Madaniyatning ichki tuzilishi. Har qanday madaniyatning ichki tuzilishi uning amal qilish xususiyatlari bilan belgilanadi. Madaniyatning borlig‘i insoniyat tajribasini o‘zida mujssamlashtirgan alohida madaniy predmetlilikni yaratuvchi sub’ektning o‘ziga xos faoliyati bilan ta’minlanadi. SHundan kelib chiqib madaniyatning quyidagi muhim elementlarini farqlash mumkin:
madaniyatning asosiy funksiyasi - ajdodlar ma'naviy tajribasini saqlash, avloddan- avlodga o‘tkazish va o‘zlashtirishni amalga oshirish Bilan bog‘liq odamlar o‘rtasidagi aloqalar.
Madaniyat sub’ekti- individ (shaxs), ijtimoiy guruh yoki jamiyat. Madaniyat inson imkoniyatlarini, uning qobiliyatlari, uquv va ko‘nikmalarini ro‘yobga chiqarish sifatidagina shakllanadi va amal qiladi. U insonning ijtimoiy fazilatlari, aqli, irodasi, intilishlari, boshqa kishilarga va o‘z-o‘ziga, tabiat va jamiyatga bo‘lgan munosabatining yaxlit tavsifini aks ettiradi. Madaniyat - insonning ruhlantirilgan faoliyati; u insonning bilish qobiliyati, bilimi, estetik didi, irodasi, barkamollik va go‘zallik idealiga muvofiq bo‘lgan ijod qilish qobiliyatining rivojlanish darajasini tavsiflaydi. Ammo madaniyatli odamning bosh negizi axloqiylik hisoblanadi.
Madaniyat sub’ekti ayrim individ yoki ijtimoiy guruh bo‘lgani bois gruppaviy va individual madaniyatning turli-tuman shakllari farqlanadi. Gruppaviy madaniyat deganda milliy madaniyat, manzilgoh (kichik, katta shahar yoki megapolis, qishloq, shaharcha) madaniyati; sinf, kasbiy guruh va hokazolar madaniyati tushuniladi. Gruppaviy madaniyat muayyan omillar ta’sirida o‘zgaradi, uning yangi shakllari vujudga keladi. Masalan, hozirgi zamon jamiyatida ommaviy madaniyat va elitar madaniyat alohida o‘rin egallaydi.
Madaniy faoliyat.Madaniyat - inson dunyosi, faqat unga xos faoliyat usuli bo‘lib, uni amalga oshirish jarayonida odamzot o‘zi yaratayotgan narsalarga ruh baxsh etadi, tabiatni, o‘zi yashaydigan muhitni insoniylashtiradi. Madaniy faoliyat ongli va qadriyatlarga qaratilgandir. Unda me’yorlarga rioya qilish va ularda nisbatan mustaqillik, maqsadga muvofiqlik va noutilitarlik o‘zining uyg‘un ifodasini topadi. Madaniy faoliyat umuminsoniy ideallar va qadriyatlarni etnik yoki mintaqaviy shaklda aks ettiradi. Madaniyat jabhasida inson faoliyati uning ehtiyojlari bilan belgilanadi, lekin faqat ularga bog‘liq bo‘lmaydi. Unda maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan elementlar ham, ortiqcha unsurlar ham mavjud. Ortiqchalik tushunchasi madaniyat hodisalarida ularning ma’naviy mazmunini amalda gavdalantirish uchun talab etiladigan vositalarning zarur darajasidan ortiqroq elementlar mavjudligini anglatadi. Madaniyatda utilitar maqsadga muvofiqlik mezoni bilan o‘lchash mumkin bo‘lmagan muhim qadriyatlar yaratiladi. Garchi madaniyat biologik, fizik, ijtimoiy, texnik-iqtisodiy va boshqa shunga o‘xshash omillarga ta’sirchan bo‘lsa-da, ular madaniyatda o‘zining variativ, ko‘p ma’noli ifodasini topadi. Bu madaniyatda erkinlik hamda butunlay yangi predmetlilikni yaratish imkoniyatlari mavjudligidan dalolat beradi.
Madaniyatning o‘ziga xosligi shu bilan izohlanadiki, u teran shaxsiy mazmun kasb etadigan sub’ektiv taassurotlar uyg‘otadi. U hatto insonning oddiy madaniy universaliyalarga muvofiq qondiriladigan tabiiy ehtiyojlari darajasida ham namoyon bo‘ladi. Madaniyat inson ehtiyojlarini ruhlantiradi, ularga estetik tus beradi, aksariyat hollarda tabiiy ehtiyojning o‘zidan ancha uzoq bo‘lgan ramz-alomatlar bilan qurshab oladi. Madaniyat - ehtiyojlarni qondirishning o‘ziga xos insoniy usuli. Madaniyat me’yorlaridan chetga chiqish madaniyatsizlik belgisi hisoblanadi.