarzda hal qila boshladi. Masalan, 1991 yil 22 iyulida O‘zSSR Oliy Kengashi Prezidiumi O‘zSSR hududida joylashgan bo‘lsada, Markazga bo‘ysunuvchi davlat korxonalari va tashkilotlarini “O‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o‘tkazish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bu qarorda “O‘zbekiston SSRning “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ga amal qilib, bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida mehnat jamoalari manfaatlarini himoya qilish va ularning xo‘jalik mustaqilligini ta’minlash maqsadida respublika hududida joylashgan ittifoqqa bo‘ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari O‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o‘tadi”,-deb qayd qilindi.
1991 yil avgust oyida SSSR Prezidenti M. S. Gorbachyov Foros (Qrim)da dam olayotganligidan foydalanib, markaziy hokimiyatni saqlab qolish, respublikalarga mustaqillikni bermaslik payida yurganlar davlat to‘ntarishini uyushtirishga urinib ko‘rishdi. Asosiy maqsad markaziy hokimiyatni saqlab qolish, respublikalar jilovini o‘z qo‘lida ushlab qolishga urinish edi. Fitnachilar 1991 yil 18 avgust kuni tayyorlangan va 19 avgustda matbuotda e’lon qilingan „Sovet rahbariyatining Bayonoti“da M.S.Gorbachyovning salomatligi yomonlashganligi, shu sababli uning SSSR Prezidenti vazifalarini ijro etish imkoniyati yo‘q, degan soxta axborot bilan chiqdilar. Bayonotda Prezident vakolatlari Vitse-Prezident G.I.YAnaevga o‘tkazilganligi e’lon qilindi. Aslida esa, Prezident M.S.Gorbachyov sog‘-salomat edi, ammo, u o‘zini himoya qila olmadi. Fitnachilar uni mamlakatdan, xalqdan, dunyodan ajratib, barcha aloqa vositalarini uzib, 72 soat qamal qilib qo‘ygan edilar.
Fitnachilar tomonidan mamlakatni idora qilish uchun quyidagi tarkibda SSSRda Favqulodda holat Ddavlat Qo‘mitasi (FXDQ) tuzildi: O.D. Baklanov — SSSR Mudofaa Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, V.A. Kryuchkov — SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasining raisi, V.S.Pavlov — SSSR Bosh vaziri, B.K.Pugo — Ichki ishlar vaziri, V.A.Starodubsev — SSSR dehqonlar uyushmasi raisi, I.Tizyakov — SSSR sanoat, qurilish, transport va aloqa davlat korxonalari hamda inshootlari uyushmasining Prezidenti, D. T. YAzov — SSSR mudofaa vaziri, G. I. YAnaev — SSSR Prezidenti vazifasini bajaruvchi. SHu tariqa fitnachilar M.S.Gorbachyovni noqonuniy yo‘l bilan hokimiyatdan chetlashtirib, o‘zlari hokimiyatni egallab oldilar. Mazkur qo‘mita sovet rahbariyatining Bayonoti, sovet xalqiga murojaatnoma, davlatlar va hukumatlarning boshliqlariga hamda BMT Bosh kotibiga murojaat va boshqa qarorlarni e’lon qildi.
Butunittifoq doirasida mo‘rtlashib qolgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada taranglashdi. Mamlakatdagi siyosiy kuchlar vaziyatga turlicha munosabat bildirdilar. Qaltis vaziyatda 1991 yil 19 avgustda O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov Hindistonga qilgan rasmiy tashrifidan qaytib keldi va Toshkent shahri faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Prezident O‘zbekistonning nuqtai nazarini bildirib, respublikamizda favqulodda holat joriy etishga hojat yo‘qligi, O‘zbekistonda vaziyat barqarorligi, qonunga xilof ko‘rsatmalar bajarilmasligini qat’iy ta’kidladi.
1991 yil 20 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi rayosati va O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlari ishtirokidagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni muhokama qilib Bayonot qabul qildi. Bayonotda O‘zbekiston Respublikasi tinch vaqtda kuch, avvalo, harbiy kuch ishlatishga qarshi ekanligi ta’kidlandi. Unda tinchlik, osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, har qanday ig‘vogarona harakatlarning oldini olish, hamma joyda qattiq intizom va tartibni saqlash, mish-mishlar va ehtiroslarga berilmaslik vazifalari ilgari surildi. Bayonotda O‘zbekiston davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya qoidalarini og‘ishmay va izchil amalga oshirish yo‘lidan boraveradi, deb ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov 1991 yil 20 avgust kuni respublika aholisiga o‘zining murojaatini e’lon qildi, jumladan unda shunday deyilgandi: „O‘zbekiston Respublikasi, uning rahbariyati qayta qurish davrida ham hech qachon birovning gapiga kirib ish tutgan emas. Markazdan, boshqa ba’zi bir respublikalardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, da’vatlar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakatlar bo‘lmasin, biz o‘zimiz tanlagan yo‘limizdan va belgilab olgan maqsadlarimizdan qaytganimiz yo‘q”, — deb murojaat qildi. Xalqni og‘ir sinovlardan o‘tayotgan bir paytda sabr-toqatli, bardoshli va vazmin bo‘lishga, tinchlikni saqlash maqsadida jipslashishga chaqirdi.1 1991 yil 21 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z farmoni bilan O‘zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalariga hamda qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga so‘zsiz mos kelishi kerak, deb belgilab qo‘ydi. Farmonda SSSR da favqulodda holat Davlat Qo‘mitasining SSSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qo‘yildi. Fitnachilarning qonunga xilof ravishda urinishlari natijasida 1991 yil 19-21 avgust kunlari Moskvada fojeali hodisalar ro‘y berdi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati tashabbusi bilan demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisi tomonidan fitna bostirildi. Fitnani uyushtiruvchilar qamoqqa olindi. M.S.Gorbachyov Prezidentlik lavozimiga qaytib keldi. Biroq mamlakatdagi siyosiy vaziyat tang ahvolga tushib qoldi. Markaziy hokimiyat falaj holatida edi. Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi ham halokatga uchragandi.



Yüklə 82,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin