2-mavzu Tirik organizmlar to‘g‘risida ta’limot. Hayotning shakll
Sitoplazmaning tuzilishi va fiziologik ahamiyati Sitoplazma hujayraning asosiy qismi bo‘lib, u plazmatik membranalar bilan yadro o‘rtasida joylashadi. Sitoplazma – geoloplazma yoki asosiy plazma va unda joylashgan organoidlardan iborat. Sitoplazma va uning qismlari doimo harakatda bo‘ladi. Hujayrada bo‘ladigan barcha modda almashinish jarayoni (metabolizm) sitoplazmada o‘tadi. Faqatgina nuklein kislotalarning sintezi yadroda bo‘ladi. Hayvonlar hujayrasida sitoplazmaning ikki qavati – ektoplazma (unda granlar va ko‘pchilik organoidlar bo‘lmaydi) va ichki qavat - endoplazma (bunda har xil organoidlar, granlar) bo‘ladi. O‘simliklar hujayrasi sitoplazmasida eng muhim organoidlardan biri - plastidalar ham bo‘ladi.
Sitoplazmaning asosiy qismlaridan biri sitozol yoki asosiy moddasi hisoblanadi. Sitoplazmaning eriydigan qismi sitozol (tiniq modda) bo‘lib, uning tarkibida biomolekulalardan tuzlar, qand moddalari, aminokislotalar, yog‘ kislotalari, nukleotidlar, vitaminlar va erigan gazlar, yuqori molekulali oqsillar va RNK moddasi kolloid eritma holida bo‘ladi.
Sitozolda ba`zi bir modda almashinish jarayonlari, jumladan glikoliz, yog‘ kislotalar, nukleidlar va ba`zi bir aminokislotalarning sintezi ham bo‘lib turadi.
Sitoplazmada aniqlangan muhim organoidlardan biri bu endoplazmatik retikulumdir. U 1945 yilda K.Porter tomonidan kashf qilingan bo‘lib, bir-birlari bilan birlashib ketgan kichik yassi kanallar, bo‘shliqlar sistemasidan iborat. Endoplazmatik to‘r membranasining qalinligi 5-7 nm. Ayrim joylarda yadro membranasi bilan birlashib ketgan. Endoplazmatik to‘rlardan mikrotanachalar, o‘simliklarda esa vakuol hosil bo‘ladi.
Endoplazmatik to‘rning tashqi membranasida ribosomalari bo‘lsa - granulyar va ribosomalari bo‘lmasa - endoplazmatik to‘rlarni agronulyar yoki silliq endoplazmatik to‘r deyiladi. Granulyar endoplazmatik to‘rlar o‘z membranasida joylashgan ribosomalar sintez qilgan oqsillarni tashishda ishtirok etadi. Agronulyar endoplazmatik retikulumning asosiy vazifalaridan biri lipidlarni sintez qilishdir. Masalan, ichak epiteliysidagi silliq endoplazmatik to‘r ichakda so‘rilgan yog‘ kislotalari va glitserinda lipidlarni sintez qilib, keyin ularni eksport qilish uchun Goldji apparatiga o‘tkazadi.
Ribosomalar. Ribosomalar diametri 20 nm keladigan kichik organlar bo‘lib, hujayrada juda ko‘p miqdorda uchraydi. Masalan, bakteriya hujayrasida ularning miqdori 10000 gacha etsa, eukariot o‘simliklarda u bir necha bor ko‘p bo‘ladi. Ribosomalarda oqsillar sintezi bo‘ladi. Ribosomalarning ikkita asosiy tipi bo‘lib, birinchisi 7OS, ikkinchisi esa 8OS ribosomalar deb ataladi. 7OS ribosomalar asosan prokariot organizmlarda, biroz kattaroq bo‘lgan 8OS ribosomalar esa eukariot organizmlar sitoplazmasida bo‘ladi. SHunisi qiziqki, mitoxondriylar va xloroplastlar tarkibida ham 8OS bo‘ladi. Bu esa xujayra organellalari bilan prokariot hujayralar o‘rtasida qarindoshlik bo‘lishi mumkinligini bildiradi.
Ribosomalar tarkibida taxminan bir hajmda RNK va oqsillar miqdori bo‘ladi. Ribosomalar tarkibidagi RNK – ribosom RNK (rRNK) deyiladi. Ribosom RNK (rRNK) yadrochada sintez bo‘ladi.
Oqsillarni sintez qilishda rRNKdan tashqari informatsion RNK (iRNK) va transport RNK (tRNK) ham ishtirok etadi.
Erkin uchraydigan ribosomalar bilan bir qatorda, bir nechta birlashgan ribosomalar ham bo‘lib, ularni poliribosomalar yoki polisomalar deb ataladi.
Goldji apparati. Bu organoidni birinchi bo‘lib 1898 yil Italiyalik olim Kamillo Goldji kashf qilgan. Biroq, uning batafsil tuzilishini faqatgina elektron mikroskop kashf etilgandan keyingina o‘rganish mumkin bo‘ldi. Bu organoid hamma eukariot organizmlarda bo‘lib, yassi ikki tomoni kattalashgan xaltachalar yoki sisternalar ustunchasidan iborat.
Goldji apparatining vazifalaridan biri – hujayradagi moddalarni bir hujayradan ikkinchi hujayraga o‘tkazishdan iboratdir. Ayniqsa bu ajratuvchi hujayralarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Goldji apparati ba`zan uglevodlarni, jumladan o‘simliklar hujayrasi po‘stining materiallarini hosil qilishda aktiv ishtirok etadi.
Rosyanka (Drasera) va jiryanka (Pindicula) nomli hashoratxo‘r o‘simliklar barglarining ajratuvchi tuklarida Goldji apparati yordamida yopishqoq moddalar va fermentlar ishlab chiqariladi ana shular yordamida bu o‘simliklar hashoratlarni hazm qiladilar. Ba`zan, Goldji apparati lipidlarni tashishda ishtirok etadi. Bu organoidning yana bir muhim funksiyalaridan biri lizosomalarni shakllantirishdir.
Lizosomalar. Lizosomalar Lisis - parchalanish va soma – tanalar) ko‘pchilik eukariotlarda bo‘lib, ayniqsa hayvonlar hujayrasida ko‘p uchraydi. Ular oddiy bir qavat membrana bilan o‘ralgan bo‘lib, tarkibida oqsillar, nuklein kislotalar, polisaxaridlar va lipidlarni parchalay oladigan 40 ga yaqin fermentlar bo‘ladi. Uni 1955 yilda belgiyalik bioximik K.De Dyuv aniqlagan. Kattaligi 0,25 – 0,5 mk. lizosomalar hujayrada hazm qilish, ajratish va boshqa ba`zi funksiyalarni bajaradi. Hozir revmatizm, revmatoid, artrit, bir qancha jigar va buyrak kasalliklari, xavfli o‘smalar ham lizosomalar ta`siriga bog‘liq deb hisoblanmoqda. Lizosomalar tarkibida proteaza, nukleaza, lipaza, fosfotaza kabi fermentlar bo‘ladi.
Mikronaychalar - deyarli hamma eukariotlarda ichi bo‘sh silindrsimon tarmoqlanmagan organellalar bo‘lib, ular mikronaychalar deyiladi. Ular juda yupqa naychalar bo‘lib, diametri 24 nm ni tashkil etadi. Ularning devori tubulin oqsilidan tashkil topgan, qalinligi 5 nm. bo‘ladi. Uzunligi bir necha mikrongacha bo‘lish mumkin.
Mikronaychalarning asosiy komponenti tubulin oqsili bo‘lib, undan tashqari yana uning tarkibiga 20 ga yaqin har xil oqsillar kiradi. Interfazada hujayrada mikronaychalar butun bir to‘p sistemasini hosil qiladi. Bundan tashqari kipriklar, hivchinlar va sentriolalar tarkibida ham mikronaychalar bo‘ladi.
Mitoz va meyoz bo‘linishda ikki tomonga xromosomalarning ajralishi, hujayra ichidagi moddalarning harakati organoidlarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishi, ajratish, hujayra po‘stining shakllanishi mikronaychalar ishtirokida ro‘y beradi. Ular kolxitsin va podofilotoksin ta`sirida osonlikcha parchalanadilar.